So'nggi yillarda ekstremistik va terrorchi guruhlar din niqobi ostida o'z harakatlarini "shar'iy" deb hisoblash orqali jamiyatda turli hil qarama-qarshiliklarni yuzaga keltirishga intilmoqda. Ular o'zlarini "mujtahid" deb e'lon qilgan holda necha asrlardan buyon musulmonlar jamoasi ergashib kelayotgan mazhab ta'limotlariga zid bo'lgan turli "fatvolar" ni chiqarmoqda. Bu esa, bir tomondan insonlarni adashib, noto'g'ri yo'llarga kirib ketishlariga sabab bo'lsa, ikkinchi tomondan jamiyatda o'zaro tushunmovchilik, adovat kayfiyatining paydo bo'lishiga zamin yaratmoqda.
Shunday ekan, Qur'on va sunnatga asoslangan holda musulmonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, inson kamolati va jamiyat farovonligi, ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyotni ko'zlab fatvo chiqarish alohida bilim va malakani talab etadi. Mo''tabar manbalarga ko'ra, arab tili, Qur'on va hadis ilmlari, fiqh va islom tarixini juda chuqur va mukammal biladigan mujtahidlargina shunday hukm chiqarish huquqiga egadir. Biroq tarix va zamonaviy voqelik dindan yovuz maqsadda ham foydalanish mumkinligini ko'rsatmoqda. Bunday harakatlar muqaddas islom dinidan foydalangan holda amalga oshirilgani va oshirilayotganini ham afsus bilan qayd etish lozim.
Ibrohimjon Qosimxo'jayev
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati