بسم الله الرحمن الرحيم
Allohga hamd, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga Allohning salotu salomi bo'lsin!
Sunnatni bizga sof holida etkazgan sahoba, ahli bayt va olimlardan Alloh rozi bo'lsin!
Salafu solihlar yo'lidan yurish, ularning ta'limotiga amal qilish eng sharafli maslakdir. Zero, ular bizdan ko'ra Allohning kalomi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yaxshiroq bilishgan.
Ming afsusklar bo'lsinki, so'ngi yillarda salaflar yo'lidan yurish da'vosi bilan ummat orasiga tafriqa soladigan toifalar chiqib qoldi. Ular o'zlarini salafiy deb atab, avom xalqni mazhabga ergashishdan qaytarmoqda.
Keling ularning ba'zi da'volarini ilmiy va mantiqiy tahlil qilib ko'ramiz. Zero, har bir da'voni ilmiy o'rganib, keyin uni qabul qilish dinimizning ta'limoti hisoblanadi.
Ular aytadi: «Alloh bizni birovning fikriga ergashib ibodat qilishga buyurmagan. Shuning uchun, mazhab imomiga ergashishimiz shart emas».
Bu da'volari Qur'on oyatlariga ziddir. Chunki Alloh taolo bilmagan narsalarimizni olimlardan so'rab, unga amal qilishga buyurib, shunday degan:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
«Bilmasangiz, zikr ahlidan (ya'ni olimlardan) so'rang». (Nahl, 43).
Ushbu oyatda Alloh taolo bizlarni olimlardan so'rashga va ular aytgan ko'rsatmaga amal qilishga buyurmoqda.
Yana boshqa bir oyatda, Qur'on va hadisdan hukm chiqara oladigan mujtahidlarga ergashishga targ'ib qilib shunday degan:
وَإِذَا جَاءَهُمْ أَمْرٌ مِنَ الْأَمْنِ أَوِ الْخَوْفِ أَذَاعُوا بِهِ وَلَوْ رَدُّوهُ إِلَى الرَّسُولِ وَإِلَى أُولِي الْأَمْرِ مِنْهُمْ لَعَلِمَهُ الَّذِينَ يَسْتَنْبِطُونَهُ مِنْهُمْ
«Qachonki ularga eminlik yoki haq to'g'risida bir ish – xabar etsa, uni har qayoqqa tarqaturlar. Agar uni Rasulga va o'zlaridan bo'lgan ishboshilarga havola qilganlarida edi, ulardan ishning negizini biladiganlari uni anglab etar edilar». (Niso, 83).
«Ishning negizini biladiganlar» deb tarjima qilingan so'z arab tilida istinbot deb nomlanadi. Ya'ni istinbot qila oladigan mujtahidlarga havola qilishsa, xato qilmagan bo'lishadi, deyilmoqda.
Demak, ijtihod qilish darajasiga etmagan har bir odam, garchi u arab tilini yaxshi bilib, oyat va hadislarning ma'nosini tushunsada, mujtahid imomga ergashishi shart.
Ularning yana bir da'vosi: «Bitta mazhabga ergashib ibodat qilishdan ko'ra, har bir mazhabdagi to'g'ri fikrlarni olib, ibodat qilamiz».
Ularning bu da'vosi kishini fosiqlikka olib boradi. Tasavvur qilib ko'ring, ayol kishiga qo'li tekkan kishining tahorati buzilish yoki buzulmasligi borasida, imom Shofeiy rahmatullohi alayhning «Tahorati buziladi», degan so'zini olmasdan, Abu Hanifa rahmatullohi alayhning: «Tahorati buzilmaydi», degan so'zini olsa, shuningdek, badandan qon chiqish masalasida imom A'zamning: «Tahorati buziladi», degan so'zini olmasdan, Shofeiyning: «Tahorati buzilmaydi», degan so'zini olsa, bunda inson o'ziga qulay yo'llarni qidirib, dinda fosiq bo'lib qolmaydimi?! Har bir mazhabdan terib, terib amal qilish talfiq ya'ni beqarorlik deyiladi. Bunday yo'lni tutgan inson haromni halolga, haromni halolga, makruhni, mubohga, mubohni makruhga chiqaradigan dini sust insonga aylanadi.
Chortoq tuman "Hazrati Usmon" masjidi imom xatibi
Nishanov Mansurhon manbalar asos tayyorladi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yurtimizning turli hududlarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari keng ko‘lamda davom etmoqda. Mazkur bosh g‘oya asosida masjidlar va qabristonlarda ham hasharlar tashkil etilib, hududlar tartibga keltirilmoqda.
Xususan, masjidlar atrofi, qabristonlar va ularga tutash hududlarda tozalash, obodonlashtirish, daraxtlarni parvarishlash hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bunday xayrli ishlar yurtimiz obodligiga hissa qo‘shish, muqaddas maskanlar va ajdodlar xotirasini e’zozlash, jamiyatda o‘zaro hamjihatlik va birdamlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yagona Vatan — yagona xalq!
Yangi hayot va yangi kelajak sari birgalikda!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati vakilligi Matbuot xizmati