Saudiya Arabistoni Moliya vazirligining Loyiha boshqaruvi boshqarmasi rahbarligida quyi davlat tashkilotlari bilan kelishilgan holda Ka'bani davriy ta'mirlash va texnik xizmat ko'rsatish ishlari o'tgan shanba kunidan boshlandi. Bu haqda “IQNA” sayti “al-Yavma-7” nashriga tayanib xabar berdi.
Mazkur ta'mirlash Ka'bani doimiy parvarish qilish va uni eng yaxshi holatda saqlashni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Saudiya Arabistoni OAVlarining yozishicha, Ka'bada davriy texnik xizmat ko'rsatish va ta'mirlash ishlari Saudiyaning yuqori martabali mutasaddilari nazorati ostida amalga oshiriladi.
Mamlakat Moliya vazirligining Loyiha boshqaruvi boshqarmasi masjid-muassasa rivojiga mas'ul bo'lgan elita xodimlari ishtirokida eng so'nggi texnologiya va yuqori xalqaro standartlardan foydalangan holda Ka'bani davriy ta'mirlash ishlarini olib boradi.
Mazkur idora “Masjid al-Harom” va “Masjid an-Nabaviy” ning rivojlanish rejalarini nazorat qilish uchun mas'ul. Oldingi ta'mirlash ishlari 2019 yilda amalga oshirilgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.
Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.
Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.
“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.
Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.
“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.
Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.
Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.
Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati