Hadis sharhi
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qaza'dan qaytardilar. Men Nofe'ga: “Qaza' nima?” dedim. U: “Yosh bola boshi (sochining)ning bir qismini olib, bir qismini qoldirish”, dedi» (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ummatni qaza'dan, ya'ni sochning ba'zisini olib, ba'zisini qoldirishdan qaytardilar. Abu Dovud “Sunan”ida: “Sochning hammasi olinadi, undan biror narsa tark qilinmaydi. Ba'zisi qisqartirilib, ba'zilari qoldirilmaydi. Sochni qaza' ko'rinishida olish tabiiy xilqatni o'zgartirish hisoblanadi. Bu qaytarigan amaldir”, degan.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan qilingan boshqa rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga bir bola keltiriladi. Uning boshidagi ba'zi sochlari olingan, ba'zilari esa olinmagan edi. Shunda Rasululloh: “Soch olsangizlar, barchasini olinglar yoki tark qilsangizlar, barchasini tark qilinglar”, dedilar.
Agar zarurat bo'lmasa, qizlarning kichigini ham, kattasini ham sochi qirib olinmaydi. Boshda jarohat bo'lib, davolash uchun soch olsa, zarari yo'q. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hijomaga ehtiyoj sezdilar va ehromdaliklarida sochini oldirdilar.
«Ibn Umar roziyallohu anhumo: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qaza'dan qaytarganlarini eshitdim”, dedi. “Qaza' nima?”, dedim. Ubaydulloh bizga ishora qilib: “Agar bolaning sochini qirib olsangizlar ba'zi joylarini olib, ba'zi joylarini qoldirmanglar yoki boshning ikki yoni va old tomonini qoldirmanglar”, dedi.
Hazrat Ali roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ayollarning sochini qirib olishdan qaytarganlar”, dedi. Barcha hadislarda qaza' va uning kayfiyati, Alloh taolo erkaklarni undan qaytargani, sochlarni qirib olishi kerakligi haqida gapirdik. Bu masala atroflicha izohlandi. Ammo bu qaytariq ayollarga tegishli emas. Chunki ayollarga sochni qirib olish vojib emas. Sababi, soch ayollarga husn va ziynat qilib berilgan.
Soch – ayollar ziynatlanishida eng muhim narsa. Ayollar erlari uchun sochlarini asraydilar va turmaklab ziynatlanishadi.
To'rt mazhab ulamolari qaza' turli joylarda bo'lsa, makruh ekaniga ijmo qilganlar. Agar davolanish va shu kabi narsalar bo'lsa, joiz. Qaza'ning haromligiga kelsak, agar biror kishi u ishni o'zga dindagilarga yoki fosiqlarga taqlidan qilsa, harom bo'ladi. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim bir qavmga taqlid qilsa, u ulardandir”, deganlar.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim bir qavmga taqlid qilsa, u ulardandir. Ya'ni,tashqi ko'rinishda, kiyinishda, ba'zi amallarda ko'rinadi”, dedilar».
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Imon keltirgan zotlar uchun dillari Allohning zikriga va nozil bo'lgan haq (Qur'on)ga moyil bo'lish (vaqti) kelmadimi?! (Yana ular uchun) ilgari kitob ato etilgan, so'ngra (payg'ambarlaridan keyingi) muddat uzaygach, dillari qotib ketgan kimsalar (ya'ni, yahudiy va nasroniylar) kabi bo'lib qolmaslik (vaqti kelmadimi)?! Ularning ko'pi fosiq (itoatsiz)dirlar!” (Hadid surasi, 16-oyat).
Ibn Kasir rahimahulloh tafsirida bunday deyiladi: «...(Yana ular uchun) ilgari kitob ato etilgan, so'ngra (payg'ambarlaridan keyingi) muddat uzaygach, dillari qotib ketgan kimsalar (ya'ni, yahudiy va nasroniylar) kabi bo'lib qolmaslik (vaqti kelmadimi)?!..” Bu oyat asliy va far'iy masalalarda ahli kitoblarga o'xshashdan qaytarilganiga ishoradir».
Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Ummatim to o'zlaridan avvalgi zamonlardagilarga qarichma-qarich, ziro'ma-ziro ergashmagunlaricha Qiyomat qoim bo'lmaydi. Hatto ular zobbning uyasiga kirgan bo'lishsa, sizlar ham xuddi shunday unga kirasizlar”. “Yo Rasululloh, forslar va rumlarga o'xshabmi?” dedik. U zot: “Ular bo'lmay kim bo'lsin?!” dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Manbalar asosida
Dilfuza RAHIMOVA
tayyorladi.
Joriy yilning 10 may kuni Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov boshchiligida Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Yunus Ali Oxund” jome masjidida viloyatning shahar va tumanlari bosh imom-xatiblari, otinoyilar va hojilar ishtirokida Qo‘rg‘ontepa tumani xamda Xonobod shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan masjid imom-xatiblarining faodiyat samaradorligini oshirish yuzasidan sayyor seminar yig‘ilishi o‘tkazildi.
Dastavval seminar ishtirokchilari bo‘lgan shahar-tuman bosh imom-xatiblar, otinoyilar tomonidan o‘zlariga biriktirilgan xonadonlarga kirib, aholi bilan yuzma-yuz ko‘rishib, ularga ma’naviy va moddiy yordamlar ko‘rsatildi. So‘ng esa shahar-tuman bosh imom-xatiblari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado etib, namozga kelgan jamoatga ma’rifiy suhbatlar qilib berdilar.
Seminar yig‘ilishida esa notiqlar tomonidan Qo‘rg‘ontepa tumani xamda Xonobod shahridagi masjidlarning faoliyati haqida keng ma’lumotlar berilib, tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan imom-xatiblarning faoliyat samaradorligi oshirish bo‘yicha kerakli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, tumandagi Masjid imom-xatiblik faoliyatida namunali va faol mexnat qilayotgan imom-xatib viloyat bosh imom-xatibining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi.
Seminar yakunlangach esa, qozidomla boshchiligida masjid hududiga yaxshi niyatlar ila o‘n tup manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tkazildi.
Andijon viloyat vakilligi Matbuot xizmati