Mehribon va Rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
«(Ey Muhammad!) Rabbingiz “fil egalari”ni ne qilganini ko'rmadingizmi? (U) ularning makrlarini yo'qqa chiqarmadimi?! Ularning ustiga to'da-to'da qushlarni yubordi. (Ular) sopol toshlar bilan ularni otar edi. (Bas,) ularni (Ka'bani buzishga kelganlarni) eb (chaynab) tashlangan somondek qilib qo'ydi».
Fil voqeasi milodiy 570 yilda sodir bo'lgan.
Bu erda Alloh taolo “أَلَمْ تَرَ” (ko'rmadingizmi?) desa-da, mazmunan “Bilmadingizmi?” ma'nosi kelgan. Ibn Abbos bu jumlani “Eshitmadingizmi?” deb tafsir qilgan. Hitob Payg'ambar sollallohu alayhi va sallamga qilingan, hukmi esa umumiydir. “Men filning sohiblarini nima qilganimni eshitmadingizmi?” degan ta'kid bor.
Alloh taolo aytadi: “(U) ularning makrlarini yo'qqa chiqarmadimi?!” Ya'ni bekorga chiqarmadimi? Abdulmuttalib o'g'li Abdullohni ular qanday baloga yo'liqqanini bilish uchun jo'natishdi. Abdulloh borib qarasa, mayda toshchalar ularning jasadlarini ilma-teshik qilib tashlagan, barchasi halok bo'lgan edi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan eshitdim, u zot: “U osmon bilan er oralig'idagi qush bo'lib, uya qurib, (tuxumdan) bola ochadi”. Oysha onamiz roziyallohu anho: “Ular qaldirg'ochlarga o'xshardi”, degan. Said ibn Jubayr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “U tumshug'i sariq yashil qushdir”. Ba'zilar: “Tumshug'i oq edi”, deyishadi. Muhammad ibn Ka'b: “Ular tumshug'i va changalida tosh bo'lgan, qora rangli dengiz qushlaridir”, degan. Ikrima aytadi: “Ular abobil, ya'ni guruh-guruh qushlardir”.
“Sihoh” kitoblarida: “Sijjil toshlari bilan”, deb keltiriladi. Ba'zilar: “Do'zaxda pishirilgan loy-toshlardir, unda o'ldirilgan odamning ismi yozilgan”, deyishadi. Abdurrahmon ibn Abza esa “sijjil”dan maqsad “osmondan kelgan qushlar”, deydi.
Ikrima aytadi: “Qushlar toshni ularning ustiga uloqtirardi. Tosh no'xatdek, yasmiqdan kattaroq edi”. Ibn Abbos aytadi: “Birovining ustiga tosh tushsa, uning terisi kuyib qolardi. Bu chechak kasalligining birinchi ko'rinishi edi”.
Ibn Abbos aytadi: «“Ularni eyiladigan somondek qildi” oyati “Ularni doni eyilgan bug'doy po'stlog'idek qildi” ma'nosini anglatadi». .
Rivoyat qilinishicha, tosh ulardan birining ustiga tushsa, qornidagi hamma narsani chiqarib tashlagan. Shu sabab doni olib tashlangan bug'doy qobig'iga o'xshatilgan. Ibn Mas'ud aytadi: “Qushlar tosh otgan vaqtda Alloh shamolga amr qildi. Shamol toshlarga urilib, ularning shiddatini oshirib yubordi. Tosh tekkan kishi darhol halok bo'ldi. Faqat Kinda qabilasidan bir kishi tirik qolgan edi. U:
“Agar uni ko'rgan bo'lsang, bas, etar, Mug'ammisda biz ko'rgan azobni ko'rma”, deydi.
Fil surasining yana bir afzalligi shuki, unda Allohga tavakkal qilish bayon etilgan. Sura Allohning amrlariga amal qilganlarga rizq va madad berishini bilib, mo'minlarni iymonlarida sobit bo'lishga va Islom dinini yoyishda davom etishga da'vat qiladi.
Imom Qurtubiyning “al-Jome' li ahkamil Qur'on” tafsiri asosida
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Faxriddin HUDOYNAZAROV tayyorladi.
"Hidoyat" jurnalining 12-sonidan olindi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Baxtsizlik haddidan oshsa bilki, u tezda ketar,
Tun zulmati shiddatlansa unga nurli tong yetar.
Siz o‘z chiroyingiz bilan Quyoshdan ham go‘zalroq, xulq-atvoringiz bilan mushk-anbardan xushbo‘yroq, kamtarligingiz bilan to‘lin oydan balandroq va muloyimligingiz bilan mayin yomg‘irdan ham yoqimliroqsiz. Shunday ekan, iymon bilan go‘zalligingizda, qanoat bilan roziligingizda va satri avrat bilan iffatingizda bardavom bo‘ling.
Shuni bilingki, sizning bezaklaringiz tilla-kumush yoki olmoslar emas, balki, sahar vaqtidagi ikki rakat namozingiz, jaziramadagi Alloh uchun tutgan ro‘zangiz, faqatgina Alloh biladigan maxfiy sadaqangiz, xatolaringizni yuvadigan qaynoq ko‘z yoshlaringiz, joynamozdagi uzundan-uzoq sajdalaringiz hamda nafsingiz va shayton sizni yomonliklarga buyurgan vaqtdagi Allohdan qilgan hayoyingiz sizning haqiqiy zeb-ziynatingizdir.
Ustingizga taqvo libosini kiying, shunda kiyimlaringiz yamoqlangan bo‘lsada dunyodagi eng go‘zal ayol bo‘lasiz. Avratlaringizni berkiting, shunda oyoq kiyimsiz bo‘lsangizda dunyodagi eng chiroyli inson bo‘lasiz. O‘zingizni axloqsiz, fahsh ishlarga berilgan, behayo va jodugar ayollar hayotidan saqlang. Chunki ular haqiqiy baxtiqaro insonlardir.
Shu’la: Hayotingizdagi zulmat vaqtlarida o‘zingizgina ko‘nglingizda umid chiroqlarini yoqishingiz mumkin.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan