Sha'bon oyi – hijriy-qamariy taqvimning sakkizinchi oyi bo'lib, Rajab va Ramazon oylari o'rtasida joylashgan. Bu oy to'g'risida kelgan ma'lumotlarni o'rganib ko'rsak, asosiy urg'u Ramazon oyiga ruhan va jismonan tayyorgarlik ko'rishga qaratilganini anglaymiz. Bu oyda odatdagidan ko'proq nafl ro'za tutish, Qur'on tilovat qilish va tungi ibodatlarga mashg'ul bo'lishga targ'ib qilingan. Usoma ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Yo Allohning Rasuli, oylardan hech birida Sha'bon ro'zasidek ro'za tutganingizni ko'rmadim», dedim. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Bu bir oyki, odamlar undan g'aflatda qoladilar. U Rajab bilan Ramazonning orasida. Bu bir oyki, unda amallar Robbil olamiynga ko'tarilur. Men ham amalim ko'tarilayotganda ro'zador bo'lishni yaxshi ko'raman”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yilning hech bir oyida Sha'bondagidek ko'p ro'za tutmasdilar”(Imom Muslim rivoyati).
Tobe'in, Kufa shahrining faqihlaridan biri Habib ibn Abu Sobit Sha'bon oyi kirsa: “Bu qorilarning oyidir”, der edi.
Abu Sa'id al-Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz alayhissalom, “Kim Alloh uchun bir kun ro'za tutsa, Alloh taolo uning yuzini do'zaxdan etmish yillik (masofaga) uzoq qiladi” deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Sha'bon oyining o'n to'rtinchidan o'n beshinchiga o'tar kechasi “Baroat” kechasi deb nomlanadi. Ushbu tunda ko'plab osiy bandalarning tavbalari qabul bo'lib, gunohlari kechirilishi, rizqlar taqsimlanishi, bemorlar shifo topishi va undan boshqa fazilatlarga ega ekani borasida turli rivoyatlar bor. Ushbu rivoyatlar yakka holda zaif hadislar hisoblansada hamma sanadlarini jamlab, umumiy holda xulosa qilinsa, shariatimizga ko'ra ushbu kecha fazilatli va barakotli kecha hisoblanishi ma'lum bo'ladi. Shuning uchun ham Abul Alo Muhammad ibn Abdurrohman Muborakfuriy “Sha'bon oyi 15-tunining fazilat borasida bir qancha hadislar bor bo'lib, ularning majmuasi uning shariatda ishonchli asosi bor ekaniga dalolat qiladi”, degan (Tuhfatul ahvaziy. 3-juz, 365-bet).
Mashhur mujtahid olim Imom Shofe'iy rahmatullohi alayh bunday deganlar: “Bizga etgan xabarlarda aytilishicha besh kechada duo ijobat bo'ladi: juma kechasi, qurbon hayit kechasi, Ramazon hayiti kechasi, Rajabning birinchi kechasi va Sha'bon oyining yarmidagi kechasi”(Manba: Al-Umm. 1-juz, 264-bet).
Quyida bu borada kelgan ba'zi hadisi shariflarni keltirib o'tamiz: Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni kechalardan birida yo'qotib qo'ydim. So'ng u kishini izlab chiqdim. Qarasam, U zot Baqiy'da osmonga qarab turgan ekanlar: “Ey, Oisha, Alloh va Uning Rasuli sendan chetlashidan qo'rqdingmi?”, dedilar. “Siz ba'zi ayollaringiz yoniga borgansiz, deb gumon qiluvdim”, dedim. “Albatta, Alloh Sha'bonning yarmidagi kechada dunyo osmoniga tushadi va Kalb (qabilasi)ning qo'ylari juni adadidan ko'proq kishini mag'firat qiladi”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyati).
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh Sha'bon yarmidagi kechada qarab ko'rib jamiki maxluqotlarini mag'firat qilur. Magar mushrik va xusumatchi bundan mustasnodir”, dedilar (Imom Ibn Hibbon “sahihi”da, shuningdek, Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyat qilishgan).
Shuning uchun fuqaholarimiz ham baroat kechasini ibodat bilan bedor o'tkazishni mustahab amallardan sanaganlar. Bu haqda ibn Nujaym Misriy (vaf. 970/1563) rahmatullohi alayh bunday deganlar: “Ramazon oyining oxirgi o'n kunligini, ikki iydni, Zul hijjaning avvalgi o'n kunligini va Sha'bon oyining o'n beshinchi kechalarini bedor o'tkazish hadislarda vorid bo'lganidek mustahab amallardandir. “At-Targ'ib vat tarhib”da bu haqda batafsil tarzda zikr qilingan. Kechalarni bedor o'tkazish degandan murod uni ibodat ila o'tkazish tushuniladi” (Manba: “Al-Bahrur-roiq sharhi kanzid-daqoiq”).
Shuni ham alohida ta'kidlab o'tish lozimki, ba'zilar tomonidan baroat kechasida yuz rakatli namoz o'qishlishi, unda “Ixlos” surasini muayyan adadda o'qilishi kerakligi haqidagi gap-so'zlar asossiz ekanini ulamolarimiz ta'kidlashgan. Jumladan, Mulla Ali Qori rahimahulloh bu mavzuga to'xtalib bunday deganlar: “Bilginki, Sha'bon oyining yarmida yuz rakatli namozni har bir rakatida “Ixlos” surasini o'n martadan o'qib, ado etilishi, uning fazilati ko'p ekani borasida Daylamiy va undan boshqalarning rivoyati mavzu – to'qima hadislar ekani “Al-Laoli”da aytib o'tilgandir” (Manba: “Mirqotul mafotih”).
Alloma Abdulhay Laknaviy rahmatullohi alayh Baroat kechasi va undagi qilinadigan ibodatlar haqida bunday deganlar: “Qovliy, fe'liy hadislarning majmuasi orqali baroat kechasida ibodatni ko'paytirish mustahab ekanligi ma'lum bo'ladi. Kishi namoz o'qishi va boshqa ibodatlar qilishda ixtiyorlidir. Namoz o'qishni istasa, shariatda man' qilgan narsalarni ochiqcha ham, yashirin ham qilmaslik sharti bilan rakatlarning adadini va miqdori, kayfiyatini namoz o'quvchining o'ziga topshiriladi” (Manba: “Al-Aasaarul marfua fil axbaril mavzua”).
Demak, bundan ma'lum bo'ladiki, Baroat kechasi uchun biror xos ibodat tayin qilinmagan. Kimning kuchi va imkoni qaysi ibodatni ado etishga etsa o'shani amalga oshiraveradi. Ayniqsa, istig'for, tasbih, tahlil aytib zikr qilish, durudu salavotlar aytish, Qur'on karim tilovati yoki uni eshitish, hadis kitoblar mutolaa qilish maqsadga muvofiq. Shu bilan bir qatorda umumiy nafl namozlarni o'qish, Alloh taologa duolar qilib, hojatlarini so'rashi ulkan ajrlarga sazovor qiladi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati