Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Avgust, 2026   |   13 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:43
Peshin
12:25
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
26 Avgust, 2026, 13 Rabi`ul avval, 1448

Abu Hanifa rohmatullohi alayhning Allohdan qo'rquvlari

08.03.2022   1653   2 min.
Abu Hanifa rohmatullohi alayhning Allohdan qo'rquvlari

Yahyo ibn Sa'id Qattondan rivoyat qiladi: “Biz Abu Hanifa rohmatullohi alayh bilan birga o'tirib, u zotdan ilm olardik. Allohga qasamki, qachon u zotga qarasam, yuzlarida Allohdan qo'rqishlari bilinib turardi”.
Ibn Muborakdan rivoyat qilinadi: “Men Kufaga kelganimda, Kufa ahlining eng faqihi haqida so'radim. Menga ”Abu Hanifa” deyishdi. So'ngra Kufaning eng zohid kishisi haqida so'radim. Menga “Abu Hanifa” deyishdi. Keyin esa Kufaning eng taqvodor kishisi haqida so'radim. Yana menga “Abu Hanifa” deyishdi”.


Muvaffaq Makkiy Mis'ar ibn Kidomdan rivoyat qiladilar: “Abu Hanifa rohmatullohi alayh bilan birga ketayotgan edik. To'satdan bir yosh bolani ko'rmasdan turtib yubordilar. Shunda haligi bola: “Ey shayx! Qiyomatdagi qasosdan qo'rqmaysizmi?” dedi. Abu Hanifa rohmatullohi alayh o'sha zahoti qo'rquvga tushib, hushlaridan ketdilar. O'zlariga kelgach, u zotga: “Ey Abu Hanifa, bu go'dakning so'zi sizning qalbingizga buncha qattiq ta'sir qilmasa?!” dedim. Abu Hanifa rohmatullohi alayh: “U bola bu gapni Alloh tomonidan ilhomlanib aytdi, deb qo'rqaman” dedilar.


Hasan ibn Umora Abu Hanifa rohmatullohi alayhning janozalarini o'qib turib aytganlaridek, bu zot tunning barchasini namoz, duo va yig'lash bilan qoim qilardilar. Qirq yil boshlarini yostiqqa qo'ymadilar. O'ttiz yil ro'za tutdilar. “Allohdan qo'rqqin” deyilganda xushidan ketadigan inson haqida yana nima deyish mumkin?! Olimlar u zotni yaxshilik bilan eslar va u kishining yuzlarida Allohga nisbatan qo'rquv alomati bo'lganini ko'rganlarida ular ham beixtiyor Allohni eslashardi.

 

Abduhalim Qayumov Kosonsoy tumani "Imom Husayn" jome masjidi imom xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonda jahon xattotlar tanlovi 26 avgustda e’lon qilinadi

25.08.2026   9738   2 min.
O‘zbekistonda jahon xattotlar tanlovi 26 avgustda e’lon qilinadi

O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.

«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.

Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.

Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.

Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.

Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.

O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.

Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.

Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.

Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari