Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Avgust, 2026   |   13 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:43
Peshin
12:25
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
26 Avgust, 2026, 13 Rabi`ul avval, 1448

Yoshlarimizni yot g'oyalardan asraylik! ­

05.03.2022   1677   4 min.
Yoshlarimizni yot g'oyalardan asraylik! ­

Aqida masalasida yoshlar tafakkurini shaklantirish va yoshlarni hamda butun jamiyatning ma'naviyatini noto'g'ri aqidalardan himoyalash, bugungi kunda barchamizning dolzarb vazifamiz hisoblanadi. Ota-onalar o'z farzandlarining tarbiyasida bunga katta e'tibor berishlari kerak. Lekin ayrim ota-onalar bola tarbiyasida beparvolik qiladilar. Ular shaxsiy yumushlari, ko'cha-ko'ydagi ulfatlari, moddiy mablag' to'plashni birinchi o'rindagi vazifayu, oila a'zolarining axloqiy va ma'rifiy tarbiyalari bilan shug'ullanishni ikkinchi darajali ish o'rniga qo'yishadi.


O'tgan asrdagi mutafakkir olimimiz Abdulla Avloniy ta'biri bilan aytganda, “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”. Rasululloh (s.a.v) umrlarining oxirida o'zlaridan keyin zalolat yo'lidan boradigan etmish ikkita firqa paydo bo'lishidan ogohlantirgan edilar. Bu so'zlar o'tgan o'n to'rt asr davomida tasdig'ini topdi. Ana shu firqa va oqimlarning ayrimlari Islomning ilk asrlarida yuzaga kelgan bo'lsa, HH va HH1 asrlarda hizbut-tahrir, nurchilar, salafiylar, jihodchilar, takfirchilar va hijratchilar kabi o'nlab adashgan oqimlar paydo bo'lib, dunyo musulmonlari o'rtasida buzg'unchilik qilishyapti. Turli nizo va qonli to'qnashuvlar chiqishiga sabab bo'lmoqdalar.


Afsuski, so'nggi vaqtlarda yoshlarimizni turli yot g'oyalar bilan e'tiqodini buzib yo'ldan urishga qaratilgan harakatlarni guvohi bo'lmoqdamiz. Ayniqsa, go'yoki barcha musulmonlar hozir qurolli to'qnashuvlar ketayotgan mamlakatlarga “hijrat” qilishlari va qo'lida qurol bilan “jihod” qilishlari farz emish. Bunday soxta da'volarning puch ekanini tasdiqlash va aholini xususan, yoshlarni ulardan asrash maqsadida ushbu tushunchalarga izoh berib o'tsak. Yurtini, ota-onani tashlab, o'zga ellarda sarson-sargardon yurish, o'zi kabi manqurt shaxslar bilan birlashib, kindik qoni to'kilgan yurtiga qarshi qurol ko'tarish Islom ta'limotiga zid ish hisoblanadi.


“Hijrat” so'zi lug'atda biror narsadan ajrash, shariatda esa, Muhammad (sallallohu alayhi vasalam)ning Makkani tark etib, Madinaga borishiga qiyosan qo'llanilib, diniy ekstremizm oqim etakchilari tinch davlatda yashab kelayotgan yoshlarni xorijdagi jangarilarning lagerlariga jo'natib, “hijrat qilmagan dindan chiqadi, hijrat uchun musulmonga ota-onaning ruxsati shart emas”, kabi soxta  iddaolar bilan aldamoqda.


Abu Usmon Mujoshi' ibn Ma'sud rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasalam): “Makka fathidan keyin hijrat yo'q…”, deganlar. “Hijrat” haqida Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda: Rasululloh (sollallohu alayhi vasalam) “Qo'li va tili bilan o'zgalarga ozor bermagan kishi musulmondir. Alloh taolo man etgan narsalardan qaytgan kishi Alloh yo'lida hijrat qilgan kishidir”, deganlar. Ibn Umar (raziyallohu anhu)dan rivoyat qilgan hadisda esa Rasululloh (sollallohu alayhi vasalam) huzurlariga bir kishi kelib: “Ey, Allohning Rasuli, men ota-onamni yig'lagan holda tashlab, hijrat qilish uchun sizning huzuringizga keldim”, dedi. U zot (sollallohu alayhi vasalam) esa, “Ota-onang oldiga qaytib, ularni qanday yig'latgan bo'lsang, shunday kuldirgin”, deb javob berdilar. (Abu Dovud rivoyati).


Sayidimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasalam) va u zotdan keyin musulmon davlatlarini boshqargan xulafoi roshidinlar o'zga yurtlarda yashayotgan musulmonlarni hech qachon musulmon davlati hududiga ko'chib kelishlariga da'vat qilmagan va ularning o'z yurtlarida yashashini rad etmaganlar.


Alloh taolo barchalarimizni O'zining hidoyat yo'lida bardavom aylasin. Alloh taoloning to'g'ri yo'lidagi solih bandalari qatorida bo'lib, turli firqa, adashgan oqim va zalolat yo'llaridan barchamizni hifzu himoyasida saqlasin. Yaratganning O'zi kelajagimiz, orzu umidimiz bo'lmish yoshlarimizni turli yot g'oya va fikrlardan uzoqda qilib, ilmu ma'rifat, odobu axloq fazilatlari bilan ziynatlasin.

Aminjon ISMOILOV
Sirdaryo tumani bosh imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

25.08.2026   19203   5 min.
Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

Ba’zi shaharlarni kitobdan o‘qib tanimaysiz — ularni ko‘rish, his qilish, ko‘hna devorlariga boqish, tor ko‘chalaridagi tarix nafasini tuyish kerak. Buxoro dunyodagi ana shunday betakror, g‘aroyib shaharlardan biri hisoblanadi.

Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.

Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.

Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.

Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.

Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.

Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.

Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.

Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.

Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.

Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.

Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.

O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari