Aqida masalasida yoshlar tafakkurini shaklantirish va yoshlarni hamda butun jamiyatning ma'naviyatini noto'g'ri aqidalardan himoyalash, bugungi kunda barchamizning dolzarb vazifamiz hisoblanadi. Ota-onalar o'z farzandlarining tarbiyasida bunga katta e'tibor berishlari kerak. Lekin ayrim ota-onalar bola tarbiyasida beparvolik qiladilar. Ular shaxsiy yumushlari, ko'cha-ko'ydagi ulfatlari, moddiy mablag' to'plashni birinchi o'rindagi vazifayu, oila a'zolarining axloqiy va ma'rifiy tarbiyalari bilan shug'ullanishni ikkinchi darajali ish o'rniga qo'yishadi.
O'tgan asrdagi mutafakkir olimimiz Abdulla Avloniy ta'biri bilan aytganda, “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”. Rasululloh (s.a.v) umrlarining oxirida o'zlaridan keyin zalolat yo'lidan boradigan etmish ikkita firqa paydo bo'lishidan ogohlantirgan edilar. Bu so'zlar o'tgan o'n to'rt asr davomida tasdig'ini topdi. Ana shu firqa va oqimlarning ayrimlari Islomning ilk asrlarida yuzaga kelgan bo'lsa, HH va HH1 asrlarda hizbut-tahrir, nurchilar, salafiylar, jihodchilar, takfirchilar va hijratchilar kabi o'nlab adashgan oqimlar paydo bo'lib, dunyo musulmonlari o'rtasida buzg'unchilik qilishyapti. Turli nizo va qonli to'qnashuvlar chiqishiga sabab bo'lmoqdalar.
Afsuski, so'nggi vaqtlarda yoshlarimizni turli yot g'oyalar bilan e'tiqodini buzib yo'ldan urishga qaratilgan harakatlarni guvohi bo'lmoqdamiz. Ayniqsa, go'yoki barcha musulmonlar hozir qurolli to'qnashuvlar ketayotgan mamlakatlarga “hijrat” qilishlari va qo'lida qurol bilan “jihod” qilishlari farz emish. Bunday soxta da'volarning puch ekanini tasdiqlash va aholini xususan, yoshlarni ulardan asrash maqsadida ushbu tushunchalarga izoh berib o'tsak. Yurtini, ota-onani tashlab, o'zga ellarda sarson-sargardon yurish, o'zi kabi manqurt shaxslar bilan birlashib, kindik qoni to'kilgan yurtiga qarshi qurol ko'tarish Islom ta'limotiga zid ish hisoblanadi.
“Hijrat” so'zi lug'atda biror narsadan ajrash, shariatda esa, Muhammad (sallallohu alayhi vasalam)ning Makkani tark etib, Madinaga borishiga qiyosan qo'llanilib, diniy ekstremizm oqim etakchilari tinch davlatda yashab kelayotgan yoshlarni xorijdagi jangarilarning lagerlariga jo'natib, “hijrat qilmagan dindan chiqadi, hijrat uchun musulmonga ota-onaning ruxsati shart emas”, kabi soxta iddaolar bilan aldamoqda.
Abu Usmon Mujoshi' ibn Ma'sud rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasalam): “Makka fathidan keyin hijrat yo'q…”, deganlar. “Hijrat” haqida Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda: Rasululloh (sollallohu alayhi vasalam) “Qo'li va tili bilan o'zgalarga ozor bermagan kishi musulmondir. Alloh taolo man etgan narsalardan qaytgan kishi Alloh yo'lida hijrat qilgan kishidir”, deganlar. Ibn Umar (raziyallohu anhu)dan rivoyat qilgan hadisda esa Rasululloh (sollallohu alayhi vasalam) huzurlariga bir kishi kelib: “Ey, Allohning Rasuli, men ota-onamni yig'lagan holda tashlab, hijrat qilish uchun sizning huzuringizga keldim”, dedi. U zot (sollallohu alayhi vasalam) esa, “Ota-onang oldiga qaytib, ularni qanday yig'latgan bo'lsang, shunday kuldirgin”, deb javob berdilar. (Abu Dovud rivoyati).
Sayidimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasalam) va u zotdan keyin musulmon davlatlarini boshqargan xulafoi roshidinlar o'zga yurtlarda yashayotgan musulmonlarni hech qachon musulmon davlati hududiga ko'chib kelishlariga da'vat qilmagan va ularning o'z yurtlarida yashashini rad etmaganlar.
Alloh taolo barchalarimizni O'zining hidoyat yo'lida bardavom aylasin. Alloh taoloning to'g'ri yo'lidagi solih bandalari qatorida bo'lib, turli firqa, adashgan oqim va zalolat yo'llaridan barchamizni hifzu himoyasida saqlasin. Yaratganning O'zi kelajagimiz, orzu umidimiz bo'lmish yoshlarimizni turli yot g'oya va fikrlardan uzoqda qilib, ilmu ma'rifat, odobu axloq fazilatlari bilan ziynatlasin.
Aminjon ISMOILOV
Sirdaryo tumani bosh imom-xatibi
Iordaniyaning nufuzli “The Jordan Times” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada yozilishicha, tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, yetakchi ekspertlar va media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, ushbu forum dasturidan yalpi majlislar, media ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Uchrashuvlarda hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari va zamonaviy texnologiyalar, xalqaro media loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalar uchun jahon media sanoatining yetakchi vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media ishlab chiqarish va xalqaro axborot makonida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha tajriba almashadi.
Nashrda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga sayohat qilishadi. Safar doirasida mehmonlar Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, shaharning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkentda xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanadi. Mehmonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati