Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Tinchlik va xotirjamlik – oliy ne'mat

03.03.2022   2319   6 min.
Tinchlik va xotirjamlik – oliy ne'mat

Insoniyat yashash davomida ezgu maqsadlarga etish uchun doimo izlanadi va harakatda bo'ladi. Ezgu maqsadli inson orzu-umidini amalga oshirishi uchun eng katta tayanch tinchlik va osoyishtalik muhitidir.

Odatda tinchlik so'zi kishini bezovta qilmaslikni, holatlarning tinch va osoyishta, urush-janjalsizligini, hayot va turmush tizimini bir me'yorida bo'lishligini ifoda etadi. Oilada tinchlik va osoyishtalik hukm sursa, oila bardavom va mustahkam. El-yurtda tinchlik va osoyishtalik davom etsa, mamlakat taraqqiyoti, farovonligi, yurt ahlining turmushi obod bo'ladi. Bularni aks ettiruvchi muqaddas qadriyatlarimiz, milliy urf-odat va rasm-rusumlarimiz, dinimiz bevosita xotirjamlik silsilasiga uzviy bog'liqdir.

Insoniyatga, dov-daraxtga, chorva-molga, qurt-qumursqaga havodek zarur bo'layotgan tinchlik-xotirjamlik, osoyishtalikdan ham ziyoda, mo''tabar ne'mat yo'q.

Darhaqiqat, Alloh asrasin, oila va yurt notinch bo'lsa, to'y-tomosha, ko'ngilxushlik, hazil-mutoyiba, hayot lazzatini tasavvur qilib bo'lmaydi. Inson biror luqmani xotirjam yutmaydi, har qanday koshona uy-joy, mol-mulk, bola-chaqa inson tanasiga og'irlik qiladi. Aytishlaricha, notinchlik, urush sababidan oxirgi besh ming yilda uch milliarddan ziyod odam hayotdan ko'z yumgan.

Urushlar sababidan mehr-oqibat, insoniylik unutiladi, har qanday ezgu amallar, ulug' maqsadlar poyoniga etmaydi. Yer qanchalik keng bo'lmasin, shunchalar tor va ziq ko'rinishga mubtalo bo'ladi.

Demak, xotirjamlik, osoyishtalik ne'matini so'rashlikda dono xalqimiz nechog'lik to'g'ri va go'zal yo'l tanlagan. Muqaddas dinimiz dasturi bo'lmish Qur'on oyatlarida tinchlik-osoyishtalikka katta e'tibor qaratilib, Alloh taolo: “Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in'om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o'girib, o'z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag'allik kabi) biror yomonlik etsa, noumid bo'lur” (Isro, 83) deb, tinchlik-osoyishtalik to'g'risida marhamat qiladi.

Alloh taolo bandalarini o'zaro ittifoqlikda, ahillikda, tinchlik-omonlikda yashashga da'vat etib: “Agar mo'minlardan ikki toifa o'zaro urushib qolsalar, darhol ular o'rtasini isloh etingiz!” (Hujurot, 9) degan insonparvarlik tamoyilini yaratishga chaqiradi.

Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik barqarorligini ta'minlash yo'lida davlatimiz tomonidan katta ish olib borilayotgani bizning baxtimizdir. Shunga ko'ra, biz ham tinch, osoyishta va farovon hayotning qadriga etish, bu farovonlik, osuda turmushimizning barqarorligini ta'minlashlikda o'z hissamizni qo'shmog'imiz lozim. Bu orqali turmushimiz farovonligiga erishamiz.

Ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytilganidek, “Ikki eng aziz ne'mat boru, ko'plar buning qadriga etishmaydi, bular salomatlik va tinchlik-xotirjamlikdir” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati). Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro'y beradi.

Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Yaratgan Parvardigor Qur'oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ'ib qilishini, shaytoniy yo'llarga ergashmaslik lozimligini ta'kidlab, bunday deydi: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara, 208).

Islom dini inson uchun tinchlik va omonlik dinidir. Alloh taoloning ismlaridan biri “As-Salom”dir. Qur'on nozil bo'lgan kecha ham salom kechasidir. Bu haqda Alloh taolo kalomi sharifida: “U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir”, deydi (Qadr, 5).

Dinimizning tinchlikka bo'lgan e'tibori nechog'lik katta bo'lishi bilan bir qatorda bag'rikenglik uning negizidir. Inson o'zidagi ne'matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne'matdan o'zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanligini o'ylab ko'rish bilan his etadi.

Tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ilohiy ne'matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro'yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir.

Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga etib, shukrini ado etishlari, balki unga noshukrlik qilib putur etkazishdan ham saqlanishlari lozim. Zero, tinchlik va xotirjamlikning ulug' ne'matligi doimo kundalik xayriyatlarimizning boshida zikr qilinadi. Shuning uchun ham Payg'ambar alayhissalom, eng avvalo, inson dunyo va oxiratda tinch-omon bo'lishlikni so'rab, duo qilishlik to'g'risida Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ey, Parvardigor! Dunyo va oxiratda tinch va omonda qilgin” deb qilingan duodan ko'ra afzalroq duo yo'qdir”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Aynan shu mazmunni Anas roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: (Ey, Anas!) Alloh taolodan dunyo va oxiratda tinch va omonda bo'lishlikni so'ragin. Zero, senga dunyo va oxiratda tinch va omonda bo'lishlik berilsa, najot topibsan”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Shunday ekan, Yaratgandan bir-birimizga tinchlik, amniyat, xotirjamlik tilaylik!

Alloh taolo tinchlik-osoyishtaligimizni hamisha barqaror, yurtimizni tinch, mehnatsevar xalqimiz hayotini farovon aylasin!



Ulug'bek domla QOBILOV
Sirdaryo tumani «Ahmad ibn Malik»
jome masjidi imom-xatibi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Imom Buxoriy" ordeni — yuksak ehtirom ramzi!

28.08.2026   24944   2 min.

Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.

Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!

Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan  O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.

Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.

Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.

Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.

Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).

Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.

Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari