Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Najot faqat ilmdadir, halokat esa jaholatda

02.03.2022   1768   5 min.
Najot faqat ilmdadir, halokat esa jaholatda

Ilm olish dinimizda farz qilinib biror bir din ilm olishga Islom dinidek targ'ib qilmagan. Hamda Islom dini jaholatga qarshi ilm-ma'rifat bilan kurashishga buyurgan. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ilk bor “O'qi” deb nozil bo'lgan oyat so'zimizga dalil bo'la oladi. Ilmning kaliti o'qishdir.

Darhaqiqat, Alloh taolo ilm bilan insoniyatni jaholat zulmatidan Islom nuriga olib chiqdi. Islom dini ilmni iymonga tasdiq, amalga esa yo'lboshchi qilgan dindir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat bo'lgan hadisda: “Har bir musulmon kishiga ilm talab qilish farzdir”, — deganlar. Ibn Moja rivoyat qilgan.

Islom dini diniy va dunyoviy ilmga umumiy da'vat qilgan. Masalan, Zanjiy ibn Holid aytadi: “Bolalik paytimizda Zuhriyning huzuriga kirgan edik, u zot bizga: “Ilm talab qilinglar. Shunda siz dunyoni istasangiz unga etishasiz, oxiratni istasangiz ham unga etishasiz”, — dedilar”. Ammo  dinda faqih bo'lishga alohida urg'u bergan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kimga yaxshilikni iroda etsa, uni din ishida faqih qilib qo'yadi”, — dedilar. Bu hadis Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat bo'lgan. Muttafaqun alayh. Ushbu hadisga binoan ilm egalari ulug' fazilat egasi ekanliklari ma'lum bo'ladi.

Ulug' zotlardan biri: “Kimda-kim o'zining bilmasligini yashirib, ilm olishdan bosh tortsa yoki kasalini yashirib, davolanishdan bosh tortsa, u o'ziga o'zi xiyonat qilibdi”, — dedilar.

Islom dini insonning dunyo hayoti uchun lozim bo'lgan barcha ilmlarni o'rganishni farz darajasiga ko'targan dindir. Dunyoviy ilmlar farzi kifoya hisoblanadi. Bu ilmlar bilan mashg'ul bo'layotgan kishilar farz ibodatini bajaryapman degan niyatda mashg'ul bo'lishsa, dunyoviy manfaatlarni qo'lga kiritishdan tashqari, ulkan ajr-savoblarga ham erishadilar. Huddi shuningdek, turli ishlab chiqarish va sanoatga doir ilmlar ham farzi kifoyadir. Demak, hozirgi zamonda musulmonlar fan-texnika sohasida ham barcha daqiq ilmlardan kifoya qilish darajasida bilishlari zarur bo'ladi. Chunki davlatning kuch-qudrati, o'zga davlatlarga qaram bo'lib qolmasligi ilm-fanning rivoji va taraqqiyotiga bog'liqdir. Islom dinidagi  bu hukmlar ayol qizlarni ham chetlab o'tmagan. Chunki jamiyatning yarmidan ko'pini ayol-qizlar tashkil qiladi. Ularni ilmsiz qoldirish jamiyatni ilmsiz qoldirish demakdir. Ayniqsa, kelajak avlod tarbiyasi ayol-qizlarimizga bog'liqdir. Ular bilimli bo'lishsa, ular tarbiyalagan avlod ham bilimli bo'ladi. Ular odobli bo'lishsa, ular tarbiyalagan avlod ham odobli bo'ladi.

Rivoyatlarda kelishicha, bir kishi bir ulug' zotning huzuriga kelib: “Hazrat, mening bir o'g'lim va bir qizim bor. Ulardan har ikkisini o'qitishga qurbim etmaydi, faqatgina bittasini o'qitishga imkonim bor, qaysi birini o'qitay?”, — deb so'rabdi. Shunda u ulug' zot: “Qizingni o'qit, chunki u kelajakda farzand tarbiya qiladi. Agar o'g'lingni o'qitsang, bir kishini o'qitgan bo'lasan, ammo qizingni o'qitsang, butun bir jamiyatni o'qitgan bo'lasan”, — deb javob bergan ekan. Qanchadan-qancha allomalarni onalari tarbiyalagani hech birimizga sir emasdir.

 Biz farzandlarimizni, ayniqsa, qizlarimizning ta'lim va tarbiyasiga katta ahamiyat qaratishimiz lozimdir. Farzandlarimizga maktabga borib ta'lim olishning ibodat ekanini bildirishimiz kerak. Ustoz, o'qituvchi va murabbiylar ham o'zlariga yuklatilgan burch va mas'uliyatni yaxshi anglab, ta'lim va tarbiyani puxta olib borishlari kerak bo'ladi. Maktabda berilayotgan darslarni puxta o'zlashtirishga alohida e'tibor qaratish har bir ota-ona va ustozlarning mas'uliyatidir. Ularni o'z hollariga tashlab qo'yib, qayerda yurgani, kimlar bilan o'rtoqlashayotgani, nimalarga qiziqayotganidan ogoh bo'lmaslikning oqibati ayanchli bo'ladi. Alloh asrasin!

Jaholat bu – zulm va xavf-xatar ekan. Bundan qutilishning yagona yo'li esa, ilm olishdir. Demak, inson Faqat ilm bilan jaholatdan najot topadi. Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning mashhur so'zlaridan birida “Ilmdan boshqa najot yo'q va bo'lmagay!”, — deganlar. Dunyoda ham, oxiratda ham insonga ilmdan ko'ra ko'proq foyda keltiradigan narsa yo'q. Jaholatdan-da ko'ra zarar beruvchiroq narsa ham yo'q. Ali roziyallohu anhu: “Insonlarning eng qadri ozi – ilmi ozidir”, — deganlar. Ilmsizlik, jaholat insoniyatni halokatga olib borishi muqarrar. Inson ilm orqali oxirati va dunyosini obod qiladi. Alhamdulillah, yurtimizda barcha sohada kitoblar nashrdan chiqqan va chiqmoqda. Biz farzandlarimizni kitob o'qishga targ'ib qilaylik. Faqat internet bilan cheklanib, ilmni yuzaki o'rganmasdan, kitob mutolaasiga ham e'tibor qarataylik.

Farzandlarimiz ilm-ma'rifatli bo'lishida eng katta mas'ul biz ota-onalar ekanimizni zinhor unutmaylik!

Alloh taolo yurtimizni tinch-omon qilsin. Ilm va tarbiya yo'lida xizmat qilayotgan ustoz va murabbiylarimizni panohida asrasin!

 

Habibulloh ZOKIROV

Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Bir guruh diniy-ma’rifiy soha fidoyilariga "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishonlari topshirildi

28.08.2026   15313   2 min.
Bir guruh diniy-ma’rifiy soha fidoyilariga

27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan diniy-ma’rifiy sohada samarali mehnat qilib kelayotgan fidoyi yurtdoshlarimizni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.

Kirish nutqida mamlakatimizda mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, jamiyatda tinchlik-totuvlik, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan ulamolar, imom-xatiblar, mudarrislar va fidoyi xodimlarning munosib hissasi haqida alohida ta’kidlandi.

Tantanali tadbir davomida diniy-ma’rifiy sohada ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib, yurtimizda ma’naviy barqarorlikni ta’minlash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, aholi o‘rtasida ma’rifiy tushuntirish ishlarini olib borishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh fidoyi yurtdoshlarga "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.

Esdalik nishonlarini topshirish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduhalikov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zokirovlar ishtirok etdilar.

Taqdirlash marosimida ta’kidlanganidek, mazkur esdalik nishoni mamlakatimiz taraqqiyotiga, uning tinchligi va barqarorligiga, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlarga bildirilgan yuksak ehtirom va e’tirof ramzidir.

Tadbir yakunida taqdirlanganlar o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lidagi ezgu faoliyatlarini yanada sidqidildan davom ettirishlarini ta’kidladilar.

 Barcha mukofot sohiblarini samimiy muborakbod etamiz!

Mustaqilligimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari