Ilm olish dinimizda farz qilinib biror bir din ilm olishga Islom dinidek targ'ib qilmagan. Hamda Islom dini jaholatga qarshi ilm-ma'rifat bilan kurashishga buyurgan. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ilk bor “O'qi” deb nozil bo'lgan oyat so'zimizga dalil bo'la oladi. Ilmning kaliti o'qishdir.
Darhaqiqat, Alloh taolo ilm bilan insoniyatni jaholat zulmatidan Islom nuriga olib chiqdi. Islom dini ilmni iymonga tasdiq, amalga esa yo'lboshchi qilgan dindir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat bo'lgan hadisda: “Har bir musulmon kishiga ilm talab qilish farzdir”, — deganlar. Ibn Moja rivoyat qilgan.
Islom dini diniy va dunyoviy ilmga umumiy da'vat qilgan. Masalan, Zanjiy ibn Holid aytadi: “Bolalik paytimizda Zuhriyning huzuriga kirgan edik, u zot bizga: “Ilm talab qilinglar. Shunda siz dunyoni istasangiz unga etishasiz, oxiratni istasangiz ham unga etishasiz”, — dedilar”. Ammo dinda faqih bo'lishga alohida urg'u bergan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kimga yaxshilikni iroda etsa, uni din ishida faqih qilib qo'yadi”, — dedilar. Bu hadis Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat bo'lgan. Muttafaqun alayh. Ushbu hadisga binoan ilm egalari ulug' fazilat egasi ekanliklari ma'lum bo'ladi.
Ulug' zotlardan biri: “Kimda-kim o'zining bilmasligini yashirib, ilm olishdan bosh tortsa yoki kasalini yashirib, davolanishdan bosh tortsa, u o'ziga o'zi xiyonat qilibdi”, — dedilar.
Islom dini insonning dunyo hayoti uchun lozim bo'lgan barcha ilmlarni o'rganishni farz darajasiga ko'targan dindir. Dunyoviy ilmlar farzi kifoya hisoblanadi. Bu ilmlar bilan mashg'ul bo'layotgan kishilar farz ibodatini bajaryapman degan niyatda mashg'ul bo'lishsa, dunyoviy manfaatlarni qo'lga kiritishdan tashqari, ulkan ajr-savoblarga ham erishadilar. Huddi shuningdek, turli ishlab chiqarish va sanoatga doir ilmlar ham farzi kifoyadir. Demak, hozirgi zamonda musulmonlar fan-texnika sohasida ham barcha daqiq ilmlardan kifoya qilish darajasida bilishlari zarur bo'ladi. Chunki davlatning kuch-qudrati, o'zga davlatlarga qaram bo'lib qolmasligi ilm-fanning rivoji va taraqqiyotiga bog'liqdir. Islom dinidagi bu hukmlar ayol qizlarni ham chetlab o'tmagan. Chunki jamiyatning yarmidan ko'pini ayol-qizlar tashkil qiladi. Ularni ilmsiz qoldirish jamiyatni ilmsiz qoldirish demakdir. Ayniqsa, kelajak avlod tarbiyasi ayol-qizlarimizga bog'liqdir. Ular bilimli bo'lishsa, ular tarbiyalagan avlod ham bilimli bo'ladi. Ular odobli bo'lishsa, ular tarbiyalagan avlod ham odobli bo'ladi.
Rivoyatlarda kelishicha, bir kishi bir ulug' zotning huzuriga kelib: “Hazrat, mening bir o'g'lim va bir qizim bor. Ulardan har ikkisini o'qitishga qurbim etmaydi, faqatgina bittasini o'qitishga imkonim bor, qaysi birini o'qitay?”, — deb so'rabdi. Shunda u ulug' zot: “Qizingni o'qit, chunki u kelajakda farzand tarbiya qiladi. Agar o'g'lingni o'qitsang, bir kishini o'qitgan bo'lasan, ammo qizingni o'qitsang, butun bir jamiyatni o'qitgan bo'lasan”, — deb javob bergan ekan. Qanchadan-qancha allomalarni onalari tarbiyalagani hech birimizga sir emasdir.
Biz farzandlarimizni, ayniqsa, qizlarimizning ta'lim va tarbiyasiga katta ahamiyat qaratishimiz lozimdir. Farzandlarimizga maktabga borib ta'lim olishning ibodat ekanini bildirishimiz kerak. Ustoz, o'qituvchi va murabbiylar ham o'zlariga yuklatilgan burch va mas'uliyatni yaxshi anglab, ta'lim va tarbiyani puxta olib borishlari kerak bo'ladi. Maktabda berilayotgan darslarni puxta o'zlashtirishga alohida e'tibor qaratish har bir ota-ona va ustozlarning mas'uliyatidir. Ularni o'z hollariga tashlab qo'yib, qayerda yurgani, kimlar bilan o'rtoqlashayotgani, nimalarga qiziqayotganidan ogoh bo'lmaslikning oqibati ayanchli bo'ladi. Alloh asrasin!
Jaholat bu – zulm va xavf-xatar ekan. Bundan qutilishning yagona yo'li esa, ilm olishdir. Demak, inson Faqat ilm bilan jaholatdan najot topadi. Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning mashhur so'zlaridan birida “Ilmdan boshqa najot yo'q va bo'lmagay!”, — deganlar. Dunyoda ham, oxiratda ham insonga ilmdan ko'ra ko'proq foyda keltiradigan narsa yo'q. Jaholatdan-da ko'ra zarar beruvchiroq narsa ham yo'q. Ali roziyallohu anhu: “Insonlarning eng qadri ozi – ilmi ozidir”, — deganlar. Ilmsizlik, jaholat insoniyatni halokatga olib borishi muqarrar. Inson ilm orqali oxirati va dunyosini obod qiladi. Alhamdulillah, yurtimizda barcha sohada kitoblar nashrdan chiqqan va chiqmoqda. Biz farzandlarimizni kitob o'qishga targ'ib qilaylik. Faqat internet bilan cheklanib, ilmni yuzaki o'rganmasdan, kitob mutolaasiga ham e'tibor qarataylik.
Farzandlarimiz ilm-ma'rifatli bo'lishida eng katta mas'ul biz ota-onalar ekanimizni zinhor unutmaylik!
Alloh taolo yurtimizni tinch-omon qilsin. Ilm va tarbiya yo'lida xizmat qilayotgan ustoz va murabbiylarimizni panohida asrasin!
Habibulloh ZOKIROV
Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi.
26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumning “Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati” mavzusidagi uchinchi yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Sessiya doirasida Qur’oni karim merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, islom xattotligi, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro loyihalar taqdim etildi.
Xususan, “114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi”, “Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar”, “Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash”, “Sun’iy intellekt – qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti” loyihalari hamda “Yagona tarixiy meros sahifalari” loyihasi doirasida yaratilgan “Masjid” hujjatli filmi namoyish etildi.
Xalqaro muhokamalarda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, O‘mon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, islomofobiya va mavjud stereotiplarni bartaraf etishda medianing o‘rni haqida fikr almashdi.
Sessiya yakunida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha Xattotlar umumjahon tanlovi e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro mediaforumning asosiy tadbirlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilib, unda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspert hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili — media kompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati