Islom – inson qadri va taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan eng ezgu g'oyalar bilan yo'g'rilgan dindir. Biroq turli ekstremistik va terrorchi tashkilotlar o'zlarining g'arazli maqsadlaridan kelib chiqib, islom ta'limotining ayrim g'oya va tamoyillari mazmun-mohiyatini bir yoqlama, o'z manfaatlari yo'lida noto'g'ri talqin qilib, odamlarni hidoyat yo'lidan adashtirishga urinmoqda.
Alloh taolo O'z kalomi Qur'oni karimda buzg'unchi toifalardan ogohlagntirib shunday marhamat qiladi:
«Ularga: «Yer yuzida fasod (buzg'unchilik) qilmangiz!» - deyilsa, ular: «Albatta, biz chin islohchilarmiz», - deydilar. Ogoh bo'lingki, aynan ularning o'zlari buzg'unchilardir, lekin (buni o'zlari) sezmaydilar» (Baqara, 11-12).
«Biz islohotchilarmiz» deya iddao qilayotgan bunday oqimlar o'zlarining qarashlari va amaliyotiga qo'shilmaganlarni «adashganlar»ga chiqarmoqda. Bunday yondashuv va talqinlar zamarida jamiyatdagi ijtimoiy birlikka tahdid solish va ichki parokandalikni keltirib chiqarish maqsadi mavjudligini anglash qiyin emas, balki ularning asl maqsadi ham aynan shudir! Alloh taolo Qur'oni karimning Baqara surasi, 60 oyatida: «Allohning rizqidan eb-ichingiz, Yer yuzida buzg'unchilik qilmangiz!», degan xitobiga e'tibor qaratadigan bo'lsak, Imom Qurtubiy ushbu oyatning tafsirida: «Alloh tartib o'rnatilgandan keyingi har qanday buzg'unchi va vayronakorlikni uning katta yo kichikligidan qat'i nazar, harom qildi», deb, ta'kidlab keltiradilar.
Ekstremistik oqimlar o'zlarining manfur niyatlari va amaliyotlarini oqlash maqsadida muqaddas islom nomi bilan turli «fatvolar» berib kelmoqda. Masalan, ular buning uchun mutlaqo asosi bo'lmagan voqeani o'zlariga dalil qilib olishgan. Unga ko'ra, go'yoki, Toifga qorong'uda hujum qilingan, oqibatda ayollar va yosh bolalar ham halok bo'lgan, sahobalar buning hukmini Payg'ambarimiz alayhissalomdan so'raganlarida «Sizlarning maqsadingiz mushriklar edi, qorong'uda ajratish murakkab bo'lgani bois ular ham mushriklardandir» degan soxta hadisni asos qilib, jamoat transport vositalari (avtobus, poyezd va samolyot)ni olib qochish va begunoh odamlarni garovga olish mumkinligini uqtirishmoqda. Ammo Payg'ambarimiz alayhissalom Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda: «Darhaqiqat, sizdan oldingilarni o'zaro qon to'kishga va taqiqlangan ishlarni mumkin deb olishlariga ularning dinda chuqur ketishlari sabab bo'ldi», deydilar.
Afsuski, dinda chuqur ketish oqibati islom ulamolarining ko'rsatmalarini inkor qilishdan tap tortmaydigan, diniy birlik, aqidaviy yakdillika ochiqdan-ochiq tahdid tug'diruvchi, o'zaro nizolarga ko'milib ketgan guruhlarning paydo bo'lishiga g'oyaviy zamin yaratmoqda. Alloh buzg'unchilikni sevmasligini, bunday harakatlar islom dini ta'limotiga mutlaqo zid ekanini Qur'oni karimning «...Alloh buzg'unchilarning ishini isloh etmagay» (Yunus, 81), oyatidan ham ko'rishimiz mumkin.
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (xorijiylar haqida ogohlantirib): «Ular Qur'onni o'qiganda o'zlarining foydasiga deb o'ylaydilar, aslida esa u ularning zarariga yuradi», - dedilar».
Imom Muslim va Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: «Kimki rahmli bo'lmasa, u rahm qilinishdan mahrumdir».
Buzg'unchilik ishlarini din nomidan amalga oshirib, o'zlarining mudhish qilmishlari va jinoyatlari bilan nom qozongan xorijiylarning «Hukm faqat Allohnikidir», degan da'volariga qarshi Hazrati Ali roziyallohu anhu: «Haq so'z bilan botil iroda qilinibdi», deganlari esa, bugungi kundagi buzg'unchi toifalarning qilmishlariga va uning asosi hamda oqibatlariga ham kuchli raddiyadir.
Hasan Basriy rahmatullohi alayh esa: «Mo'min yaxshi ishlar qilsa ham, Allohdan qo'rqib turadi, munofiq esa yomon ish qilib turib, xotirjam yuradi», deganlari ham mo'min-musulmonlarga, insoniyatga besabab zarar va zulm qilish kishining kim ekani haqida xulosa beradi.
Imom G'azzoliy hazratlari esa: «mutaassiblar dindan foydalangan holda kishilarga hujum qiladigan katta yo'ldagi qaroqchilardir», deb ta'kidlaydilar.
Shuni alohida ta'kidlashimiz lozimki, bugungi kunda ham har bir shaxs taassubdan uzoq bo'lishi, buzg'unchilik va vayronkor g'oyalardan ogoh bo'lishi, Islom dini aqidalarini yaxshi bilishi, ularga amal qilishi va ular asosida ma'naviy himoyalanishi har doimgidek dolzarb bo'lib qolmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimi Akmalxon Ahmedov
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi