Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Missionerlik lotincha «missio» fe'lidan olingan bo'lib, «yuborish», «vazifa topshirish», miyesioner esa "vazifani bajaruvchi" degan ma'nolarni anglatadi. Umumiy ma'noda belgilangan vazifalarni hal qilishga qaratilgan nazariy va amaliy faoliyat majmuini bildiradi.
Missionerlik bir dinga e'tiqod qiluvchi xalqlar orasida boshqa bir dinni targ'ib qilishni anglatadi.
Missionerlik bilan bir qatorda prozelitizm haqida ham gapirishadi? Uning mohiyati nimada?
Prozelitizm to'g'ridan-to'g'ri biron bir dinga ishongan fuqaroni o'z dinidan voz kechishga va o'zga dinni qabul qilishga qaratilgan harakatlarni anglatadi. U o'z mohiyatiga ko'ra missionerlikning tarkibiy qismi hisoblanadi.
Prozelitizm keltirib chiqarayotgan salbiy oqibatlarni ayrim hayotiy misollarda ham ko'rish mumkin. Hususan, bizga qo'shni bo'lgan ayrim davlatlarda xristian dinini qabul qilgan kishilar vafot etganda jasadni qabristonga qo'yish bilan bog'liq muammolar kelib chiqmoqda. Mayitning musulmon ota-onalari o'z farzandlarini xristian mozoriga dafn etishni xohlamaganlari, musulmonlar esa xristian dini vakili jasadini o'z musulmon birodarlari yotgan joyga qo'yishni istamaganliklari natijasida kelishmovchiliklar yuzaga kelmoqda.
Shuningdek, xristian dinini qabul qilgan kishi o'z o'g'lini xatna qildirishni xohlamagani, uning otasi esa, o'z nabirasini musulmon urf-odatlariga ko'ra xatna qildirishni istagani tufayli ota-bola o'rtasida janjallar kelib chiqqani ham ma'lum.
Hristian yoki boshqa dinni qabul qilgan qizning turmushga chiqishi ham muammoga aylanmoqda. Oilada qizning ota-onasi musulmon. Albatta, ular o'z qizlarini musulmon kishiga turmushga chiqishini istaydilar. Ammo xristianlikni qabul qilgan qizga musulmon kishining uylanishi amri mahol.
Yuqoridagi kabi misollarni yana davom ettirish mumkin. Ammo shularning o'zi ham missionerlikning tarkibiy qismi bo'lgan prozelitizm harakatlari boshqa dinni qabul qilgan tub millat vakillari oilalarida nizolar va janjallarning avj olishiga hamda xristianlikning ayrim yo'nalishlari vakillariga nisbatan dushmanlik hissiyotlarining paydo bo'lishi orqali dinlararo nizolarning kelib chiqishiga zamin yaratishi mumkinligini yaqqol tasavvur qilish imkonini beradi.
Hristian missionerligi qanday g'oyaviy-aqidaviy asoslarga tayanadi?
Ma'lumki, xristianlikning ayrim yo'nalishlarida "Missionerlik har bir dindor uchun shart", – deb hisoblanadi. Iyso Masihning o'ziga 12 havoriyni tanlab olishi va ularni Isroilning qishloqlari bo'ylab da'vat qilish uchun yuborgani haqida Marqdan rivoyat qilingan "Injil"da keltirilgan quyidagi so'zlar bunday qarashlar uchun asos qilib olinadi:
"... 15. Iyso shogardlariga dedi: «Butun jahon bo'ylab yuringlar va hamma tirik jonga Injil Hushxabarini targ'ib qilinglar".
Bunday da'vat Mattodan rivoyat qilingan «Injil»da ham mavjud. Unda Iyso havoriylarga yaqinlashib, shunday degani qayd qilinadi:
"19. ...barcha xalkdardan shogird orttiringlar. Ularni Ota, O'g'il va Muqaddas Ruh nomi bilan cho'qintiringlar.
20. Men sizlarga buyurgan hamma narsalarga amal qilishni ularga o'rgatinglar...".
Yuqoridagi kabi chaqiriqlarni «Injil»dan yana ko'plab topish mumkin. Ammo missionerlar o'z faoliyatini tashkil etishda asosan qayd etilgan dalillarga tayanadilar.
Shu o'rinda adolat yuzasidan bir fikrni alohida qayd etish lozim. Ko'pchilik hollarda muayyan din doirasida shakllangan u yoki bu ko'rsatmalar, aqidalar konkret tarixiy shart-sharoit bilan bog'liq bo'ladi va o'z davri uchun to'g'ri hisoblanadi, Vaqt, sharoit o'zgarishi bilan o'zining birlamchi ahamiyatini yo'qotgan bunday ko'rsatmalar o'sha davrdagi tarixiy vaziyatni tushunish va baholashda qimmatdorlik kasb etadi. Missionerlar o'z faoliyati uchun asos sifatida "Injil"dan keltiradigan yuqoridagi so'zlar haqida ham shunday deyish mumkin. Zero, Iyso Masih tomonidan qilingan bunday da'vatlar ko'p xudolilik o'rniga yakka xudolikni targ'ib qilish bilan bog'liq edi. Bugungi kunda jahon aholisining mutlaq ko'pchiligi yakkaxudolikka asoslangan o'z dinlariga e'tiqod qiladi. Shunday ekan, qayd etilgan ko'rsatmalarni missionerlik bilan shug'ullanish uchun g'oyaviy asos qilib olish tarix haqiqatiga zid ekanini ta'kidlash zarur.
Missionerlar bunday faoliyatni Isoning o'zi boshlab bergan edi, deb ta'kidlashni xush ko'radilar. Ularning bunday da'volari nechog'lik to'g'ri?
Bunday qarashlar qachonlardir sodir bo'lgan tarixiy voqealarni g'araz maqsadlarda buzib talqin qilish hosilasidir. Missionerlar, odatda o'z qarashlarini asoslash uchun Lukodan rivoyat qilingan "Injil"da Iyso Masihning o'z shogirdlarini turli qishloqlarga yuborgani haqidagi quyidagi so'zlarni keltiradilar:
"6. Shogirdlar jo'nadilar. Kishloqdan-qishloqqa o'tib borib, hammayoqda Hushxabarni targ'ib qilar... edilar".
Aynan ushbu satrlarni missionerlar turli joylarga missionerlarni jo'natishni Iysoning o'zi boshlab bergan va ilk missionerlar havoriylar bo'lishgan edi, deb talqin qilishadi. Ammo Iyso Masihning bu davrdagi faoliyati faqat yahudiylargagina qaratilgan edi. Bu inkor etib bo'lmaydigan tarixiy haqiqat ekanini "Injil"dagi quyidagi so'zlarda ham ko'rishimiz mumkin:
"...5. Iyso bu o'n ikkovini jo'natib, buyruq berdi: «Majusiylar yo'liga oyoq bosmanglar va samariyaliklarning biron shahriga kirmanglar.
6. Aksincha, adashgan qo'ylarga o'xshagan Isroil xalqi oddiga boringlar".
Shuni alohida ta'kidlash zarurki, Iyso va uning shogirdlari tomonidan amalga oshirilgan da'vatlar Ierusalim (Quddus) shahri chegarasidan chiqmaganini ko'zga ko'ringan xristian tarixchilari ham e'tirof etadilar. Ammo zamonaviy missionerlar, ularning maqsadlariga xizmat qilmagani uchun, bunday fikrlarni bilib bilmaslikka olishga, tarixiy haqiqatdan ko'z yumishga harakat qiladilar.
Missionerlar xristianlikning Isroil hududidan tashqariga yoyilishini ham ilk missionerlar faoliyati bilan bog'lashadi. Shu to'g'rimi?
Noto'g'ri. Tarixchilar xristianlikning Quddus shahri chegarasidan tashqariga chiqishini 37 yilda xristianlarning quvg'in qilinishi bilan bog'laydilar. Quvg'inga uchragan xristianlar hozirgi Isroil hududining janubi va shimolida joylashgan qadimgi Iudeya va Samariya viloyatlari bo'ylab tarqab, hamma joyda o'z dinlarini targ'ib qila boshlaganlar. Bu voqea "Injil" tarkibiga kiruvchi «Havoriylar» kitobida quyidagicha aks etgan:
"4. Shu orada tarqalib ketganlar Injil Hushxabarini targ'ib qilib yurishdi".
Hatto Quddus cherkovining asosan xo'jalik ishlari bilan shug'ullanadigan, eng quyi – diakon (yunoncha – Shakopoz-xizmatchi) lavozimini egallagan xodimlari ham o'zlarining ma'muriy ishlaridan ajralib, mohir "xushxabarchi"larga aylandilar. Ulardan eng mashhuri «Da'vatchilarning otasi» nomini olgan diakon Filippdir. Aynan u Samariya o'lkasida faoliyat yuritgan, uning poytaxti Sebasta shahrida juda ko'plab kishilarni xristianlikka kiritib, ommaviy cho'qintirgan.
Shunday bo'lsa-da, diakon Filipp va unga o'xshagan ko'pgina xushxabarchilar, Iso Masih ta'limoti yahudiylargagina taalluqli, degan yondashuvdan kelib chiqib, asosan yahudiylar orasida targ'ibot ishlarini olib borganlar.
Biroq keyinroq ilk xristian "da'vatchilari" asta-sekin O'rta dengiz bo'ylab Appenin yarim oroliga ham kirib borishadi. Rim imperiyasida ularga salbiy munosabat bildirilsa-da, ular imperiyaning markaziy hududlari va poytaxtiga ko'chib kelishda davom etaverishgan.
IV asrga kelib "da'vatchilar" xatti-harakatlari natijasida xristian dini Rim imperiyasida davlat diniga aylandi. Hristian "da'vatchilari" asta-sekin Ovro'paning shimoliy hududlariga ham kirib bordilar va xristianlik Rim imperiyasining ulkan hududi bo'ylab eski dinlar ustidan g'alaba qozondi.
Hulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, yuqoridagi kabi qarashlar turli tushunchalar mazmunini ataylab chalkashtirib, tarixiy voqelikni buzib talqin qilish natijasidir. Chunki xristianlik endi paydo bo'lgan bir sharoitda faoliyat olib borgan "da'vatchilar" (garchand ularga nisbatan ham "missioner" so'zini qo'llash keng tarqalgan bo'lsa-da) bilan bugungi "missionerlar" orasida keskin farq borligini va ularni aslo bir qatorga qo'yib bo'lmasligini unutmaslik lozim. Zero, o'z davrida xristianlikning faol tarafdorlari tomonidan "da'vatchilik" ishlarining olib borilishi, o'z ta'limotlarini tarqatishga harakat qilishlari tabiiy bir hol edi. Bugun dunyoning diniy manzarasi o'zining aniq shaklu shamoyiliga, turli xalqlar asrlar davomida shakllangan diniy-milliy qadriyatlariga ega bo'lgan bir davrda ilk "da'vatchilik"dan farqli ravishda missionerlik millat, jamiyatni diniy asosda bo'lib yuborishga qaratilgan buzg'unchilikning bir ko'rinishiga aylanib qolganini alohida ta'kidlash zarur. Missionerlarning aholisining 90 foizdan ortig'ini islomga e'tiqod qiladigan O'zbekistonda faoliyat olib borishga intilayotgani ham bunday buzg'unchilikka yorqin misol bo'la oladi.
Islom.uz portali tahririyati
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati