Islom mutaassiblikka mutlaqo aloqasi bo'lmagan dindir. U o'ziga e'tiqod qiluvchilarni torlikka chaqirmaydi. Islom manbalari – Qur'on va Sunnatda mutaassiblikka undovchi biror narsa yo'q! Aksincha, kishilarni Islomga undash Qur'oni karim ko'rsatib berganidek, hikmat, go'zal mav'iza va chiroyli bahs ila amalga oshiriladi. Bu esa mutaassiblik, biror masalani tor olishga butkul teskari bo'lgan uslubdir. Payg'ambar alayhissalomdan rivoyat qilingan hadislarning birida: “Osonlashtiring – qiyinlashtirmang, xushxabar bering nafratlantirmang”, - deya marhamat qilinadi.
Ushbu chaqiriq mutaassiblikni inkor etadi. Zero, mutaassiblikdan nafrat, kengbag'irlikdan esa xushxabar yuzaga keladi. Demak, Islom mutaassiblikni inkor etar ekan, u terrorni, tinch aholi orasida vahima keltirib chiqarishni va begunoh musulmonlarni balki, boshqa insonlarning ham qonini to'kishni qoralaydi. Islomning nazdida bir odamning joniga qasd qilish butun insoniyatning joniga qasd qilish bilan barobardir. Qur'oni karimda bu haqda: “Kimki biron jonni o'ldirmagan va erda buzg'unchilik qilib yurmagan odamni o'ldirsa, demak, go'yo barcha odamlarni o'ldiribdi”, - deyiladi (Moida surasi, 32-oyat).
Shunday ekan, islomni mutaassiblik bilan bog'lash yanglishishdir. Bundan ma'lum bo'ladiki, din nomidan qo'poruvchiliklar qilishning muqaddas Islom ta'limotiga mutlaqo aloqasi yo'q.
Ma'rufjon Aloxodjayev, Namangan shahar "Abdulqodir qori" jome masjidi imom-xatibi
Tili va dili bilan iymon keltirib, uning taqozosiga ko‘ra go‘zal hayot kechirgan inson komil mo‘min deyiladi. Bunday kishilar do‘zax yuzini ko‘rmay, Allohning fazli-marhamati ila to‘g‘ri jannatga kiradilar. Tili va dili bilan iymon keltirib, katta gunohlar qilib, tavba qilmay vafot etgan inson fosiq mo‘min hisoblanadi...
Tili bilan iymon keltirib, qalbida iymoni bo‘lmagan kimsa munofiq hisoblanadi. Bunday kishiga dunyoda mo‘minlarga o‘xshab muomala qilingani bilan oxiratda ular uchun hech qanday nasiba bo‘lmaydi, Alloh asrasin.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZARning “Rabboniy nidolar” kitobidan