«Mazhablar 4 ta emas, mazhablar ko'p!», degan gap, aslida, so'z o'yinidan boshqa narsa emas!!!
Qani, o'sha 4 tadan boshqa mazhablar?!
To'rt mazhabning har birida minglab kitoblar yozilgan. Shulardan o'rtacharog'ida 30-40 ming shar'iy hukm bayon qilingan bo'ladi.
Qani, siz Imom Savriy yoki Imom Avzoiyning mazhabi bor desangiz, bizga yuqoridagining o'ndan birini – ularning mazhabidagi 3-4 mingta hukmni sanab bering-chi?! “Buxoriy”dan shuni sanab bera olasizmi?!
Ularning mazhabiga ergashgan 20 ta olimni sanab bera olasizmi?!
Hech kim Ikrimaning, Tovusning, Hasan Basriyning, Avzoiyning, Savriyning mazhabi bo'lmagan, demaydi. Balki «saqlanib qolmagan» (!) deydi.
Qadimgilarning qavllarini eng yaxshi jamlagan kitoblar Ibn Abu Shaybaning “Musannaf”lari, Imom Tahoviyning “Ixtilof ul-ulamo” kitoblari (asli yo'qolgan, biroq, Jassosning unga qilgan “Muxtasar”i va undan foydalangan Ibn Qudomaning “Mug'niy”si kabilar saqlangan), Ibn Munzirning “Avsat” kitobi. Biroq, bu asarlarda o'sha olimlar o'sha fatvoda qolganmilar, dalillari nima bo'lgan, o'sha fatvo uchun shartlari, qaydlari bo'lganmi, bu narsalarni to'la bayon qilmaganlar.
Masalan, Imom Ahmad ayol kishi tahoratga ishlatgan idishda qolgan suvdan erkak kishi tahorat qilishi mumkin emas, deydilar. Buni xiloflarni o'rgangan har qanday tolibi ilm biladi. Biroq, bu gapni hech qanday shartsiz aytmaganlar. Balki, bunga 7 ta shart keltirganlar. Buni hanbaliylar biladi. Agar Imom Ahmadning mazhablari shogirdlari va ularning shogirdlari va ularning shogirdlari kabi silsila bilan kelmaganda, balki biz shu shartlardan g'ofil qolardik.
Huddi shunga o'xshab, Imom Molik hayvonlar sutraga yaramaydi, deganlar. Biroq, molikiylardan qarasangiz, tuyani bog'lab, sutra qilib namoz o'qiyverishadi, sababi, imomlari uni 5 shart bilan keltirganlar, uni ular biladi, biz bilmaymiz. Agar Imom Molikning mazhablari shogirdlari va ularning shogirdlari va ularning shogirdlari kabi silsila bilan kelmaganda, balki biz shu shartlardan g'ofil qolardik.
Shunga ko'ra, Hasan Basriydan sa'yni teskarichasiga qilsa, joiz bo'ladi, degan fatvo topsak, yoki turmush qurib, ajrashgan balog'atga etgan ayolni valiysi majburlab erga bersa bo'ladi, degan qavlni topsak, biz bilmaymiz, u zot buni qanday shartlar bilan, qanday qaydlar bilan aytganlar. Biz bilmaymiz, bu fatvodan qaytganmilar, yo'qmi?!
Qolaversa, Savriyning mazhabi deydiganlarga kulgim keladi. Bilishimcha, Imom Savriyning qavllarini eng ko'p jamlaganlardan biri Imom Termiziy bo'ladilar. Yana Imom Ibn Abdulbar ham. “Iztizkor”ni va “Sunan”ni o'qiganlar juda yaxshi biladilarki, Imom Savriy aksar masalalarda Imom Abu Hanifa bilan qavllari bir bo'lgan. Bunga ruku'dan oldin va keyin “raf' ul-yadayn” qilmaslik, tahorat uchun niyat shart emasligi kabi salafiylar eng ko'p raddiya beradigan masalalarni ham misol qilish mumkin. Binobarin, agar Savriyning mazhabi saqlanib qolganida, siz unga ham Abu Hanifa mazhabiga qilgan muomalani qilgan bo'lardingiz. Nega Imom Savriy bilan Imom Abu Hanifa mazhablari bunchalik bir-biriga yaqin? Sababi, u qavllar Abu Hanifa yoki Savriyning emas, balki ular tarbiya topgan madrasa sohiblari Ibrohim an-Naxaiy va u zotdan oldingi Ibn Mas'ud raziyallohu anhuning qavllaridir.
Hulosa qilib aytsam, 4 mazhab – 4 fiqhiy madrasa asrlar davomida minglab, o'n minglab ulamolar tomonidan shakllantirilgan, hukmlari bizgacha kuchli silsila bilan etib kelgan mazhablardir. Biz imomimiz qaysi qavlni qaysi shartlar bilan qachon aytganini aniq silsila bilan bilamiz.
Boshqa mazhablar esa Allohning irodasi bilan fiqhiy yo'nalish – madrasa o'laroq saqlanib qolmagan. Shu sababdan Ibn Saloh, Zarkashiy (“Bahri muhit”ning sohibi), Imom ul-Haramayn, Ibn Nujaym va boshqa ko'plab ummatning muhaddis va fuqaholari asrlar davomida 4 mazhabdan chiqish joiz emas, deganlar. Bunga o'z davrlarida ijmo' bo'lganini ta'kidlaganlar.
Shuning uchun «Maroqiy» sohibi ham aytadi:
والمُجْمَعّ اليَومَ عليه الأربعةْ —— وقَفْوُ غيرِهِ الجميعّ منعهْ
Baytning sharhi المجمع عليه ijmo' qilingan narsa اليوم kunimizda, ya'ni zamonimizda الأربعة — to'rt mazhabdir, وقفو غيره — yoki غيرها — shu to'rt mazhabdan boshqasiga ergashishni yoki ularning biridan boshqasiga ergashishni الجميع منعه — barcha ulamolar man qilganlar.
Men tolibi ilm birodarlarimga mana shu baytni yodlab olishni va Alloh irodasi bilan sahih silsila asosida saqlangan 4 mazhabdan chiqib, 10 ta mazhab bor, 100 ta mazhab bor deya so'z o'yini qiluvchilarga adlanmaslikni nasihat va qattiq tavsiya qilaman.
Unutmangki, 4 mazhabdan biridagi hukmga ergashgan odam o'zi bilan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o'rtasida kuchli arqonni — mujtahidlar va faqihlar silsilasini ushlagan bo'ladi.
Buning eng ochiq-oydin dalili shuki, 4 mazhabning fiqh kitoblari ming — ming ikki yuz yil oldin yozilgan. Masalan, hanafiylarning “Asl”, “Al-Jome' as-Sag'ir” kitoblari ikkinchi hijriy asrda, molikiylarning “Mudavvana”si o'sha asrda, shofe'iylarning Muzaniy va Buvaytiy “Muxtasar”lari 3 chi asrda, hanbaliylarning Hiraqiy “Muxtasar”i 4 chi asrda yozilgan. Bular hammasi fiqhning barcha boblarini va undagi aksar masalalarni jamlagan kitoblar. Salafiylarda shunday kitob qachon yozilgan?! Salafiylarning ilk fiqh kitobi esa HH asr oxirida yozilgan. Ungacha bu 5 chi mazhabning barcha fiqh boblarini jamlagan fiqh kitobi bo'lmagan.
Men birovga bu «5-mazhab»ga ergashmang demayman. Aslida, 5-mazhab ham kamida 10 ta mazhab bo'lib ketdi. Hech kimga sir emaski, shayx Alboniy, shayx Ibn Usaymin, shayx Ibn Bozlar ham minglab masalada o'zaro ixtilof qilganlar. Siz istagangizga ergashavering. Shaxsan, mening e'tirozim yo'q…
Biroq…
….Biroq, “Mazhablar to'rtta emas!”, “Mazhabsiz kishi” degan gap yo'q, hammaning mazhabi bor”, kabi so'z o'yinlar qilib, barchaga ma'lum haqiqatlarni burib, buzib ko'rsatmang!!! Barchaga ma'lum terminlar – mustalahlarning ma'nosini o'zgartirib, o'zingizga moslab sharhlamang. Zero, ilmiy omonatdorlik va sidq bu dinning asrlar davomida buzilmay saqlanib qolishida, Allohning irodasi bilan, eng asosiy va birlamchi omil bo'ldi. Endiyam, shunday bo'lib qolsin!
Mahmud USMON
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi