Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu masjidda Rasululloh sollollohu alayhi vasallam bilan birga namoz o'qir edi. Qavmining oldiga borganida ularga ham namoz o'qib berar edi. Bir kuni u namozlaridan biriga Baqara surasini zam qildi. Namozda unga sahobalardan Harom ibn Milhon roziyallohu anhu iqtido qilgan edi. U namozini tez o'qib, so'ngra bog'iga borib xurmolarini sug'ormoqchi edi. Muoz namozni cho'zib yuborgach, Harom ibn Milhon namozni tark qildi. O'zi o'qib olib so'ngra bog'ini sug'organi ketdi. Muoz namozni tugatgach Harom ibn Milhon roziyallohu anhuning qilgan ishini unga boshqalar aytishdi. Shunda Muoz roziyallohu anhu: “U munofiqdir!”, dedi.
Harom ibn Milhon roziyallohu anhu Muoz roziyallohu anhuning gapini eshitgach, undan shikoyat qilib Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi. Muoz ham o'sha erda edi. Harom ibn Milhon dedi:
- Ey Allohning Rasuli! Men bog'imni sug'ormoqchi edim. Namoz o'qigani avval masjidga kirdim. Muoz namozni cho'zib yuborgach, namozni buzib o'zim o'qib oldim va bog'imni sug'organi ketdim. U esa meni munofiq debdi.
Shunda Rasululloh sollollohu alayhi vasallam Muozga qarab dedilar:
- Sen fitnachimisan, ey Muoz?! Namozni cho'zib yuborma. Ammo “Sabbihisma”ni, “Vash shamsi va zuhoha” va shularga o'xshashini o'qigin!
©️ shoshhanafiy
Joriy yilning 2–3 sentyabr kunlari Qohira shahrida Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tashabbusi bilan nufuzli xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etadi. Ma’lumki, joriy yil iyul oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Butunjahon Fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati a’zoligiga qabul qilingan edilar.
Xalqaro yig‘inda dunyoning taniqli muftiylari, fatvo va fiqh markazlari ulamolari, xalqaro tashkilotlar vakillari, Al-Azhar dorulfununi kabi nufuzli oliygohlar professorlari hamda soha mutaxassislari jam bo‘ladi.
Kun tartibida sun’iy intellekt, jadal raqamlashtirish va zamonaviy bioetika zamonida oila instituti mustahkamligini ta’minlash, ayollar huquqlarini muhofaza qilish, yoshlarni zararli illatlardan asrash hamda ma’naviy inqirozlarga islomiy qadriyatlar asosida shar’iy va ilmiy yechimlar topish masalalari atroflicha muhokama qilinadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati