Bugungi kunda jamiyatda ijtimoiy tarmoqlarni, butun internet olamini egallab olib shirk, bid'at va zalolat masalalari bilan shug'ullanadigan Abdulloh Zufar, Maxmud Abdulmo'min kabi shaxslar manfur niyatlarini amalga oshirish payida bo'lmoqdalar. Ular ilmsiz bo'lgani uchun aqida va fiqh masalalarida jiddiy va qo'pol xatolarga yo'l qo'ygan. Masalan:Hizbchilarning Behayo suratlarni tomosha qilish joiz, Begona ayolni shahvat bilan yoki shahvatsiz o'pish joiz. Ikki qutbda yashovchilardan namoz va ro'za soqit bo'ladi – deya mana shunga o'xshagan umuman dinimiz qonun-qoidalirga to'g'ri kelmaydigan ko'plab “fatvolari” va da'volari mavjud bo'lib, bunday holatlar birorta sahoba, birorta tobe'in, birorta mujtahid imomlardan naql qilinmagan. Ular Islomni ma'lum bir shakl bilan belgilab olib, o'zlaridan boshqacha fikrdagilarni bid'at va zalolatda ayblashadi.
Shuningdek,Soxta salafilar targ'ibotchisi bo'lib tanilgan Shayx Sodik Samarqandiy –“Alloh taolo osmonda deb e'tiqod kilish shart deb da'vo kilmoqda. Bizning Ahli sunna ulamolari Alloh taologa makon nisbat bermaydilar,va ularning hech bunday fikrga ko'shilgan emas. Aksincha, ba'zi ulamolar Alloh taologa makon nisbat berish kufr ekanini aytishadi, chunki bunday e'tiqod U Zotni bandalariga va jismlarga o'xshatishdir.
Alloh taolo osmonda deyish yoki biror joyda o'rnashgan deb e'tiqod qilish mutlaqo joiz emas. Chunki Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deganlar: ya'ni: “Alloh taolo bor edi, undan boshqa hech narsa bo'lmagandi” (Imom Buxoriy rivoyati).
“Kim Alloh taoloni insonlarga xos bo'lgan biron sifat bilan vasflasa, shaksiz kofir bo'ladi. Buni anglagan inson ibratlanadi va kofirlarning so'ziga o'xshash gap-so'zlardan tiyiladi hamda Uning (Allohning) sifatlari insonlarniki kabi emasligini biladi” («Al-Aqida at-Tahoviya» kitobi).
Hanafiy mazhabiga amal qilgan holda ibodatlarini ado etayotgan musulmonlarni fitnaga solish va to'g'ri yo'ldan adashtirib o'zlarining noto'g'ri g'arazli g'oyalarining qurboniga aylantirish uchun turli uslublardan foydalanayotgan bu kimsalarning asosiy maqsadlari —Islom xalifaligini qayta tiklashga urinish va shu harakatda birlashishga targ'ib qilishdir. Bu ularning eng zarur aqidaviy va amaliy mashg'ulotlari bo'lib, go'yo ular uchun xalifalik tuzish namoz, ro'za, zakot va haj kabi islom arkonlaridan ham muhimroqdek tus olgan. Ular uchun siyosatdan boshqa sohalar hatto diniy bo'lsa ham, doim ikkinchi darajali bo'lib kelgan.
Ular halifalikni zoye qilgan sabablarni o'rganib uning muolajasi va o'z nafslarining islohoti bilan shug'ullanish o'rniga, davlat to'ntarishi, sultonga qarshi chiqish, mavjud tuzum rahbariyatiga bo'ysunmaslik, xalqni davlatga qarshi gij-gijlash kabi ishlarga zo'r berishadi.
Bunday bemazhablar buzg'unchi oqim a'zolaridan o'zimizni va farzandlarimizni ehtiyot qilmog'imiz ayni muddaodir.
H.Kenjayev
Urganch shahar bosh imom-xatibi
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi