O'zining johilona fatvolari bilan mashhur bo'lgan A.Zufar yana bir g'aroib chiqish qildi. Go'yo Sof Islom ta'limotlarini hech qanaqasiga rasmiy olimlar va muassasalardan olib bo'lmaydi. Haqiqiy islom ta'limotlarini faqat va faqat norasmiy domlalardan topish mumkin, degan fikrni olg'a surdi. O'zining gaplariga Imom Mahdiy haqidagi hadislardan ishoralar topib, dalil qilgan.
Lekin haqiqat va voqe'lik shuki barcha zamonlarda ham, Islom ta'limotlari barcha musulmonlar tan olgan, sevib qabul qilingan olimlardan qabul qilinadi. Masalan, Islomni etkazuvchi birinchi muallim Payg'ambarimiz alayhissalom bo'lganlar, so'ngra esa sahobalar kelishdi. Sahobalar davrida to'rt xalifa Islomni xalqqa etkazishda jonbozlik ko'rsatib, olimlarga rahbar bo'lib turishdi. Payg'ambarimiz alayhissalom va to'rt xalifa ayni rasmiy davlat boshliqlari edilar. Keyin tobe'inlar ichidagi olimlari, muftiylari din hukmlarini xalqqa etkazganlar. Keyin mujtahidlar davrida saralanib, saralanib oxirida to'rt fiqhiy mazhabni Islom ummati qabul qildi, ulardan Islom dinining hukmlarini qabul qilib oldi. Mazhablar bayon qilgan hukmlar tarqalishida esa rasmiy qozilarning hissasi katta bo'lgan. Masalan, Imom Abu Yusuf Abu Hanifaning atoqli shogirdi, buyuk faqih va mujtahid, Abbosiylar davlati (Mahdiy, Hodiy va Rashid davrlari)ning eng katta qozisi edi. Ularning har biri, ayniqsa, Horunur-Rashid uni e'zozlab, katta hurmat ko'rsatardi. Imom Abu Yusuf hanafiy mazhabi masalalari tarqalishiga katta hissa qo'shgan.
Eng muhim joyi, bizgacha Islom dinini etib kelishida minglab olimu fuzalolarning hissasi bor. To'g'ri ularning ichida rasmiy lavozimlisi ham, lavozimga ega bo'lmaganlari ham bor, lekin ularning hammasi Ahli sunnaga tegishli olimlar bo'lgan. Hozir ham haqiqiy Islom dinini keyinga avlodga o'rgatayotganlar turli maqom va martabalarda bo'lsalarda Ahli sunna olimlaridir. Ular ichida rasmiy lavozimlar va rasmiy ta'lim muassasalarida xizmat qiluvchilari ko'pchilikni tashkil etadi. Vahhobiylik, salafiylik va takfirchi jamoalari esa bu ro'yxatdan tashqarida. To'g'ri ular ham nimalarnidir o'rgatishmoqda, lekin asos to'g'ri bo'lmagandan keyin, o'rgatgan narsalari dinda g'uluvga ketishga, musulmonlarni takfir qilib, qonini halol sanab, urush qilishga, Islom ummati o'rtasiga fitna solishga sabab bo'lmoqda. E'tibor qiling, qayerda ixtilof bo'lsa, o'sha erda salafiylar bir tomonda turgan bo'ladi.
A.Zufar keltirgan Imom Mahdiy hadisi u va unga o'xshagan berkinib olib, turli botil fatvolarni berib kelayotganlarni oqlamaydi ham, ularga dalil ham bo'lmaydi. Imom Mahdiyning norasmiy kishi bo'lishi hech qachon ularning botil fatvolariyu e'tiqodlarini to'g'ri qilib qo'ymaydi. U go'yo o'zini Imom Mahdiy o'xshatmoqchi bo'lganek. Aslida ular o'rtasida er bilan osmoncha farq bor.
Endi sof Islomni tarqatishni da'vo qilayotgan norasmiy A.Zufarni o'ziga to'xtalamiz. Unda o'tgan ulamolarni sifati bormi?!
Birinchidan, uning ustozlari noma'lum. Ma'lum qilganda ham salafiylardan ekani aniq. Yuqorida aytilgani kabi dinni ustoziyu, e'tiqodi noma'lum yoki salafiy ekani aniq bo'lgan kishilardan ololmaymiz. Chunki bu oqim 18 asrdan buyog'iga bosh ko'tarib chiqqan.
Ikkinchidan, u va uning noma'lum norasmiy ustozlari hozirgacha sof islom deb nimani o'rgatishdi?! Ularning tutgan yo'li:
1. Kofir va mushriklar haqida nozil bo'lgan oyati karimalarni mo'minlarga tatbiq qiladilar.
Natijada o'zidan boshqa ko'pchilikni kofir yo munofiqqa chiqaradi. Axir mo'minni kofir degan odam o'zi kofir bo'ladiku!
2. Bir odamni mo'minligiga dalil so'rash uchun Alloh qayerda, deb savol beradi.
Abdullo Zufar va uni norasmiy domlalari Alloh taologa jism makon isbot qilib, haqiqatda Alloh arshda o'tiradi, dunyo osmoniga tushadi deb, mujassima toifasining kufriy e'tiqodini o'ziga oladi.
3. Payg'ambarimiz alayhissalomning qabrilarini ziyorat qilishda foyda yo'q degan botil fatvoni tarqatishadi.
4. Go'yo sof islomni o'rgatayotgan u va norasmiy ustozlari faqat musulmonlar diyoriga urush qilib, odam o'ldirib, o'zlari Angliya, Amerika, Rossiyaga o'xshash davlatlarga berkinib, ulardan qurol olib, musulmonlarni o'ldirishga fatvo berishmoqda.
5. Ota onang dunyoga kelishingga sababchi xolos, boshqa hech kim emas deb o'rgatadilar. A.Zufar hijrat va jihod uchun ota-onani aldash ham joiz degan gaplarni ham gapirdi. Vaholanki, ota-ona rozi bo'lmasa, farzand bu ishlarga chiqa olmaydi.
6. Sof islom shaytonni shoxi o'sha joydan chiqadi, deya bashorat berilgan Abdulvahhob Najdiyning yo'limi yoki shu sanalgan botil ishlar sof Islomni o'rgatish deb ataladimi?!
Islom ummati hech qachon zalolat ustida jam bo'lmaydi. Ummatning A.Zufarga ham, unga o'xshagan norasmiy ustozlariga ham ehtiyoji yo'q. Kerak bo'lsa 18 asrda chiqqan ularning rahnamolaridan avval ham Islom bor edi, bundan keyin ham bo'ladi. O'zlarining buzuq tushunchalarini sof islom qilib ko'rsatadigan shaxslarning bizga keragi yo'q.
Tavfiq Allohdan.
Yunusxon Mamarasulov
Britaniyaning “Em Insight” jurnalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi xorijlik OAVda katta qiziqish uyg‘otgan.
Raqamli platformalar, sun’iy intellekt va axborot xurujlari avj olgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining mamlakatlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarni shakllantirishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.
Maqolada ta’kidlanishicha, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mirzo Ulug‘bek kabi jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yurti bo‘lmish O‘zbekiston bu kabi global muhokamalar uchun eng maqbul maydondir.
Qatarning “The Peninsula” gazetasi mas’ul muharriri Muhammad Osmon forumning raqamli axborot asridagi ahamiyatiga to‘xtalib, Imom Buxoriyning hadislarni to‘plash va ularning haqqoniyligini tekshirishdagi qat’iy yondashuvini tilga oldi.
U ushbu metodologiyani manbalarni chuqur o‘rganish va verifikatsiya qilishning o‘chmas namunasi deb atadi va bu tamoyillar feyk xabarlar hamda sun’iy intellekt mahsulotlari ko‘paygan hozirgi davrda juda ahamiyatli ekanini bildirdi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muharriri O‘tkir Alimov forumning Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratgan. U 50 mamlakatdan 300 ga yaqin OAV vakillarining Toshkentda jamlangani O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.
Maqolada Toshkentdagi xalqaro mediaforum jurnalistika mas’uliyati, tarixiy tadqiqotlar chuqurligi va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini birlashtirgan holda Islom sivilizatsiyasini yangi, zamonaviy qiyofada dunyoga tanitishga xizmat qilishi bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati