Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Imom Ibn Abi Dunyo va al-Hokim rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ruhul qudus mening ko'nglimga «Nafs o'z rizqini to'laligicha olmagunicha zinhor o'lmas. Allohga taqvo qilinglar, talabi rizqni go'zal qilinglar, rizqning kech qolishi sizni uni Allohga ma'siyat ila talab qilishga olib bormasin. Albatta, Allohning huzuridagi narsaga faqat U Zotga toat qilish ila erishiladi», degan ma'noni soldi», deganlar.
Bu hadisdan ham bir necha muhim foydalar olamiz:
1. Har bir jon rizqini to'la olishi muqarrar ekani.
2. Talabi rizqni taqvo asosida, halol yo'l bilan qilish zarurligi.
3. Rizqi kech qolsa, haromga qo'l urish mumkin emasligi.
4. Alloh taoloning huzuridagi narsaga erishaman degan odam U Zotga toat qilmog'i lozimligi.
Imom Bayhaqiy Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam quyidagilarni aytadilar:
«Albatta, rizq bandani xuddi ajali uni quvgandek quvib yuradi».
Demak, rizq adashib ketishi mumkin emas ekan.
Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
«Albatta, Alloh pokdir va pokdan boshqani qabul qilmas. Albatta, Alloh mo'minlarga rasullarga amr qilgan narsani amr qilgan, «Ey payg'ambarlar! Pok narsalardan englar va solih amallar qilinglar. Albatta, Men nima amal qilayotganingizni o'ta biluvchiman», degan».
Ahli sunna va jamoa mazhabi rizqni pok va nopokka taqsim qilgan bo'lsa ham, Alloh taolo faqatgina halol, pok rizqnigina qabul qilishini ta'kidlaydi. Ajru savob ham shunga bog'liq. Alloh taolo harom, nopok rizqni qabul qilmaydi. Balki uning sababidan jazolaydi, azob beradi.
Mo'min kishi rizq Alloh taolodan ekanligiga iymon keltirganidan keyin ochko'z bo'lmaydi va haromga qo'l urmaydi.
U halol, pok yo'l bilan rizqini terib eyishni yo'lga qo'yib, qanoat bilan saodatli turmush kechiradi.
«Sunniy aqiydalar» kitobi asosida tayyorlandi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yurtimizning turli hududlarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari keng ko‘lamda davom etmoqda. Mazkur bosh g‘oya asosida masjidlar va qabristonlarda ham hasharlar tashkil etilib, hududlar tartibga keltirilmoqda.
Xususan, masjidlar atrofi, qabristonlar va ularga tutash hududlarda tozalash, obodonlashtirish, daraxtlarni parvarishlash hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bunday xayrli ishlar yurtimiz obodligiga hissa qo‘shish, muqaddas maskanlar va ajdodlar xotirasini e’zozlash, jamiyatda o‘zaro hamjihatlik va birdamlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yagona Vatan — yagona xalq!
Yangi hayot va yangi kelajak sari birgalikda!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati vakilligi Matbuot xizmati