Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Ekstremizmga qarshi yoshlarda immunitet shakllantiraylik

31.01.2022   1493   4 min.
Ekstremizmga qarshi yoshlarda immunitet shakllantiraylik

“Ekstremizm” bugun qulog'imizga eng ko'p chalinayotgan so'zlardan biri. U lotincha “extreme” so'zidan olingan bo'lib, o'ta keskin chora-tadbirlarni, fikr-qarashlarni yoqlovchi nazariya va amaliyotni anglatadi. Diniy ekstremizm — diniy tashkilotlardagi o'ta mutaassib guruhlarning ashaddiy reaktsion faoliyati bo'lib, hatto dinning o'ziga ham zarar keltiradi. Ularning asosiy maqsadi – dinni niqob qilib, hokimiyatni qo'lga olish, diniy talablarning ilk darajasiga xos “sofligi”ni qayta tiklash, diniy talablarga mos siyosiy tuzumni barpo etishdan iborat.

Ekstremizm va terrorizm odamlarning ertangi kunga bo'lgan ishonchiga putur etkazibgina qolmay, xalqaro miqyosdagi muammolarni, jumladan turli diniy e'tiqod vakillari bo'lgan xalqlar, tamaddunlar (tsivilizatsiya) orasidagi o'zaro ishonchga soya tashlamoqda, jahon taraqqiyotining tamal toshi bo'lgan xalqaro iqtisodiy va madaniy hamkorlikning rivojlanishiga to'siq bo'lmoqda.
Ekstremizm, muqaddas dinimiz, xususan, eng mo''tadil mazhab bo'lmish hanafiy mazhabi aqidalariga zid keladi. Qur'oni karimda ta'kidlanadi: “Shunday qilib, Biz sizlarni o'rta ummat qildik!” (Baqara surasi: 143-oyat). Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ishlarning eng yaxshisi o'rtacha (mo''tadil) bo'lganidir” deya marhamat qilganlar. Nabiy alayhissalomning hayotlariga ibrat nazari bilan qaraydigan bo'lsak, u zotning naqadar mo''tadil, bag'rikeng inson bo'lganlarini ko'ramiz. Rasululloh alayhis salom davrlarida diniy bag'rikenglik siyosati o'zining bor ko'rinishida namoyon bo'ldi. Hijratning to'qqizinchi yilida Najron nasorolari delegatsiyasi ularning katta episkopi Abulhoris boshchiligida Madinai munavvaraga keladi. Nabiy alayhissalomning ko'rsatmalari bilan ularning barchasiga katta izzat-hurmat ko'rsatilib, ularga Madina masjidida o'z ibodatlarini ado etishlari uchun sharoit qilib beriladi. Nabiy alayhissalom amal qilgan diniy bag'rikenglik siyosati keyinchalik xulafoi roshidin davri (Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali roziyallohu unhumlar hukmronlik yillari)da ham davom etdi.

     Bunday misli ko'rilmagan bag'rikenglik, hatto ko'pgina g'arb sharqshunoslari tomonidan e'tirof etilgan. Jumladan frantsuz sharqshunosi Jozef Fransua Mishon “Salib yurishlari tarixi” kitobida quyidagilarni yozadi: “Islom – bag'rikenglik dini. U patriarxlarni, ruhoniylarni va ularning xodimlarini har qanday soliqlardan ozod qilgan, ibodatga berilganlari uchun ularni urushda ham o'ldirishni man qilgan. Umar ibn Hattob Quddusni fath qilgach, nasorolarga tegmagan. Salibchilar esa mazkur shaharni bosib olishganda musulmonlarning va yahudiylarni ayovsiz qatl etishgan edi”.

Mazkur sharqshunos o'zining “Sharq sari diniy sayohat” nomli boshqa kitobida nasroniylar bag'rikenglik va oliyjanoblikni, o'zgalar bilan husni muomalani ko'p hollarda musulmonlardan o'rganganliklarini yozadi: “Nasroniylar taomul ruhini va husni muomala fazilatlarni musulmonlardan o'zlashtirganlar. Mana shularning bariga musulmonlar o'z Payg'ambarlari Muhammad alayhissalomning ta'limi tufayli erishganlar”.

Bugungi kunda dinni o'ziga niqob qilib, hokimiyatni qo'lga olishga intilayotgan turli oqim va tashkilotlar o'z chirkin g'oyalarni targ'ib etishda har qanday ilg'or uslullardan, xususan internet saytlaridan, turli ijtimoiy tarmoqlardan foydalanyotgani hech birimizga sir emas.

Zero, bugungi kunda Islom niqobi ostida o'z g'oyalarini amalga oshirishga intilayotgan g'arazli kimsalarning maqsad va amallari muqaddas dinimizda ilgari surilgan ezgulik, bag'rikenglik g'oyalariga tamomila ziddir. Zero, dinni niqob qilib qabih ishlarni amalga oshirayotgan bir guruh mutaassiblar er yuzidagi bir yarim milliarddan ortiq musulmonning dunyoqarashini belgilay olmaydi. Diniy ekstremizm qanday ko'rinishda bo'lmasin, qanday nom bilan atalmasin, Islomning asl mohiyatiga zarracha aloqasi yo'qligini har birimiz yaxshi anglab etmog'imiz lozim.
Islomning chinakam axloqiy asoslarini anglab etgan kishining shafqatsizlik, vahshiylik, zo'ravonlik tarafdori bo'lishini tasavvur qilish qiyin. Shuning uchun ogohlik, hushyorlik, ilmu ma'rifat hosil qilish ekstremizm va terrorchilik balosini tag-tomiri bilan tugatishning eng samarali yo'li hisoblanadi. Islom jaholatning har qanday ko'rinishiga qarshi. U odamlar qalbiga tartibsizlik, dushmanlik, buzg'unchilik, yovuzlik va nafrat urug'ini sochadigan kimsalarning xatti-harakatlarini hech qachon qo'llab-quvvatlamaydi.

 

O.Ro'zmetov

Bog'ot tumani “Ho'ja bobo” masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“The Jordan Times”: Toshkentda islom sivilizatsiyasi va yangi kashfiyotlarga bag‘ishlangan xalqaro media forumi o‘tkaziladi

24.08.2026   5233   1 min.
“The Jordan Times”: Toshkentda islom sivilizatsiyasi va yangi kashfiyotlarga bag‘ishlangan xalqaro media forumi o‘tkaziladi

Iordaniyaning  nufuzli “The Jordan Times” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada yozilishicha, tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, yetakchi ekspertlar va media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.

O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, ushbu forum dasturidan yalpi majlislar, media ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Uchrashuvlarda hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari va zamonaviy texnologiyalar, xalqaro media loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalar uchun jahon media sanoatining yetakchi vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media ishlab chiqarish va xalqaro axborot makonida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha tajriba almashadi.

Nashrda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga sayohat qilishadi. Safar doirasida mehmonlar Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, shaharning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkentda xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanadi. Mehmonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari