Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448

Fitna haqida

30.01.2022   5700   4 min.
Fitna haqida

“Fitna” deganda biz buzg'unchilik, maxfiy ravishda zarar etkazishga urinish, fasod qo'zg'ashni tushunamiz. To'g'ri, fitna so'zida shu ma'no ustun. Ammo bu so'zning asl kelib chiqish mazmuni yanada kengroqdir. Lug'atshunoslarning ta'kidlashicha, “fitna” so'zi arablarda aslida oltinni o'tga tutib, yot moddalardan tozalashni anglatar ekan. Shundan kelib chiqib, “fitna” so'zi imtihon, sinov degan ma'nolarda ham ishlatiladigan bo'lgan. Qur'oni Karimda bu so'z aynan shu mazmunda ham keladi.

Fitna — adashtirish, qiziqtirish, aldash, yo'ldan ozdirish va chalg'itishdir. Yolg'onga asoslangan “g'oya” hidoyat yo'lidagilarni haq yo'lidan ozdirishga xizmat qiladi. Ayrim manfaatdor toifalar xohish-irodasi ro'yobiga xizmat qiladi. Dunyoning bir chekkasida o'zini musulmon deb tanishtirgan bir kimsa qandaydir qo'poruvchilik qildi. Aslida Islomda uning hech qanday o'rni yo'q, uning bu ishini birorta musulmon oqlagani yo'q, bu kimsaga o'sha qilmishni ham kimdir buyurtma bergan yoki uni shunga majbur qilgan bo'lishi ehtimoli katta. Ammo ushbu hodisa fitna o'laroq odamlarda turlicha aks sado beradi: kimdir bundan Islom va musulmonlarning sha'niga dog' tushishidan tashvishlansa, kimdir befarq, kimdir esa shu narsa tufayli Islom va musulmonlardan nafratlana boshlaydi, kimdir dindan qaytishgacha boradi, yana qaysidir kimsa Islom va musulmonlarni haqorat qilishgacha, zolimlarni qo'llab-quvvatlashgacha jur'at qiladi. Bularning barchasi fitnaning imtihon qiluvchi omil ekaniga misol bo'ladi.

       Musulmon o'lkalar, jumladan, bizning jonajon vatanimizdagi taraqqiyot, bugungi ijobiy o'zgarishlar kimlargadir yoqmasligi va ular bizni chalg'itish uchun fitnalar uyushtirishi tabiiy. Bunday fitnachilar ichkarida ham, tashqarida ham bo'lishi mumkin. Istaymizmi-yo'qmi, bunday fitnalar bo'laveradi, Alloh shuni iroda qilgan. Muhimi, bu fitnalar biz uchun sinov ekanini unutmasligimiz kerak. Fitna sabab har kim o'zining asl qiyofasini, asl basharasini namoyish etadi. Chinakam iymonga ega bo'lganlar kimlaru, qalbida kufr yashirinib yotganlar kimlar – hammasi ravshan bo'ladi. Haqiqiy xalqparvar, vatansevar, iymonli kishilar kimlar-u, mansabparast, xudbinlar kim – hammasi suv betiga chiqadi. Mo'minlar o'z yo'llarida sobit bo'ladilar va yuz berayotgan voqea-hodisalarni Robbimiz tarafidan bir sinov deb qabul qiladilar. Shu bilan birga, bu fitnalar ularning qayroqi bo'lib, chiniqib borishlariga ham xizmat qiladi. Ayni paytda Islomga qalbi ters bo'lgan, chin iymondan bebahra kimsalar fitnaga tushadi, bu narsa ularga tayyor bahona bo'ladi, qalbdagi nafratlari, shaytoniy tuyg'ulari mavj uradi. Bularning hammasi sinov dunyosining bir imtihonidir. Fitna – yolg'onga, mish-mishga tayanadi. U oyatlarni ta'vil qilish, hadislarni noto'g'ri talqin etish natijasidir. U vasvasa, nafs balosi oqibati bo'lib, milliy, diniy qadriyatlar asosini vayron qilishdir. Payg'ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam): “Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).        Nihoyat, fitna – sinov, gunohdir. Alloh halolni, haromni aniq belgilab berdi. Ularning o'rtasidagi narsalar esa shubhadir. Asl islomiy manbalarda haqiqiy musulmon insonning hatto shubhali amaldan ham qaytishi lozimligi ta'kidlanadi. Zero, zalolatga etaklovchi g'oyalar, noto'g'ri va botil qarashlar chin insonlar uchun sinov hamdir. Shu bois, imoni mustahkam, e'tiqodi komil inson harom va shubhali amallarni bajarishdan tiyiladi, binobarin, ularni bir bora qilgan inson, keyinchalik, o'rganib qoladi hamda gunohga moyil bo'lib qoladi.

Fitna ilmsizlik natijasida kelib chiqadi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bashorat berganlaridek, shariat ilmidan bexabar kishilarning din nomidan ish yuritishi inson va jamiyat uchun ko'plab ko'ngilsizliklarni, fitnalarni keltirib chiqaradi. Alloh taolo fitna haqida O'zining Kalomi sharifidagi “Baqara” surasi 191-oyatida: “(Odamlarni) aldab, fitnaga solish o'ldirishdan (ham) yomonroqdir”, deb o'z bandalarini turli ko'rinishdagi fitnalardan ehtiyot bo'lishga buyuradi. Chunki, insonning ma'naviy o'limi uning jismoniy o'limidan ayanchliroq, yomonroqdir. Shu bois ham, oyati karimada insonlar orasida fitna, fasod ishlarni tarqatishning gunohi ma'nan bir insonni o'ldirishdan ham yomonroq ekanligi aytilmoqda, chunki insonning ruhini o'ldirish – uning jasadini o'ldirishdan fojialiroq, oqibati esa dahshatliroqdir.

 

H.Abutov

Yangibozor tumani “Sulton Ho'ja bobo” masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

20.08.2026   35780   1 min.
“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.

Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.

Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.

Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari