“Fitna” deganda biz buzg'unchilik, maxfiy ravishda zarar etkazishga urinish, fasod qo'zg'ashni tushunamiz. To'g'ri, fitna so'zida shu ma'no ustun. Ammo bu so'zning asl kelib chiqish mazmuni yanada kengroqdir. Lug'atshunoslarning ta'kidlashicha, “fitna” so'zi arablarda aslida oltinni o'tga tutib, yot moddalardan tozalashni anglatar ekan. Shundan kelib chiqib, “fitna” so'zi imtihon, sinov degan ma'nolarda ham ishlatiladigan bo'lgan. Qur'oni Karimda bu so'z aynan shu mazmunda ham keladi.
Fitna — adashtirish, qiziqtirish, aldash, yo'ldan ozdirish va chalg'itishdir. Yolg'onga asoslangan “g'oya” hidoyat yo'lidagilarni haq yo'lidan ozdirishga xizmat qiladi. Ayrim manfaatdor toifalar xohish-irodasi ro'yobiga xizmat qiladi. Dunyoning bir chekkasida o'zini musulmon deb tanishtirgan bir kimsa qandaydir qo'poruvchilik qildi. Aslida Islomda uning hech qanday o'rni yo'q, uning bu ishini birorta musulmon oqlagani yo'q, bu kimsaga o'sha qilmishni ham kimdir buyurtma bergan yoki uni shunga majbur qilgan bo'lishi ehtimoli katta. Ammo ushbu hodisa fitna o'laroq odamlarda turlicha aks sado beradi: kimdir bundan Islom va musulmonlarning sha'niga dog' tushishidan tashvishlansa, kimdir befarq, kimdir esa shu narsa tufayli Islom va musulmonlardan nafratlana boshlaydi, kimdir dindan qaytishgacha boradi, yana qaysidir kimsa Islom va musulmonlarni haqorat qilishgacha, zolimlarni qo'llab-quvvatlashgacha jur'at qiladi. Bularning barchasi fitnaning imtihon qiluvchi omil ekaniga misol bo'ladi.
Musulmon o'lkalar, jumladan, bizning jonajon vatanimizdagi taraqqiyot, bugungi ijobiy o'zgarishlar kimlargadir yoqmasligi va ular bizni chalg'itish uchun fitnalar uyushtirishi tabiiy. Bunday fitnachilar ichkarida ham, tashqarida ham bo'lishi mumkin. Istaymizmi-yo'qmi, bunday fitnalar bo'laveradi, Alloh shuni iroda qilgan. Muhimi, bu fitnalar biz uchun sinov ekanini unutmasligimiz kerak. Fitna sabab har kim o'zining asl qiyofasini, asl basharasini namoyish etadi. Chinakam iymonga ega bo'lganlar kimlaru, qalbida kufr yashirinib yotganlar kimlar – hammasi ravshan bo'ladi. Haqiqiy xalqparvar, vatansevar, iymonli kishilar kimlar-u, mansabparast, xudbinlar kim – hammasi suv betiga chiqadi. Mo'minlar o'z yo'llarida sobit bo'ladilar va yuz berayotgan voqea-hodisalarni Robbimiz tarafidan bir sinov deb qabul qiladilar. Shu bilan birga, bu fitnalar ularning qayroqi bo'lib, chiniqib borishlariga ham xizmat qiladi. Ayni paytda Islomga qalbi ters bo'lgan, chin iymondan bebahra kimsalar fitnaga tushadi, bu narsa ularga tayyor bahona bo'ladi, qalbdagi nafratlari, shaytoniy tuyg'ulari mavj uradi. Bularning hammasi sinov dunyosining bir imtihonidir. Fitna – yolg'onga, mish-mishga tayanadi. U oyatlarni ta'vil qilish, hadislarni noto'g'ri talqin etish natijasidir. U vasvasa, nafs balosi oqibati bo'lib, milliy, diniy qadriyatlar asosini vayron qilishdir. Payg'ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam): “Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Nihoyat, fitna – sinov, gunohdir. Alloh halolni, haromni aniq belgilab berdi. Ularning o'rtasidagi narsalar esa shubhadir. Asl islomiy manbalarda haqiqiy musulmon insonning hatto shubhali amaldan ham qaytishi lozimligi ta'kidlanadi. Zero, zalolatga etaklovchi g'oyalar, noto'g'ri va botil qarashlar chin insonlar uchun sinov hamdir. Shu bois, imoni mustahkam, e'tiqodi komil inson harom va shubhali amallarni bajarishdan tiyiladi, binobarin, ularni bir bora qilgan inson, keyinchalik, o'rganib qoladi hamda gunohga moyil bo'lib qoladi.
Fitna ilmsizlik natijasida kelib chiqadi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bashorat berganlaridek, shariat ilmidan bexabar kishilarning din nomidan ish yuritishi inson va jamiyat uchun ko'plab ko'ngilsizliklarni, fitnalarni keltirib chiqaradi. Alloh taolo fitna haqida O'zining Kalomi sharifidagi “Baqara” surasi 191-oyatida: “(Odamlarni) aldab, fitnaga solish o'ldirishdan (ham) yomonroqdir”, deb o'z bandalarini turli ko'rinishdagi fitnalardan ehtiyot bo'lishga buyuradi. Chunki, insonning ma'naviy o'limi uning jismoniy o'limidan ayanchliroq, yomonroqdir. Shu bois ham, oyati karimada insonlar orasida fitna, fasod ishlarni tarqatishning gunohi ma'nan bir insonni o'ldirishdan ham yomonroq ekanligi aytilmoqda, chunki insonning ruhini o'ldirish – uning jasadini o'ldirishdan fojialiroq, oqibati esa dahshatliroqdir.
H.Abutov
Yangibozor tumani “Sulton Ho'ja bobo” masjidi imom-xatibi
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi