Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

7-mavzu: Mazhabsizlik – dinsizlikka yo'l

27.01.2022   1623   9 min.
7-mavzu: Mazhabsizlik – dinsizlikka yo'l

Mazhabsizlik – Islom dinida shar'iy masalalarda umum tan olingan to'rt fiqhiy mazhablarga ergashishni rad etish. “Mazhab” so'zi arabchada “yo'l”, “yo'nalish”, shar'iy istilohda esa “diniy masala bo'yi­cha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo'li” ma'nolarini bildiradi.

Mazhabsizlik tarafdorlari da'vosiga ko'ra, Islomda fiqhiy mazhablarning biriga ergashish shart qilinmagan. Go'yoki mazhabga ergashgan musulmonlar ko'r-ko'rona taqlid qilgani uchun adashadi. Islomga amal qilish asosida faqat Qur'on va sunnat turishi lozim. Mazhablar esa go'yoki kitob va sunnat ta'limotidan ko'ra, mazhabboshilarning ijtihodlariga taqlid qilinishiga o'xshaydi.

Mazhabsizlik tarafdorlari o'zlarini bir qancha turli nomlar bilan ataydilar: salafi solihlarga ergashish da'vosi bilan “salafiylar”, sahih hadisga ergashish da'vosi bilan “ahli hadislar”.

Ta'kidlash joizki, Nabiy alayhissalom hayotlik davrlarida sahobalar muayyan shar'iy masala chiqib qolsa, u zotning o'zlariga murojaat qilib, echimini topganlar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan so'ng sahobalar shar'iy savollar bo'yicha mujtahid darajasida bo'lgan sahobalardan fatvo so'raganlar. Tobeinlar sahobalar tutgan yo'lni tutib, mujtahidlarga ergashganlar.

Tobeinlar davrida ijtihodiy omillar sabab ikki asosiy maktab – ray' va hadis maktabi shakllangan. Bu ikki maktabda yigirmaga yaqin mazhablar shakllanib, ulardan to'rttasi: hanafiylik, hanbaliylik, molikiylik, shofeiylik saqlanib qolgan va Islom diyorlariga tarqalgan. Mazhablarning muayyan masaladagi qarashlarining turlicha ekani o'zaro kelisha olmasliklaridan emas, balki bir-birlarini to'ldirishlari bilan izohlanadi. Tarix nuqtai nazaridan qaralsa, bu to'rt mazhab ham bir-biri bilan bog'liq, mazhab asoschilari o'zaro bevosita yoki bilvosita bir-birlariga ustoz yoki shogird bo'lganlar. Shuning­dek, har bir mujtahidning mazhab tuzishda o'ziga xos ilmiy yo'nalishi bo'lgan.

Mashhur alloma Ibn Rajab (1335–1393): “Ko'plab mazhablar orasida faqat to'rttasining saqlanib qolgani, asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo'lgan”, deb yozgan (“To'rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” kitobi).

Ulamolar mazhablarga ergashish – Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisiga amal qilishdir, deb ta'kidlaydilar: “Agar ixtilof­ni ko'rsangiz, o'zingizga ko'pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Moja, 3950-hadis).

Mazhablardagi bitta masalaga nisbatan turlicha yondashishlik Islom shariatida musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Mazhablarda u yoki bu masala Islom ahkomlari, muayyan jamiyat, xalq yoki millatning urf-odatlari,
qadriyatlari hamda ijtimoiy munosabatlarning mazmunini hisobga olgan holda, eng ma'qul shaklda hal qilingan.

Islom ulamolari shar'iy hukmni va uning dalilini bilmaydigan musulmon odam (muqallid) mujtahid olimga taqlid qilishi zarurligini ta'kidlaydilar. Bunga Qur'ondagi ushbu oyatni dalil sifatida keltirish mumkin: “...Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so'rang” (Nahl surasi, 43-oyat). Ulamolar oyat Kitob va sunnatga qaytish shaklida emas, balki ahli zikrlarga ergashishlikka buyurish ko'rinishida nozil bo'lganiga e'tibor qaratadilar.

Mazhablarda Qur'on, sunnat, ijmo va qiyosdan dalil sifatida foydalanishning o'ziga xos qoidalari, usul va tamoyillariga asoslangan muayyan tizim mavjud. Masalalar tizimli ravishda hal bo'lgan. Mazhabsizlarda esa hech qanday ijtihod usul va qoidalari yo'q bo'lib, “Qur'on va sunnatga murojaat qilamiz” qabilidagi dalilsiz da'vo bilan hukmlar berilmoqda. Maqsadiga, ra'yiga va nafsiga to'g'ri kelgan dalillarni olib, qolganlarini tashlash esa yomon oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.

Bemazhablar omma, musulmonlar orsida ko'plab noto'g'ri talqin qilingan aqidaviy va fiqhiy masalalarni tarqatmoqdalar. Vaholanki, bu masalalar ahli sunna olimlari tomonidan allaqachon hal qilingan.

Mazhabsizlik tarafdorlarining ayrim iddaolaridan ularning da'volari asossiz ekaniga ishonch hosil qilish mumkin:

– bemazhablar: “Qur'on bitta va Payg'ambar bitta bo'lsa, to'rt mazhab orasida fiqhiy ixtiloflar bor, Haq bitta emasmi?” deydilar. Mazhablar bir manba – Qur'on va sunnatga asoslanadi. Mazhablarning biriga ergashgan kishi Qur'on va sunnatga ergashgan bo'ladi;

– mazhabsizlik tarafdorlari “Imom Buxoriy bemazhab bo'lgan”, deb dalil keltiradilar. Vaholanki, Imom Buxoriy yashagan davrda u kishiga o'xshash ilmi ijtihod darajasiga etgan, o'zi ijtihod qilganlar ko'p bo'lgan. Barcha ulamolar “Ilmi mujtahidlikka etgan odam, o'zi ijtihod qiladi”, deganlar. Hozirda esa o'sha davrdagi kabi mujtahidlar yo'q ekanini hisobga olmaydilar;

– mazhabsizlarning yana bir ko'rinishi – mazhab­larni bir-biriga qorishtirishdir. Ular “Qaysi mazhabning dalili kuchli bo'lsa, o'shani olamiz”, deyi­shadi. Buni ulamolar “harom amal” deb sanashgan. Vaholanki, mujtahid “sahih” deb amal qilgan hadisni ulardan keyin kelganlar “zaif” deya olmaydi. Chunki keyin kelganlar avval o'tganlarga o'zlarining
qoidalari bilan hukm qila olmaydi;

– mazhabsizlik tarafdorlari jamoaviy farz namozidan keyin masjiddan chiqib ketadilar. Buni go'yoki “namozdan keyingi zikrlarni Muhammad alayhissalom jamoat bo'lib qilmaganlar, yolg'iz qilganlar, biz sunnatga amal qilamiz” deb izohlaydilar. Vaholanki, namozdan keyingi zikrlarni jamoat bo'lib ado etish biror hadisda ochiq-oydin kelmagan bo'lsa-da, undan qaytariq ham sobit emas. Balki, juda ko'p hadislarda namozdan keyin masjidda zikr bilan mashg'ul bo'lishga targ'ib qilingan. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom bunday deganlar: “Allohni zikr qilayotgan bir qavm bilan ertalabki namozdan quyosh chiqqunicha birga o'tirishim menga Ismoil alayhissalomning avlodidan to'rt nafarini (qullik yoki qiyinchilik­lardan) ozod qilishimdan ko'ra sevimliroqdir. Allohni zikr qilayotgan qavm bilan birga asr namozidan to quyosh botguncha birga o'tirishim to'rt nafar (inson)ni ozod qilishimdan sevimliroqdir” (Imom Abu Dovud, 3667-hadis).

– muhimi, bemazhablar namozni va boshqa barcha ibodatlarni fiqhiy mazhablardan boshqacha tarzda taqdim qila olmaydilar. Balki o'zlari ham ushbu mazhablar asosida ta'lim olganlar. Ammo, keyinchalik, Qur'on va sunnatdan o'zlaricha yangi hukmlar chiqarishga o'tib, ixtiloflarga sabab bo'lmoqdalar.

Ulamolar mazhabdan yuz o'girish salafi solih yo'lidan yuz o'girish bo'lib, shubhasiz, adashishga olib borishi haqida ogohlantiradi. Zero, to'rt mazhab paydo bo'lgandan keyin Islom olami tan olgan zabardast olimlarning barchalari to'rt mazhabdan biriga ergashganlar.

Taassufki, mazhabsizlik tarafdorlari jamiyatda ixtilof chiqarish bilan shug'ullanib, aslida Islom madaniyati va ta'limoti rivoji uchun hech qanday hissa qo'shayotganlari yo'q. Hususan, hozirga qadar masjid yoki madrasa qurishga yordam berish, diniy mavzu haqida birorta kitob yozish, ehtiyojmand madrasa talabalariga yordam ko'rsatish kabi xayrli ishlarga mutlaqo aralashmaydilar ham.

Aksincha, Qur'on va sunnatdan o'zboshimcha yangi hukm chiqarish, musulmonlarni kufrda ayblash, ularning qonini to'kishni halol hisoblash, bog'iylik (hukumatga qarshi chiqish), vahima uyg'otish va fitna qo'zg'ash, obod joylarni vayron qilish kabi Islomda qat'iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo'lmoqdalar. Bu borada Shayx Muhammad Said Ramazon Butiyning: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid'atdir” nomli kitobi juda ahamiyatlidir.

Shunday ekan, bir mazhabni mahkam ushlab, unga amal qilish Nabiy alayhissalom va sahobai kiromlar tutgan yo'lda yurish bilan barobardir.

 

Diniy-ma'rifiy suhbatlar

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

25.08.2026   5390   5 min.
Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

Ba’zi shaharlarni kitobdan o‘qib tanimaysiz — ularni ko‘rish, his qilish, ko‘hna devorlariga boqish, tor ko‘chalaridagi tarix nafasini tuyish kerak. Buxoro dunyodagi ana shunday betakror, g‘aroyib shaharlardan biri hisoblanadi.

Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.

Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.

Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.

Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.

Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.

Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.

Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.

Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.

Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.

Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.

Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.

O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari