Hayotimiz bir tekisdan iborat emas: shodu xurram, farovon turmushimiz bilan bir qatorda ba'zan ayrim qiyinchiliklar ham bo'lib turishi tabiiy hol. Ana shunday qiyin damlarda Buyuk Rabbimizga ko'proq tavba va istig'forlar aytishimiz kerak.
Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi: «Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo'li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey Muhammad)! Ularga musibat etganda: «“Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz”, – deydilar. Aynan o'shalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (mag'firat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir» (Baqara surasi, 155—157-oyatlar).
Habaringiz bor, kuni kecha butun respublikamiz bo'ylab elektr energiyasidan uzilishlar kuzatildi. Bu holatni internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali odamlar har xil talqin qilishdi. Kimdir asossiz gaplar tarqatib, odamlarning vahimaga tushishiga ham sabab bo'ldi.
Aslida, haqiqiy mo'min kishi har qanday holatda ham Alloh taoloning yuqorida zikr etilgan oyati karimasini unutmasligi, dinimiz talablariga qat'iy rioya qilishi shart. Kim nima desa, ishonib ketaverish bizga yarashmaydi.
Musulmon kishi biror masala chiqsa: «Falonchi nima debdi, pismadonchi-chi?» deb emas, balki Alloh taolo va Uning Rasuli sollallohu alayhi va sallam aytganlarini o'ziga hujjat qiladi.
Bejiz So'fi Olloyor bobomiz:
Dema, tutdim falon buzruk ishini,
Ko'ra qo'yma nabiyning qilmishini, demaganlar. Shu bois biror narsani eshitsak, o'qisak yoki ko'rsak, avvalo, doimiy va asosiy manbaimiz – Qur'oni karim va hadisi shariflarga murojaat qilishimiz kerak. Bu muqaddas va muborak manbalar, mana, 15 asradan beri insoniyatga ma'naviy, ruhiy mayoq bo'lib kelmoqda.
Alloh taolo Qur'oni karimda: «Ey mo'minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat etkazib qo'yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo'lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko'ringiz!» (Hujurot surasi, 6-oyat).
Mug'ira ibn Shu'ba roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo ... mish-mishlar tarqatish, ko'p savol berish va mol-dunyoni behuda sarf qilish kabi ishlarni yomon ko'radi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqa bir hadisda esa: “Eshitgan narsasini gapiraverishi, kishininig gunohkor bo'lishiga kifoya” (Imom Muslim rivoyati), deyilgan.
Kecha chiroq o'chishi bilan har xil asossiz gaplar, xususan, “uch kun svet bo'lmas ekan”, “Svet bo'lmagandan keyin suv ham bo'lmaydi. Shuning uchun bir haftaga etadigan nonni, suvni, shamni g'amlab olish kerak”, mazmundagi so'zlar tarqala boshladi.
Internet va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bunday xabarlarni o'qigan kishilar oziq-ovqat va boshqa zarur ashyolarni xarid qilishga tushib ketdi. Vaziyatdan unumli foydalanishni ko'zlagan “uddaburon tadbirkorlar” suv, non va shamlarning narxlarini ikki-uch barobarga ko'tarib yuborishdi.
Aslida, Alloh taolo marhamat qiladi: “Yerda o'rmalovchi biror narsa (jonzot) yo'qki, uning rizqi (ta'minoti) Allohning zimmasida bo'lmasa! (U) uning qarorgohini ham, oromgohini ham bilur. Hammasi aniq Kitob (Lavhul mahfuz)da (yozilgan)dir” (Hud surasi, 6-oyat).
Kecha elektr energiyasida kuzatilgan uzilishlardan foydalanib, narxni sun'iy oshirib foyda ko'raman deyish musulmon kishiga aslo yarashmaydi. Axir, barchamiz mo'minmiz, musulmonmiz. O'z yurtdoshlarimizga, birodarlarimizga qanday zarar etkazishimiz yoki paytdan foydalanib, ularni ortiqcha xarajatlarga qo'yishimiz mumkin?!
Savdoda harom qilingan ishlardan biri ehtikor (monopoliya)dir. Ehtikor – narxni sun'iy oshirish degani. Narxni sun'iy oshirishda kim jabr ko'radi – xalq jabr ko'radi.
Ulamolarimiz – firibgarlik, qalloblik, tarozidan urish, sudxo'rlik, zo'ravonlik, qaroqchilik, monopoliya qilib olish, narxni sun'iy ravishda oshirish kabi barcha illatlarni shariatga xilof bo'lgan harom amallardan deganlar.
Muhtaram birodarlar!
Yaxshilik ham, yomonlik ham Alloh taolodan ekanini unutmaylik! Har xil vaziyatlar, holatlar sodir bo'lishi mumkin. Barchasiga sabr qilib, yurtdoshlarimizga, mo'min-musulmonlarga yordam qilishimiz zarur. Shunda Alloh taolo bizlardan rozi bo'ladi.
Jasurbek RAUPOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi
Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.
Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.
Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.
Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.
Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.
Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.
Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati