Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Buyuk ne'mat shukronasi

24.01.2022   1791   4 min.
Buyuk ne'mat shukronasi

Alloh taolo bizga ato etgan eng ulug' ne'matlardan biri mustaqillikdir. Ne'mat bo'lganda ham, har doim fikr yuritiladigan, shukr qilinadigan, qadri, sharafi, davomiyligi ko'z qorachig'iday asrab-avaylanadigan bebaho ne'matdir.

Istiqlol tufayli mamlakatimizda e'tiqod erkinligi qonuniy kafolatlab qo'yildi. Milliy va diniy qadriyatlar tiklandi, masjid va madrasalar ochildi, nodir tarixiy manbalar, asori-atiqalar musulmon xalqimizga qaytarib berildi. Yurtimizdagi boshqa go'shalar qatori Buxoroda ham diniy-ma'rifiy sohada tub o'zgarishlar bo'lmoqda.

Qadimdan ilm markazi bo'lgan zaminimizda so'nggi yillarda madrasa va masjidlar, muborak qadamjolar obod etilishi va ular faoliyatining takomillashishi, Yetti pir ulamolar nomini butun olamga tarannum etish maqsadida ularning ilmiy meroslarini o'rganish va ziyorat turizmini rivojlantirish bo'yicha zamonaviy loyihalarning hayotga tatbiq etilishi ijobiy o'zgarishlarga misol bo'ladi.   

Ana shu imkoniyatlardan to'g'ri foydalanish va bu ulug' ne'matlar shukronasini qilib, uning qadriga etib yashash va mustaqilligimizni yanada mustahkamlashga munosib hissa qo'shish barchamiz uchun ham farz, ham qarzdir. Mustaqillik va ibodatlarni emin-erkin ado etish ne'matiga doimiy shukrona aytishimiz lozim.

Alloh taolo marhamat qiladi: “…Agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman…” (Ibrohim surasi 7-oyat). Oyati karimada ta'kidlaganganidek, shukr qilsak Haq taolo O'z ne'matlarini yanada ziyoda qilishi, shubhasiz.

Muborak hadisi sharifda Payg'ambarimiz alayhissalom: “Kim insonlarga ulardan ko'rgan yaxshiliklari evaziga shukr qilmas ekan, demak Allohga ham shukr qilmabdi”deganlar (Imom Ahmad va Termiziy rivoyati).

Inson uchun dunyoga kelgan, unib-o'sgan eri Vatandir. Kindik qoni to'kilgan joy esa unga boshqa joydan qimmatli bo'ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinai munavvaraga ko'chib o'tganlarida Makkai mukarramani eslab: “Agar qavmim meni Makkadan chiqib ketishga majbur qilmaganida, hecham o'z ixtiyorim bilan uni tashlab ketmagan bo'lar edim”, deganlar. Demak, Vatanni sevish, undagi bor narsalarni ardoqlab, sog'inib yashash insoniyat fitratida mavjud bo'lgan nozik his-tuyg'udir.

Hakim ulamolar aytadilar: “Kishining vafodorligi uning o'z Vatani uchun qayg'urishidan, do'stlarini sog'inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga o'kinib yashashidan bilinadi”. Insonning xalqiga bo'lgan sadoqati va fidoyiligi Vatanni himoya qilishi, yurti taraqqiyoti, tinch va farovon hayot kechirishiga hissa qo'shishi bilan o'lchanadi.

Darhaqiqat, bugungacha bo'lgan yo'lni osonlikcha bosib o'tmadik. Shu zaminda yashayotgan har bir inson o'ziga “Kim edigu kim bo'ldik?” degan haqli savolni berib yashashi zamirida javobni tinchlikka bo'lgan hurmat, istiqlolga bo'lgan shukrona tufayli topishiga aminmiz. Kechagi kun bilan bugunning orasida juda katta tafovut bor. Yaqin tarixda kimningdir izmidan chiqolmay, o'z tili, o'zligi, haqligini isbot etishga ojiz kishilar bugun sof millat tili – o'zbek tilida baralla va erkin suhbatlashayotgani, hatto jahon minbarlarida turib so'zlayotgani yurakni cheksiz faxrga to'ldiradi.

Vatan tinchligi va uning har tomonlama rivojlanib, taraqqiy topishi uchun o'zaro hamjihatlik asosida sa'y-harakat qilishimiz zarur.

Alloh taolo marhamat qiladi: “…Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi 2-oyat).

Yaratgan Egamiz ato etgan ulug' ne'mat – hur zaminimizni yomon ko'z, xavf-xatar, balo-ofatdan panohida asrasin. Barchamizga bu ne'matning qadrini to'g'ri anglash, shukronasini ado etishni musharraf qilsin!

Jobir Elov,

Buxoro viloyat bosh imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Akademiya rektori «Do‘stlik», Islom sivilizatsiyasi markazi direktori «Fidokorona xizmatlari uchun», akademiya professori «Imom Buxoriy» ordenlari va «Ziyo» media markazi rahbari «Shuhrat» medali bilan taqdirlandilar

22.08.2026   36888   1 min.
Akademiya rektori «Do‘stlik», Islom sivilizatsiyasi markazi direktori «Fidokorona xizmatlari uchun», akademiya professori «Imom Buxoriy» ordenlari va «Ziyo» media markazi rahbari «Shuhrat» medali bilan taqdirlandilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, ordenlar va medallar bilan mukofotlandilar.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Kamilov Muzaffar Muratovich "Do‘stlik" ordeni bilan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Abduxalikov Firdavs Fridunovich «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan, mazkur akademiyaning "Arab tili va adabiyoti al-Azhar" kafedrasi professori Islomov Zohidjon Mahmudovich «Imom Buxoriy» ordeni bilan va akademiya huzuridagi "Ziyo" media markazi direktori Muxtarov Abduxamid Abduaxatovich "Shuhrat" medali bilan taqdirlandilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi doimiy hamkor tashkilotlarimiz rahbarlari va ustozlarni mazkur yuksak mukofotlar bilan muborakbod etib, Alloh taolodan mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va muborak dinimiz rivoji yo‘lidagi faoliyatlarida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari