“Salafiylik” iborasi arab tilidagi “سلف” so'zidan olingan bo'lib, “ajdodlar”, “avval yashab o'tganlar” ma'nolarini anglatadi. Qur'oni karimning Zuxruf surasida “salaf” so'zi “avval yashab o'tganlar”, “o'tmish (kishilari)” ma'nolarida ishlatilgan.
Diniy istilohda “salaf” so'zi muayyan bir davr bilan bog'liq ma'noni beradi. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Eng yaxshi davr mening davrim, so'ng ularga yaqin bo'lgan, so'ng ularga yaqin bo'lgan davrlardir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Shunga ko'ra, Islom ulamolari ilk musulmonlarni “salaf solih”, ya'ni “solih ajdodlar” deb hisoblashda yakdildirlar. Ulardan keyingi davrlarda yashagan musulmonlarga nisbatan “salaf” yoki “salafiy”lar tushunchalarini ishlatish umuman mantiqsizlik.
Biroq, so'nggi yillarda “salaf solihlarga ergashish” shiorini niqob qilib olgan va musulmon jamiyatlarini ilk Islom davri holatiga qaytarishni targ'ib qiluvchi diniy mutaassib, soxta salafiylar paydo bo'lganini alohida qayd etish lozim. Ular bu ishni, Alloh taoloning:
وَأَنَّ هَـٰذَا صِرَاطِى مُسْتَقِيماً فَٱتَّبِعُوهُ وَلاَ تَتَّبِعُواْ ٱلسُّبُلَ فَتَفَرَّقَ بِكُمْ عَن سَبِيلِهِ ذٰلِكُمْ وَصَّاكُمْ بِهِ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ
Ya'ni: “Albatta, bu Mening to'g'ri yo'limdir. Bas, unga ergashing. Va boshqa yo'llarga ergashmang. Bas, sizni uning yo'lidan adashtirmasinlar. Mana shu sizga qilgan amrki, shoyad taqvo qilsangiz”. An'om surasi 153-oyatiga muxolif holda qilmoqda.
Soxta salafiylar va ahli sunna olimlari
o'rtasidagi ixtiloflar
– Qur'on va sunna matnlarining zohiridan hukm chiqaradilar;
– “takfir” (kufrda ayblash) va “hijrat” (vatanni tark etish) kabi diniy atamalardan foydalanish orqali musulmonlarni vatangado qiladilar;
– fiqhiy mazhablarni bid'at deb bilishib, mazhabsizlikni targ'ib qiladilar;
– tasavvuf va urfni shariatga xilof deb hisoblaydilar;
– g'ayridinlarga o'ta toqatsiz munosabatda bo'lib, diniy bag'rikenglikni yoqlamaydilar;
Soxta salafiylarning Hanafiy mazhabiga zid asosiy da'volari quyidagi g'oyalarda o'z aksini topadi:
– “Iysolus savobga” toqatsiz munosabatda bo'ladilar. Masalan, mayyitga Qur'on tilovatidan hosil bo'lgan savobni yo'qqa chiqaradilar;
– “Vasila” qilish shirk;
– Qabrlarni ziyorat qilish va ularga Qur'on tilovati qilish bid'at;
– har qanday yangilikni “bid'at” deb hisoblab, uni rad etadilar.
– o'zlarini “yuqori tabaqa musulmonlari” deb hisoblab, mazhablarga mansub musulmonlarni past tabaqa, zaif, noqis musulmonlar, deb biladilar. Ular o'zlarini salaflarga ergashuvchilar, deb hisoblab, mazhabdagi musulmonlarni esa ayrim olimlargagina ergashadilar, deb da'vo qiladilar.
Hozirgi kunda zamonaviy salafiylar bir necha guruhlarga bo'linib ketgan. Ularni umumlashtirib, ikki guruhga ajratish mumkin:
Birinchisi, davlat boshqaruvida shariatning ustuvorligiga erishish uchun jangu-jadallar bilan harakat qiladigan radikal salafiylar;
Ikkinchisi, o'zlarini go'yoki davlatdagi mavjud qonun-qoidalarga bo'ysunadigan va ularga qarshi chiqmaydigan qilib ko'rsatadigan, jangarilik faoliyati bilan shug'ullanmaydigan “mo''tadil” salafiylar hisoblanadi. Ular o'zlarini diniy mutaassib fikrlaridan qaytmagan holda, boshqa qarashlarga nisbatan hurmat bilan qaraydiganlar guruhiga mansub bo'lib, muayyan mazhabga mansub bo'lishni yoqlamaydilar.
Hozirda soxta salafiylik g'oyalari ostida asosan Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq, Kavkaz va Markaziy Osiyoning ayrim hududlarida faoliyat olib boradigan harakatlar jamiyatdagi e'tiqodiy birlik, barqarorlik va taraqqiyot uchun real tahdidga aylanganini alohida ta'kidlash zarur.

Imom Muslim rahmutullohi alayh o'zlarining «Sahih» asaralarida, Arafa roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg'ambarimiz sollollohu alayhi vasallam: “Sizlar bir kishiga jamlanib ahil bo'lib turganingizda bir kimsa kelib, (hamjihatlik) hassangizni sindirmoqchi yoki yakdilligingizni bo'lib tashlamoqchi bo'lsa, uni o'ldiring”, deganlarini eshitdim”.
Payg'ambarimiz sollollohu alayhi vasallam bu so'zlarni bekorga aytmaganlar. Ma'lum davrda mana shunday nobakorlar chiqishi mumkinligini va ular birdam bo'lib turgan jamoani bo'lib tashlaydigan darajadagi fitnani qo'zg'ata olishi mumkinligidan ogohlantirganlar.
O'.SOBIROV
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati