Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

Soxta salafiylikning hanafiy mazhabiga zid da'volari

17.01.2022   3504   5 min.
Soxta salafiylikning hanafiy mazhabiga zid da'volari

 

“Salafiylik” iborasi arab tilidagi “سلف” so'zidan olingan bo'lib, “ajdodlar”, “avval yashab o'tganlar” ma'nolarini anglatadi. Qur'oni karimning Zuxruf surasida “salaf” so'zi “avval yashab o'tganlar”, “o'tmish (kishilari)” ma'nolarida ishlatilgan.

Diniy istilohda “salaf” so'zi muayyan bir davr bilan bog'liq ma'noni beradi. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Eng yaxshi davr mening davrim, so'ng ularga yaqin bo'lgan, so'ng ularga yaqin bo'lgan davrlardir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Shunga ko'ra, Islom ulamolari ilk musulmonlarni “salaf solih”, ya'ni “solih ajdodlar” deb hisoblashda yakdildirlar. Ulardan keyingi davrlarda yashagan musulmonlarga nisbatan “salaf” yoki “salafiy”lar tushunchalarini ishlatish umuman mantiqsizlik.

Biroq, so'nggi yillarda “salaf solihlarga ergashish” shiorini niqob qilib olgan va musulmon jamiyatlarini ilk Islom davri holatiga qaytarishni targ'ib qiluvchi diniy mutaassib, soxta salafiylar paydo bo'lganini alohida qayd etish lozim. Ular bu ishni, Alloh taoloning:

وَأَنَّ هَـٰذَا صِرَاطِى مُسْتَقِيماً فَٱتَّبِعُوهُ وَلاَ تَتَّبِعُواْ ٱلسُّبُلَ فَتَفَرَّقَ بِكُمْ عَن سَبِيلِهِ ذٰلِكُمْ وَصَّاكُمْ بِهِ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ

Ya'ni: “Albatta, bu Mening to'g'ri yo'limdir. Bas, unga ergashing. Va boshqa yo'llarga ergashmang. Bas, sizni uning yo'lidan adashtirmasinlar. Mana shu sizga qilgan amrki, shoyad taqvo qilsangiz”. An'om surasi 153-oyatiga muxolif holda qilmoqda.

Soxta salafiylar va ahli sunna olimlari
o'rtasidagi ixtiloflar

– Qur'on va sunna matnlarining zohiridan hukm chiqaradilar;

– “takfir” (kufrda ayblash) va “hijrat” (vatanni tark etish) kabi diniy atamalardan foydalanish orqali musulmonlarni vatangado qiladilar;

– fiqhiy mazhablarni bid'at deb bilishib, mazhabsizlikni targ'ib qiladilar;

– tasavvuf va urfni shariatga xilof deb hisoblaydilar;

– g'ayridinlarga o'ta toqatsiz munosabatda bo'lib, diniy bag'rikenglikni yoqlamaydilar;

Soxta salafiylarning Hanafiy mazhabiga zid asosiy da'volari quyidagi g'oyalarda o'z aksini topadi:

– “Iysolus savobga” toqatsiz munosabatda bo'ladilar. Masalan, mayyitga Qur'on tilovatidan hosil bo'lgan savobni yo'qqa chiqaradilar;

– “Vasila” qilish shirk;

– Qabrlarni ziyorat qilish va ularga Qur'on tilovati qilish bid'at;

– har qanday yangilikni “bid'at” deb hisoblab, uni rad etadilar.

– o'zlarini “yuqori tabaqa musulmonlari” deb hisoblab, mazhablarga mansub musulmonlarni past tabaqa, zaif, noqis musulmonlar, deb biladilar. Ular o'zlarini salaflarga ergashuvchilar, deb hisoblab, mazhabdagi musulmonlarni esa ayrim olimlargagina ergashadilar, deb da'vo qiladilar.

Hozirgi kunda zamonaviy salafiylar bir necha guruhlarga bo'linib ketgan. Ularni umumlashtirib, ikki guruhga ajratish mumkin:

Birinchisi, davlat boshqaruvida shariatning ustuvorligiga erishish uchun jangu-jadallar bilan harakat qiladigan radikal salafiylar;

Ikkinchisi, o'zlarini go'yoki davlatdagi mavjud qonun-qoidalarga bo'ysunadigan va ularga qarshi chiqmaydigan qilib ko'rsatadigan, jangarilik faoliyati bilan shug'ullanmaydigan “mo''tadil” salafiylar hisoblanadi. Ular o'zlarini diniy mutaassib fikrlaridan qaytmagan holda, boshqa qarashlarga nisbatan hurmat bilan qaraydiganlar guruhiga mansub bo'lib, muayyan mazhabga mansub bo'lishni yoqlamaydilar.

Hozirda soxta salafiylik g'oyalari ostida asosan Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq, Kavkaz va Markaziy Osiyoning ayrim hududlarida faoliyat olib boradigan harakatlar jamiyatdagi e'tiqodiy birlik, barqarorlik va taraqqiyot uchun real tahdidga aylanganini alohida ta'kidlash zarur.
 

Imom Muslim rahmutullohi alayh o'zlarining «Sahih» asaralarida, Arafa roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg'ambarimiz sollollohu alayhi vasallam: “Sizlar bir kishiga jamlanib ahil bo'lib turganingizda bir kimsa kelib, (hamjihatlik) hassangizni sindirmoqchi yoki yakdilligingizni bo'lib tashlamoqchi bo'lsa, uni o'ldiring”, deganlarini eshitdim”.

Payg'ambarimiz sollollohu alayhi vasallam bu so'zlarni bekorga aytmaganlar. Ma'lum davrda mana shunday nobakorlar chiqishi mumkinligini va ular birdam bo'lib turgan jamoani bo'lib tashlaydigan darajadagi fitnani qo'zg'ata olishi mumkinligidan ogohlantirganlar.

O'.SOBIROV

INFOGRAFIKA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   6895   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari