Ona Vatan! Nima uchun Vatanni ona so'zi bilan yonma-yon ishlatamiz? Chunki Vatan ham onamiz singari aziz, mehribon va qadrlidir. Inson dunyoga kelmasidan avval onaning vujudida ulg'aysa, dunyoga kelganidan keyin esa endi Ona Vatanda unib-o'sadi. Kishining tug'ilganda kindik qoni to'kilgan er uning Vatani hisoblaniladi. Mana shu Vatanini asrab-ardoqlash, ximoya qilish xar bir insonning muqaddas burchidir. Axir, donolarimiz bekorga aytishmaganku:
Tug'ilgan erdan ko'ngil uzilmas,
Yurt qo'riganning yurti buzilmas.
Yurtda vatanni sevadigan, ardoqlaydigan va himoya qiladigan mardlar bor ekan, shu yurt doimo yuksalaveradi, gullayveradi. Har bir el, har bir millat uchun o'zining tug'ilib-o'sgan vatanidan ardoqliroq maskan bo'lmasa kerak. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinai munavvaraga hijrat qilib ketayotganlarida Makkai mukarrama tomonga yuzlanib: «Agar qavmim meni Makkadan chiqib ketishga majbur qilmaganida, hecham o'z ixtiyorim bilan uni tashlab ketmagan bo'lar edim», deganlar.
Demak, ona vatanini sevish, undagi bor narsalarni ardoqlash va sog'inib yashash insoniyat fitratidagi nozik tuyg'udir. Qayerga bormasin kishi o'z vatanini baribir qo'msayveradi. Chunki inson dunyo yuzini ko'rgach, birinchi bo'lib vatanidagi havodan nafas ola boshlaydi, vatanidagi tuproqda ilk qadamlarini qo'yib yurishni o'rganadi, dunyoni tanishni shu vatanni anglashdan boshlaydi. Ilk kindik qoni to'kilgan, dastlabki qadamlarini qo'ygan tuproqni himoya qilish barchamizning Vatan oldidagi muqaddas insoniylik burchimizdir.
Mustaqillik yillarida yurtimizda davom etayotgan moddiy va ma'naviy taraqqiyot asosida tinchlikni saqlash, iqtisodiyotni rivojlantirish va xalqimiz turmush darajasini yanada yuksaltirish borasida ulkan natijalarga erishildi. Shu maqsadda 1992 yil 14 yanvar' kuni bir muhim voqea yuz berdi. Shu kuni respublikamiz Qurolli Kuchlari tashkil topdi. 1993 yildan e'tiboran 14 yanvar' yurtimizda Vatan himoyachilari kuni- deb e'lon qilindi. Qisqa vaqt davomida milliy armiyamiz hech bir mamlakatdan ortda qolmaydigan darajadagi qurol-aslahalarga, jangovor uskunalarga ega bo'ldi. Respublikamiz Qurolli Kuchlarida xizmat qilayotgan askarlarning saviyasi esa ham ma'nan, ham jismonan yuksak darajaga etib ulgirdi desak aslo mubolag'a qilmagan bo'lamiz. Yurtitmizda har yili 14 yanvar' Vatan himoyachilari kuniga bag'ishlab turli bayram dasturlari, ko'rik-tanlovlar, davra suxbatlari, musobaqalar o'tkaziladi va o'z Vataniga chin sadoqat bilan xizmat qilayotgan bir qator xarbiylarimiz yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlanadi. Bunday dasturlar Vatanimiz himoyachilarini rag'batlantirishga xizmat qilibgina qolmay, atrofdagi yoshlarga vatanga mehr-muhabbat, vatanimiz himoyachilariga nisbatan yuksak ehtirom tuyg'ularini shakllanib borishiga yordam beradi va bo'lajak Vatan himoyachilari ma'naviyatlarini yuqori darajaga ko'tarib, jismonan baquvvat, aqlan etuk, sergak bo'lib kamolotga etishishlarida katta ahamiyat kasb etadi.
Muxtasar aytganda, so'nggi yillarda Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini mustahkamlash, zamonaviylashtirish va isloh qilish yo'lida amalga oshirilgan barcha sa'y-harakatlar mustaqilligimizni asrab-avaylash, sarhadlarimiz daxlsizligi, osmonimiz musaffoligi hamda el-yurtimiz osoyishtaligini ta'minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yurt tinchligini himoya qilishda har bir soha vakili o'z hissasini qo'shishi lozim. Masalan, o'qituvchi-murabbiylar o'quvchilarga vatan yagonaligi, vatan himoyasi muqaddas burch ekanini tushuntirib borsalar, yosh avlod Vatanga sadoqat hissi bilan o'sib-ulg'ayib kamol topadi. Natijada kelajak avlodlarimiz yurt himoyasi naqadar ulkan vazifamiz ekanini qalbdan his qiladilar va bunga qattiq bel bog'lagan vatanparvarlar bo'lib kamol topadilar. Mutafakkirlardan biri bunday degan: «Vatanparvar o'z vatani kamoloti yo'lida o'z xalqiga muhabbati tufayli moli, kuch-g'ayrati tugul jonini ham ayamaydigan, xalki va vatanining ozodligi, farovonligi uchun bor budini fido qiluvchi insondir». Bunday vatanparvarlari bor yurt esa doimo tinch, osmoni musaffo, xalqi ahl, rizqi mo'l, hayoti esa farovon bo'ladi.
Bundan tashkari, muqaddas dinimizda vatanni himoyalash muqaddas burch qilib belgilanib, bu xizmati uchun juda katta mukofotlar va'da qilingan. Jumladan, Imom Tabaroniy rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululoh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: «Alloh taolo roziligi yo'lida bir kun chegara hududida posbonlik qilish bir oy kechalari ibodat qilib, kunduzlari nafl ro'za tutishdan afzaldir».
Haqiqatan, Vatan himoyachisi bo'lish eng sharafli va oliy kasb ekanini yaxshi bilgan yigitlarimiz xar tomonlama, ham jismoniy, ham ma'naviy jihatdan loyiq bo'lishni yaxshi anglaydilar, ana shu sifat va hislatlarni egallashga doimo harakat qiladilar. Bu vazifalari bilan ular nafaqat o'z Vatanlarini balki, eng yaqinlari bo'lmish ota-onalari, qavmu-qarindoshlari, tug'ilib o'sgan maskanlari, yurtlaridagi barcha tog'u-toshlar, gul va rayhonlarni himoya qilgan bo'ladilar.
Alloh taolo jonajoni yurtimiz sarhadlarini sergaklik bilan qo'riklayotgan Vatan himoyachilarini hifzu himoyasida saqlab, diyorimiz osmonini doimo musaffo, tinchligimizni esa barqaror va mustaqilligimizni abadiy qilsin!
Mirodil MIRJALILOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi o'rinbosari
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.
Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.
Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.
Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati