Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

Vatanga munosabat qanday bo'lishi kerak?

14.01.2022   2968   15 min.
Vatanga munosabat qanday bo'lishi kerak?

Vatanparvarlik haqida so'z borar ekan, har bir mo'min-musulmon inson avvalo bu borada payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning Vatanga bo'lgan munosabatlarini bilishi lozim. Shu e'tibordan bugun Islom ummatining Vatanga munosabati qanday bo'lishi kerakligini u zot alayhissalomning namunalarida o'rganishga harakat qilamiz.

Cuhbatimizning avvalida Alloh subhanahu va taolodan notinch dunyoimizga tinchlik so'raymiz, aziz Vatanimizning gullab-yashnashini so'raymiz, xususan, qurolli kuchlarimizga ham salohiyat so'raymiz. Zero, Vatanni himoya qilish, o'z xalqini, oilasini himoya qilish erkak kishining erkakligini, yigitligini sinaydigan sharafli burchdir. Vatanimizda tug'ilib-o'sgan har bir er yigitning qurolli kuchlar safida xizmat qilishi Vatan himoyasining ramzidir. Chegarani qo'riqlash Vatanni qo'riqlashdir, bunga doim tayyor turish har bir Vatan o'g'lonining qalbiga singib ketgan hissiyot bo'lishi lozim. Shunday ekan, Alloh subhanahu va taolodan xalqimizning porloq kelajagi, davlatimizning ravnaqini so'rar ekanmiz, ayni paytda qurolli kuchlarning salohiyatini ham so'rashimiz lozim.

Alhamdulillah, yurtimizda istiqlol shamoli esa boshlagandan buyon chorak asr davomida hayotimizning har bir jabhasi bosqichma-bosqich rivoj topib bormoqda. Hususan, ijtimoiy sohada, dinu diyonat, ilm-ma'rifat borasida ham juda ko'p xayrli ishlar amalga oshmoqda. Jamoatga to'lib-toshayotgan xonaqohlarimiz, yangi-yangi qurilayotgan va ta'mirlanayotgan muhtasham masjidlarimiz bunga yorqin misoldir. Alloh taolo bu dorilomon kunlarda yashashimizga nimani sabab qildi? Avvalo yurtimizga ato etilgan tinchlik-xotirjamlikni, barqarorlikni sabab qilib berdi. Bu tinchlik, barqarorlik esa Vatan sarhadlarini qo'riqlab turgan, tinchligimizni ta'minlab turgan, toat-ibodatlarimizni emin-erkin ado etishimizni kafolatlab turgan qurolli kuchlarimizning, tinchlik posbonlarimizning kechani kecha, kunduzni kunduz demay, sergaklik bilan, hushyorlik bilan qilayotgan xizmatlarining samarasidir.

Ammo yoshlarimiz bunday fidokorona xizmat qilishi uchun, Vatanga sodiq bo'lishi uchun biz mo'min-musulmonlar, yurt fuqarolari nima qilishimiz kerak? Bizning vazifamiz – yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning qalbiga Vatanga muhabbat hissini, shu jannatmakon yurtda tug'ilib-o'sganidan faxrlanish tuyg'usini singdirishimiz kerak. Shuning uchun bugungi suhbatimizda dinimizda Vatanga munosabat qanday bo'lishi lozimligi haqida so'z yuritmoqdamiz.

Vatan – insonning tug'ilgan, kindik qoni to'kilgan joydir, bolalik, yoshlik davri o'tadigan, ta'lim-tarbiya topadigan joydir, safar qilsa, mudom qo'msaydigan joydir. Vatanni sevish, uning ravnaqi yo'lida xizmat qilish, uni yomon ko'zdan, qora kuchlardan himoya qilish, uning sha'nini yuqori ko'tarish – bularning barchasi Alloh subhanahu va taologa bo'lgan muhabbatimizning, U Zotning habibi, Rasuli Muhamamd sollallohu alayhi vasallamga bo'lgan muhabbatimizning mahsulidir. Zero, Alloh subhanahu va taolo bu tuyg'uni insonning fitratiga qo'shib yaratgan. Bu tuyg'u nafaqat insonda, balki boshqa maxluqotlarda ham bor. Vatanni yaxshi ko'rish, vatanni qo'msash tuyg'usi jonivorlarda ham bor. Baliq suvga, hayvon o'zining iniga, hasharot uyasiga intiladi. O'sha aqli yo'q jonivorlar ham, hasharotlar ham o'zining uyini taniydi, uni quradi, unda jufti bilan yashab, naslini davom ettiradi, zarur paytda uni himoya qiladi. Shunday ekan, aqlu zakovat, tafakkur ato etilgan, borliqdagi mavjudotlarning gultoji bo'lgan insonda esa bu tuyg'u yuksak darajada rivojlangan bo'lishi lozim.

Imom Muhammad G'azzoliy alayhirrohma shunday degan ekanlar: “Vatanning ham haqlari bo'ladi. Ularning birinchisi shu Vatanda yashaganda tinch-xotirjam, shukrona qilib yashash haqqidir. Shuningdek, Vatandan ketganda uni sog'inish, Vatan kamsitilganda g'azablanish, Vatanga hujum qilinganda uni himoya qilish ham Vatanning shu yurtda tug'ilib-o'sganlar zimmasidagi haqqidir. Shu jannatmakon Vatanda yashayapmizmi, unda tinch-totuvlik bilan yashaylik, bunga shukrona qilaylik, ilm izlabmi, tijorat maqsadidami, Vatandan safar qildikmi, uni sog'inaylik”.

Mo'min-inson uchun eng muqaddas zamin – Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qadamlari tekkan, Qur'oni Karim nozil bo'lgan, dinimiz ilk bor tarqalgan harami sharifdir, Ka'bai muazzama joylashgan Makkai Mukarramadir, ravzi muborak joylagan Madinai Munavvaradir. Bu muqaddas zaminga borib, u erda dinimizning beshinchi arkoni bo'lmish haj va umra ibodatini ado etish har birimizning eng shirin orzuimizdir. Ammo Alloh taolo inson qalbiga jo qilgan Vatan hissi shu qadar kuchliki, hojilar ana shu muqaddas maskanga borib ham, u erda haj arkonlarini ado etgandan keyin, ravzai mutohharani ziyorat qilgandan keyin ham uyga qaytgisi kelib qoladi, bir kun ham turgisi kelmay qoladi. Vaholanki hajga borish uchun navbatga yozilib, o'n yillab kutadi, umrida bir marta boriladigan bu safarga borgach, Ka'bani ko'rgan zahoti ho'ngrab yig'laydi, haramning tuprog'ini o'padi, zamzam suvini muqaddas deb ko'tarib keladi. Lekin haj arkonlari tugagach, bir kun ham turgisi kelmaydi, tezroq Vatanga, uyga qaytgisi keladi.

Ana shu Vatan tuyg'usi tufayli inson o'zi yashaydigan uyni, o'zi yashaydigan mahallani, shahar-qishloqni, Vatanni sevadi, uni obod qiladi, uning sha'nini ulug'laydi, himoya qiladi. Vatanning sha'nini turli ko'rinishlarda ulug'lash mumkin, masalan, uni moddiy va ma'naviy obod qilish mumkin, turli xalqaro anjumanlarda, xalqaro musobaqalarda Vatanning nomidan ishtirok etish mumkin. Ammo buning asosiy sharti shuki, qaysi sohada bo'lmasin, xolis va samimiy xizmat qilsin, ana shunda bu xizmat Vatanning sha'nini ko'tarishdagi xizmat hisoblanadi. Alloh asrasin, bir kimsa bu mas'uliyatli sohada xiyonat qilsa, bu vakolatni suiste'mol qilsa, bu narsa nafaqat uning o'ziga, balki u vakili bo'lgan xalqqa, uni tarbiyalab-o'stirgan Vatanning sha'niga dog' tushadi. Shuning uchun hazrati Umar roziyallohu anhu: «Agar Vatan sevgisi bo'lmaganda, yurtlar xarob bo'lardi», deganlar.  Yurtni uni sevganlar obod qiladi, uni Vatan deb bilganlar himoya qiladi.

Shuning uchun qaysi sohada bo'lmasin, o'zimiz uchun emas, Vatan uchun mehnat qilayotganimizni his qilaylik. Mansabdor odam pora olsa, nafaqat o'zining mansabini suiste'mol qiladi, balki zimmasidagi Vatanining haqlarini suiste'mol qilyapti. O'qituvchi darsga kirmasa, bolalar o'ynab yursa, u o'zining vazifasiga emas, Vatanning kelajagiga xiyonat qilyapti.

Ta'kidlash joizki, Vatan sevgisining masdari bizning e'tiqodimizdadir. Zero, bu muborak tuyg'uni qalbimizga Alloh taolo solgan. Vatanni sevishni, ota-onani yaxshi ko'rishni bizga Robbimiz o'rgatgan. Shunday ekan, bu tuyg'ular Robbimizga, U Zotning habibi Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga bo'lgan sevgimizdan ortiq bo'lmaydi, balki ana shu sevgidan kelib chiqadi.

Bir go'zal namunaga e'tibor beraylik. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy nozil bo'lganda Hadicha onamiz roziyallohu anho u zotni Varaqa ibn Navfalning oldiga olib borganlar. Keksayib, ko'zlari ojiz bo'lib qolgan bu inson Tavrotdan, Injildan xabardor zot edi, oxirzamon payg'ambarining alomatlarini biladigan, u zotning kelishini kutib yurgan ziyrak, zakovatli zot edi. Varaqa ibn Navfal Payg'ambar alayhissalomni gaplarini eshitib, «Qavmingiz sizni yolg'onchiga chiqaradi, sizga aziyat beradi, tug'ilib-o'sgan yurtingizdan chiqarib yuborishadi», deydi. 

Ulug'larimiz ushbu holatni Vatanga muhabbatning haqligiga, Vatandan ajralishning mashaqqat ekanligiga dalil qilib, shunday deydilar: «Varaqa ibn Navfal sizni yolg'onchiga chiqarishadi deganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu gapni indamay eshitib o'tirdilar, sizga aziyat berishadi deganida eshitib o'tirdilar. Ammo «Sizni yurtingizdan quvib chiqaradilar» deganida u zot to'lqinlanib ketib, «Hali qavmim meni shahrimdan quvib chiqaradimi?» deb so'raganlar. Mana shu u zotning Vatanlariga bo'lgan muhabbatlarining belgisi edi.

Varaqa ibn Navfal aytgan kun kelib, makkaliklarning tazyiqi haddan ortib ketgach, hijratga izn berildi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Makkadan uzoqlashmasdan turib, Ukoz bozorining oldiga borganlarida ortlariga o'girildilar. Makkaga qarab turib, o'zlarining mashhur gaplarini aytganlar: «Ey menga sevikli shahrim Makka! Agar qavming meni haydab chiqarmaganda seni hargiz tark qilmagan bo'lardim», deganlar. Madinaga borib, Alloh taologa: «Robbim, Makkani menga suyukli qilganingdek, Madinani ham suyukli qil» deb duo qilganlar. Shuningdek, u zot alayhissalomning yana bir mashhur so'zlari bor – u zot: «Agar hijrat bo'lmaganda, men ansorlardan bo'lgan bo'lardim», deganlar. Buning ma'nosi «Makka bo'lmaganda, men makkalik bo'lmaganimda, madinalik bo'lardim», deganlaridir. U zot Madinada qolganlar, ansorlarni ixtiyor qilganlar, lekin makkaliklarni aslo unutmaganlar. Bu haqda Qur'oni Karimda oyatlar ham kelgan. Alloh subhanahu va taolo O'zini «U Zot sizni qaytish joyingizga qaytaruvchidir», deganda Makkani nazarda tutgan.

«Vatan sog'inchi» risolasida aytishicha, arablar biron joyga safarga chiqishsa, hidlab yurish uchun Vatan tuprog'idan olib ketishar ekan. O'sha tuproq vatan hissini uyg'otib, uni esdan chiqarmay turadigan omil bo'lar ekan.

Hadisi shariflarda bunga o'xshash misollar ko'plab keltirilgan. Ularning hammasi bizni ana shu Vatan hissini sezishga undashi kerak. Afsuski, bu hissiyot insonda ko'pincha sezilmaydi. Qachonki bir ne'mat qo'ldan ketsa, zavolga yuz tutsagina uning qadri bilinganidek, ko'pchilikning boshiga musofirchilik tushsagina Vatan hissi seziladi, shundagina Vatanning qadriga etib qolinadi. Bir vaqtlar sho'ro hukumati o'rnatilganda ko'pchilik  yurtdan qochishga, hijrat qilishga majbur bo'lgan. Kimdir jonini saqlash uchun, kimdir ilmini saqlash uchun, kimdir oltinlarini saqlash uchun ketgan, xullas, hamma o'zi uchun qiymatli narsani ko'tarib, qochishga ulgurganlar qochgan. Lekin ba'zilar Vatandan ketmagan, ular shu Vatanni, uning taqdirini,  kelajagini o'ylab qolishgan. To'g'ri, ketganlar ham aslida Vatanni o'ylab ketgan, ammo qolganlarnin aksariyati «Bu vatanni, bu millatni, yoshlar tarbiyasini kimga qoldiramiz? Men ketsam, sen ketsang, hammamiz ketsak, bu xalq kimga qoladi?» deb o'ylab, Vatanda qolishgan. Qatag'on eng kuchaygan damlarda ba'zi muxlis kishilar, fidoyi shogirdlar, sodiq muridlar qatag'onga uchrayotgan olimlarning nomini olib, o'zlarini qurbon qilganlar. Masalan, «Falonchi qori o'limga hukm qilinibdi» degan gap chiqsa, «Men shu kishiman» deb o'zlarini qurbon qilganlar bo'lgan ekan. «O'sha olim o'lgandan ko'ra men o'lay, olim qolsin, bu millatni tarbiya qilsin, bolalarimizga ta'lim bersin» deb, o'zlarini qurbon qilganlar. Mana bu chinakam fidoiylik, vatanparvarlik!

Yurtdan ketishga majbur bo'lgan azizlarimiz ham qo'shni Afg'onistonga o'tgach, Amudaryoni bo'yiga tizilib kelib, Vatan tomonga termulib o'tirishar ekan. Ammo o'sha ketishga majbur bo'lganlar ham Vatanning sha'nini, musulmonning, o'zbekning sha'nini yuqori tutganlar. Borgan joylarida ham yuksak namuna ko'rsatganlar, ilmlari bilan, mol-mulklari bilan o'sha yurtlarning salohiyatini ko'targanlar, lekin ismlarini yo'qotmaganlar. Shuning uchun hozirgacha ham butun dunyoda o'sha vatandoshlarimizni, ularning avlodlarini hurmat bilan buxoriylar, termiziylar, samarqandiylar deb tanishadi, izzat-ikrom ko'rsatishadi.

Alhamdulillah, istiqlol sharofati tufayli xalqimiz ozod bo'ldi, Vatan ozod bo'ldi. Farzandlarimiz, yurtimizning shavkatli o'g'il-qizlari yana Vatanning sha'nini, yurtimizning bayrog'ini baland ko'tarmoqdalar, ilm-fandami, sportdami, boshqa sohalardami, xalqaro miqyosda yurtimizning dovrug'ini butun dunyoga taratmoqdalar.

Yurtimizdan chiqqan bir olim ilmiy musobaqada g'olib kelganini, yurtimizdan chiqqan bir qori Qur'on musobaqasida sovrin olganini, bir sportchimiz birinchi o'rinni olganini eshitganda, hakamning og'zidan O'zbekiston degan nomni eshitganda, Vatan bayrog'i baland ko'tarilganda ko'zimizga kelgan quvonch yoshlari, qalbimizga to'lgan iftixor tuyg'usi – Vatanga bo'lgan muhabbat hissidir.

Ammo bilib qo'yaylikki, Alloh subhanahu va taolo bizga ana shunday ozod, obod Vatan nasib etibdimi, buni buyuk bir ne'mat o'laroq qabul qilishimiz kerak, unga shukr qilishimiz kerak, unga sodiq bo'lishimiz kerak. Sodiq bo'lish esa Vatanga vafo qilish, uning moddiy va ma'naviy mulkiga xiyonat qilmaslikdir. Afsuski, ba'zi kimsalarda shunday tushuncha bor ekanki, bir odamning mulkini o'g'irlashni o'g'rilik deb bilar ekanu, ammo davlatning mulkini o'g'irlashni o'g'rilik deb hisoblamas ekan. Vaholanki, bir kishining molini nohaq olgan odam aybini tushunsa, tavba qilsa, borib o'sha molning egasini, o'zi bo'lmasa merosxo'rlarini topib, molini qaytarib berib, rozilik so'rashi mumkindir, ammo xalq mulkini, Vatan mulkini o'g'irlagan odam borib 30 million aholining har biridan rozilik so'ray olarmikin? Bunday kimsalar Vatanning mol-mulkini, iqtisodiyotini emiradigan o'zimizdan chiqqan ichki dushmanlardir. Har bir ishda, har bir sohada halol bo'lish, xolis bo'lish Vatanni ana shunday ichki dushmanlardan himoya qilish bo'ladi.

Vatanni tashqi dushmandan himoya qilish esa vatanparvarlikning eng oliy namunasidir, haqiqiy yigitlik burchi, erkaklik sharafidir. Alloh taolo farzandlarni parvarish qilish, edirib-ichirish, ro'zg'orga qarash vazifasini ayollar zimmasiga yuklagan bo'lsa, oilaning ta'minotini, tinchligini ta'minlashni, uyni, Vatanni himoya qilishni, o'zi uchun eng aziz bo'lgan qadriyatlarni muhofaza qilishni erkaklar zimmasiga yuklagan.

Ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub «Tafsiri Hilol»da keltirilganidek, Imom Buxoriy rivoyat qilgan sahih hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bir kun murobata qilish dunyo va undagi narsalardan yaxshiroqdir», – deganlar, boshqa bir hadisda esa u zot: «Ikki ko'zga (do'zaxda) olov tegmaydi: Allohdan qo'rqib yig'lagan ko'zga va Allohning yo'lida qo'riqchilik qilgan ko'zga», – deganlar.

Shunday ekan, Vatan himoyasi, yurt sarhadlarining muhofazasi dinimizda ulkan ibodat darajasiga ko'tarilgan, bu og'ir, xavfli, ammo sharafli vazifada, bu buyuk xizmatda turganlarga ulkan ajru mukofotlar va'da qilingan. Demak, yoshlarimizni vatanparvar qilib tarbiyalashda bu ishning maqomi naqadar ulug'ligini, uni ado etish katta sharaf ekanini ularga singdirishimiz, bu xizmatda yurganlarning haqqiga duolar  qilishimiz lozim ekan.

Fursatdan foydalanib, el-yurt tinchligi yo'lida, Vatan himoyasida turgan barcha azizlarimizga Alloh taolodan kuch-quvvat, sabr-matonat tilaymiz, oilalariga baxtu saodat, farzandlariga salohiyat tilaymiz. Alloh taolo yurtimizni jamiki yomonliklardan asrasin va buning uchun chinakam vatanparvar, haqiqiy mard, jasur o'g'lonlarni tarbiyalashimizda O'zi madadkor bo'lsin!

Musoxon Abbasiddinov,
Namangan shahar Bosh imom xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

25.08.2026   14046   5 min.
Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

Ba’zi shaharlarni kitobdan o‘qib tanimaysiz — ularni ko‘rish, his qilish, ko‘hna devorlariga boqish, tor ko‘chalaridagi tarix nafasini tuyish kerak. Buxoro dunyodagi ana shunday betakror, g‘aroyib shaharlardan biri hisoblanadi.

Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.

Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.

Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.

Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.

Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.

Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.

Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.

Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.

Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.

Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.

Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.

O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari