Ma'lumki, Islom dinidagi barcha ibodatlar Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan o'rganilgan va andoza olingan. U zotning o'zlari bu borada ummatni ergashishga chaqirganlar. Hususan, namoz ibodati borasida Nabiy alayhissalom: “Meni qanday namoz o'qiyotganimni ko'rganingizdek namoz o'qing”, deb aytganlar. Hanafiy mazhabiga ko'ra namozning sunnatlaridan biri – qiyomda ikki oyoq orasining to'rt barmoq enicha ochiq bo'lishidir. Bemorlik yoki semizlik sababli kishi oyoqlari orasini to'rt barmoq miqdorida tutishga qiynalsa, o'ziga qulay tarzda turishi mumkin. Mana shu hukmga bugungi kunga qadar amal qilib kelingan. Lekin keyingi yillarda ba'zi namozxonlar oyoqlarini g'ayrioddiy ravishda keng ochib turganlari kuzatilmoqda. Ularning bu ishlari, bir tomondan, katta jamoat amal qilib kelayotgan ishga zid bo'lsa, boshqa tomondan, birorta kuchli dalilga ega emas.
Namozda oyoqlar holati haqida birgina hadis kelgan. Ba'zilar mana shu hadisning zohirini olib, ko'pchilikni tashvishga qo'yadi, turli ixtiloflar chiqaradi. Mazkur hadis “Sahihul Buxoriy”da kelgan bo'lib, quyida uning ma'nosi bilan tanishamiz. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam:
أَقِيمُوا صُفُوفَكُمْ فَإِنِّي أَرَاكُمْ مِنْ وَرَاءِ ظَهْرِي وَكَانَ أَحَدُنَا يُلْزِقُ مَنْكِبَهُ بِمَنْكِبِ صَاحِبِهِ وَقَدَمَهُ بِقَدَمِه
ya'ni: “Saflaringizni to'g'rilang. Zero, men sizlarni ortimdan ko'raman”, dedilar”. (Anas roziyallohu anhu aytadi) Biri sherigining elkasiga elkasini, oyog'iga oyog'ini tekkazib turar edi”» (Imom Buxoriy rivoyati). Haqiqatan, hadis ba'zilar da'vo qilayotganidek namozda oyoqlarini yonidagi kishining oyog'iga tekkazib turishga dalil bo'ladimi? Bunga aniqlik kiritish uchun ushbu hadisni sharhlagan olimlarning so'zlariga murojaat qilaylik. “Sahihul Buxoriy” ning eng mashhur va mo''tabar sharhi “Fathul Boriy” asarida Hofiz ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh aytadilar:
المراد بذلك المبالغة في تعديل الصف وسد خلله
ya'ni: “Bundan saflarni to'g'rilash va bo'shliqni to'ldirishda mubolag'a nazarda tutilgan”.
Alloma Kashmiriy rahmatullohi alayh o'zining “Sahihul Buxoriy”ga yozgan sharhi “Fayzul Boriy” kitobida Ibn Hajar rahmatullohi alayhning hadisga aytgan yuqoridagi sharhini keltirib, bu to'rt mazhab faqihlarining ham yo'lidir, degan. Va gapida davom etib, quyidagilarni ilova qilgan: “Sharhul viqoyada: “Namozdagi kishi ikki oyog'i orasini to'rt barmoq miqdoricha ochadi va bu shofeiylarning ham so'zidir. Boshqa so'zga ko'ra, bir qarich miqdoricha ochadi”, deyilgan. Men (Anvar Shoh) aytamanki: “Salaflar nazdida yolg'iz namoz o'quvchidan jamoatda namoz o'quvchi qadamini ko'proq ochadi degan farq kelganini topmadim. Bu faqat bemazhablar paydo qilgan masaladir”.
Kashmiriy rahmatullohi alayh “Sunan at-Termiziy”ga bitgan sharhi “Al arfush-shaziy”da ham bu haqida so'z yuritib, jumladan, shunday degan: “To'piqni to'piqqa yopishtirish haqidagi “Sahihul Buxoriy”da kelgan rivoyatga kelsak, uni ba'zilar haqiqat deb o'ylaydi. Vaholanki, u roviyning mubolag'asidir. Aslida bu borada biror o'lchov yo'qdir. Eng munosibi xushu'ga yaqin bo'ladigan ko'rinishdir”.
Ahli sunna val jamoaning to'rt mazhab ulamolarining birortasi namozda turish haqidagi hadislardan “elka, tizza, to'piq va oyoqlarni bir-biroviga tekkizib turish lozim” degan hukmni olgan emaslar. Sahobalar davridan boshlab 14 asr davomida jami musulmonlar, to'rt mazhabga ergashib kelayotgan namozxonlar orasida oyoqlari orasini keng ochib turadiganlari chiqqan emas. Demak, rivoyatlarda kelgan oyoqlarni bir-birovinikiga tekkizish haqiqiy ma'noda emas, balki saflarni jipslashtirib turish ma'nosida tushunilishi kerak. Oyoqlarni bir-birovinikiga tekkizish sunnat yoki mustahab emas, balki hadis iboralaridan juda tekis va o'ta jips holda saflanish lozim ekanini tushunish kerak bo'ladi.
Shunday ekan, to'rt mazhabning fiqhiy qarashlariga ko'ra, namozda qiyomda turganda ikki oyoq orasi katta ochilgan bo'lmasligi, g'ayritabiiy ko'rinmasligi darkor. Shuning uchun ham, namozda ikki oyoqni kerib, keng ochib turish holati namoz borasidagi ko'rsatmalarga to'g'ri kelmagani bois erish tuyuladi. Ayniqsa, oyoqlari orasini keng ochib turadigan kishilarning rukulari va qa'dalari ham g'ayrioddiy ko'rinadi.
Shunday ekan, musulmonlar asossiz fatvolar va da'volarga emas, balki oyat va hadislarga oid ilmlarni chuqur egallagan, asrlar davomida Islom ummati bir ovozdan e'tirof etgan etuk olimlarimizning fatvolariga amal qilishi eng to'g'ri yo'ldir.
Rukudan avval va rukudan keyin qo'l ko'tarish masalasi. Hanafiy va Molikiy mazhab ulamolari namozda rukudan avval va rukudan keyin yoki ikkinchi rakatning qiyomiga turganda qo'l ko'tarilmasligini aytadilar (buni raf'ul-yadayn masalasi ham deyiladi). Bu so'zlariga quyidagi hadisni dalil qiladilar. Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
خرج علينا رَسُول الله صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: «مَا لي أَرَاكُم رافعي أَيْدِيكُم كَأَنَّهَا أَذْنَاب خيل شُمْس ،
اسكنوا فِي الصَّلَاة»
ya'ni: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizning oldimizga chiqib: “Nimaga sizlarning ikki qo'llaringizni qaysar otning dumiga o'xshab ko'tarayotganingizni ko'ryapman?! Namozda sokin turinglar” dedilar» (Imom Muslim rivoyati).
Asvaddan rivoyat qilinadi: “Umar ibn Hattobning avvalgi takbirda ikki qo'lini ko'targanini ko'rdim. Keyin buni qaytarmadi” (Imom Tahoviy rivoyati).
Imom Abu Ja'far Tahoviy aytadilar: “Aliy roziyallohu anhuning avvalgi takbirdan boshqa o'rinlarda qo'l ko'tarishni tark qilganlari sahihdir. Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan keyin bu ishni qilishlari, u kishining nazdida namozda qo'l ko'tarish hadisining nasxligi (bekor bo'lgani) sobit bo'lganligi sabablidir”.
عن علقمة قال : قال عبد الله بن مسعود : ألا أصلي بكم صلاة رسول الله صلى الله عليه و سلم
فصلى فيم يرفع يديه إلا أول مرة
Termiziy rivoyat qiladi: «Osim ibn Kulayb otasidan, u Alqamadan rivoyat qiladi: “Abdulloh ibn
Mas'ud roziyallohu anhu aytadi: “Sizlarga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning namozlarini o'qib beraymi?” deb namoz o'qidi. Ikki qo'lini birinchi martada ko'targandan boshqa ko'tarmadi”».
Biz hanafiylar takbiri tahrimadan boshqa o'rinlardagi qo'l ko'tarishni nasx (hukmi bekor) bo'lgan deb aytamiz. Ma'lumki, agar ikkita sunnat bir-biriga qarama-qarshi kelib qolsa, bu borada sahobalarning so'zlari va amallari ustun qo'yiladi. Agar ularning so'zlari va amallari ixtilofli bo'lsa, qiyos ustun
qo'yiladi. Bu masalada qiyos qo'lni ko'tarmaslikni taqozo qiladi. Chunki namozda a'zolar sokin va xushu'li bo'lishi kerak. Alloh taolo Mo''minun surasida shunday marhamat qiladi:
قَدْ أَفْلَحَ الْمُؤْمِنُونَ * الَّذِينَ هُمْ فِي صَلَاتِهِمْ خَاشِعُونَ
ya'ni: “Mo'minlar najot topdilar, ular namozlarida xushu' qilgan zotlardir”.
Ellikka yaqin sahoba namozning boshida, ya'ni takbiri tahrimada qo'l ko'tarishni rivoyat qilgan. Ular rukuda va rukudan bosh ko'tarishda qo'lni ko'tarishni rivoyat qilmaganlar. Ibn Abbos raziyallohu anhumoning hadisida: “Qo'llar faqat etti o'rinda ko'tariladi” deyilib, jumladan, namozga kirishish paytidagi qo'l ko'tarish ham aytilgan.
Demak, hukmi sunnat bo'lgan masalada ixtilof chiqarmaslik kerak. Bunday ixtilof chiqarish harom bo'lib, kishining gunohkor bo'lishiga sabab bo'ladi. Buning ustiga, raf'ul yadayn qilmasdan o'qish haqida ham hadislar, sahoba va tobeinlarning sahih so'zlari bor. Ularga amal qilish ham ayni sunnatga amal qilishdir.
Hanafiy mazhabida sajdaga borish va undan turish kayfiyati. Sajdaga borilayotganda erga yaqin a'zolar birin-ketin erga qo'yiladi, ya'ni tizza, qo'llar, yuz. Sajdadan turayotganda erdan uzoq a'zolar birinchi ko'tariladi, ya'ni yuz, qo'l, tizza. Zaruratsiz erga tayanib turish makruh. “Fatavoi Hindiya” kitobida shunday deyiladi:
اِذَا اَرَادَ السُّجُودَ يَضَعُ اَوَّلًا مَا كَانَ اَقْرَبُ اِلَي الْاَرْضِ فَيَضَعُ رُكْبَتَيْهِ اَوَّلًا ثُمَّ يَدَيْهِ ثُمَّ اَنْفَهُ ثُمَّ جَبْهَتَهُ وَ اِذَا اَرَادَ الرَّفْعَ يَرْفَعُ اَوَّلًا جَبْهَتَهُ ثُمَّ اَنْفَهُ ثُمَّ يَدَيْهِ...
ya'ni: “Agar namozxon sajda qilishni xohlasa, avvalo, erga yaqin bo'lgan a'zoni (erga) qo'yadi. Bas (shunday ekan), avval tizzasini, so'ng ikki qo'lini, so'ng burnini, so'ngra peshonasini erga qo'yadi. Sajdadan turganida avval peshonasini, so'ng burnini, so'ngra ikki qo'lini ko'taradi...”
Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda:
“َرأَيْتُ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا سَجَدَ يَضَعُ رُكْبَتَيْهِ قَبْلَ يَدَيْه وَ اِذَا نَهَضَ رَفَعَ يَدَيْهِ قَبْلَ رُكْبَتَيْهِ”
(رواه الامام أبو داود عن وائل ابن حجر رضي الله عنه)
ya'ni: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni sajda qilganlarida qo'llaridan avval tizzalarini erga qo'yganlarini va sajdadan qaytayotganlarida tizzalaridan avval qo'llarini erdan ko'targanlarini ko'rdim”, deyladi (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Bu borada bir qancha hadislar mavjud. Molikiy mazhabidan tashqari barcha mazhab olimlari ushbu hadislarni daqiq o'rganib, “sajda qilishda, avvalo, erga yaqin a'zolar erga qo'yiladi va sajdadan turishda esa erdan uzoq bo'lgan a'zolar erdan ko'tariladi” degan fikrga ittifoq bo'lganlar.
"Diniy-ma'rifiy suhbatlar" kitobidan
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV