Firqalar va oqimlarga nomni doimo jumhur ulamolar, an'anaviy mazhabdagilar, ahli sunnat va jamoatning haqiqiy a'zolari qo'yadilar. Firqa va oqim a'zolari bu nomlarni o'zlari inkor qilishlari mumkin. Mo''taziliylarga nomni buyuk tobe'in Hasan Basriy rahimahulloh qo'yganlar. Havorijlarga nomni Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam qo'ygan, degan fikr mavjud. Firqa va oqimlarning nomlari alohida ko'rinishlaridan, rahbarlarining nomlaridan, kelib chiqqan joylari nomidan, yaqqol ko'rinadigan asosiy aqidalaridan olingan bo'ladi. Buni hamisha esda tuting!
Jumladan:
و لا تكون كالذين تفرقوا و اختلفوا من بعد ما جاءهم البينات و أولئك لهم عذاب عظيم
“Hujjatlar kelgandan keyin ham bo'linib, o'zaro ixtilofga berilgan kimsalarga o'xshamangiz! Ana o'shalarga ulkan azob bordir”(Oli Imron, 105).
Ha, yomonlarning yomonliklarini, fitnachilarning fitnalarini, tinchlikka, totuvlikka raxna soluvchilardan ogohlantirganidan keyin, birga namoz o'qib, birga ro'za tutib, qavmu qarindoshlari, yoru birodarlari, yurtdosh va vatandoshlari bilan birga umrguzaronlik qilib kelayotgandan keyin, kufroni ne'mat qilib, imon-ishonchini o'zgartirib, kofir fitnachilarga qo'shilganlar oxirat kunini, yuzlar qorayadigan kunni eslamoqlari darkor. U kunda oq yuzli, obro'li bo'lganlar yutadi, obro'-e'tiboridan ayrilgan, dunyoda sharmanda bo'lganlar, u kunda ham sharmanda bo'ladilar:
يوم تبيضّ وجوهٌ و تسودّ وجوهٌ فأمّا الذين اسودّت وجوههم أكفرتم بعد إيمانكم فذوقوا العذاب بما كنتم تكفرون
و امّا الذين ابيضّت وجوههم ففى رحمة الله هم فيها خالدون
“Ba'zi yuzlar oqaradigan va ba'zi yuzlar qorayadigan kunni (qiyomatni) eslang: yuzi qorayganlarga (hujjat-isboti uchun shunday deyilur): “Imon keltirgandan keyin yana kufrga qaytgan edingizmi? Kufringiz tufayli mana shu azoblarni totib ko'ring, endi!”(Oli Imron, 106).
“Yuzlari oqargan zotlar esa Allohning rahmatida (jannatida)dirlar. Ular u erda abadiy qoluvchilardir”(Oli Imron, 107).
Firqa va oqimlardagilarning ayrimlarining amaliyoti va aqidalari ahli sunnat va jamoatga juda yaqin ko'rinishda bo'lishi mumkin. Masalan, haqiqiy hanafiy ulamolarning aqidasi to'g'ri hanafiy shogirdlari shu xilda firqa va oqim vakillari bo'lishi mumkin. Ana shunday firqa va oqimlarning rahbarlari esa o'sha firqa yoki oqimni yaxshi niyatda tashkil qilgan haqqoniy olim, haqiqiy ahli sunnat va jamoat a'zosi bo'lishi ham mumkin. Haqiqiy ahli sunnat va jamoatdan bo'lgani bois u hatto rabboniy olim, ulug' avliyo ham bo'lishi mumkin. Bu narsa esa sizni aldab qo'ymasin! O'sha firqa va oqim qanday niyatda tashkil qilingan bo'lmasin, uning rahnamolari naqadar yaxshi insonlar, naqadar buyuk ulamolar bo'lmasin, lekin alohida ko'rinishlari, musulmonlar hamjamiyatidan ajralib, ozchilik bilan alohida bo'lib olishlarining o'zi, ko'pchilik musulmonlar ularning alohida ko'rinishiga qarab, alohida nom qo'yib qo'yishining o'zi ularni ahli sunnat va jamoatdan chiqarib qo'yadi. Buni unutmang!
Musulmon kimsa rahbarlariga itoatli, yurtidagi insonlar bilan murosayu madora bilan yashamog'i farz. Shunday ekan, firqa va oqimlarga qo'shilishni jamiyat man qilib qo'ygan ekan, davlat qonuni jinoyat deb baholar ekan, unday firqa va oqimlardan uzoq bo'lavering. Shu sizning musulmonlik burchingizdir! Hullas, firqa va oqimlardan doimo ehtiyot bo'ling, qoching, yaqinlashmang!
"Yorilgan masjidi"
imom xatibi
Tojiddin Ho'jaxanov
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati