Shu yil 5 yanvar' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlari Saudiya Arabistonidagi “Abu Sarhad” hamkor shirkati rahbari Abusarhad Nosir Abdulloh janoblari bilan “Umra – 2022” mavsumini amalga oshirish bo'yicha shartnoma imzoladilar.
Yurtimizda umra safarini tashkil etish choralarini ko'rish, hududlarda COVID pandemiyasidan avval navbatda turgan fuqarolarning imkoniyatlarini o'rganish, ro'yxatlarni qayta shakllantirish, aviaqatnovlar jadvalini ishlab chiqish va ziyoratchilarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish ishlari boshlandi.
Shuningdek, umra ziyoratini yuqori darajada tashkil etish uchun ko'p yillik tajriba ega bo'lgan “Abu Sarhad” hamkor shirkati orqali Madina va Makka shaharlarida ziyoratchilar uchun qulay sharoitlarni hozirlash, Ikki Haram masjidiga yaqin bo'lgan mehmonxonalarni tanlash, zamonaviy transport va boshqa xizmatlar ko'rsatish sifatini oshirish kabi ishlar amalga oshiriladi.
Ta'kidlash zarurki, shu kunlarda Toshkent xalqaro aeroportida norasmiy shaxslar aldoviga uchib, noqonuniy yo'llar orqali safarga otlangan kishilarning soxta hujjatlari sababli muborak safar oxiriga etmay qolgan holatlari aniqlanmoqda. Shu bois, mo'min-musulmonlarni umra kabi ibodat masalalarida juda ehtiyot bo'lishlari va bu borada vakolatli tashkilot bo'lgan O'zbekiston musulmonlari idorasi orqali muborak safarlarni ado etishlariga chaqiramiz.
Qisqa fursatlarda umra safarlari boshlanib, hududlardagi navbatlar asosida belgilangan to'lovlarni amalga oshirgan, tegishli vaktsinani olgan va Saudiya Arabistonining karantin talablarini bajargan fuqarolar tartib bilan muborak safarga jo'natiladi, insha Alloh.
Umra safarlarining boshlanish sanasi va birinchi reysning uchish vaqti haqida qo'shimcha xabar qilinadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muslim.uz
Ilgari musulmonlar ayrim ulamolarni ulug‘lab, “Shayxul Islom” (Islom dini shayxi), “Faxrul Islom” (Islom dini faxri), “Hujjatul Islom” (Islom dini hujjati), “Najmul ulamo” (Ulamolar yulduzi), “Muftiy saqolayn” (Insu-jin muftiysi), “Lisonul mutakallimiyn” (Mutakallimlarning so‘zlovchi tili) kabi unvonlar bilan ataganlar. Bunday atash aslo mubolag‘a bo‘lmagan. Balki u muhtaram ulamolar haqiqatdan ushbu unvonlarga loyiq bo‘lganlar. Masalan, “Shamsul aimma” (Imomlar quyoshi) unvoni berilgan Saraxsiy rahmatullohi alayh o‘n ikki ming risolani yod olgani naql qilingan.
Abu Mansur Moturidiyni yaqindan tanigan ulamolar va shogirdlari tomonidan u zotning martabalarini namoyon etuvchi ko‘plab unvonlar berilgan:
– Imomul hudo (To‘g‘ri yo‘lga boshlovchi);
– Muvattidu aqoidi ahlis sunna (Ahli sunna aqidalari asoschisi).
Abu Mansur Moturidiyning mazkur unvonlari ham aslo mubolag‘a emas, balki u zot haqiqatan shu martabaga loyiq zot bo‘lganlar.
Ulamolar aytadilarki, Hujjatul Islom (Islom dini hujjati) deyilganda faqat Imom G‘azoliy tushunilganidek, Imomul hudo (to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi) deyilganda ham faqat Imom Moturidiy tushuniladi.
Abdulqodir Abdur Rahim,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti
katta o‘qituvchisi.