Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Avgust, 2026   |   9 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:13
Quyosh
05:39
Peshin
12:26
Asr
17:13
Shom
19:16
Xufton
20:38
Bismillah
22 Avgust, 2026, 9 Rabi`ul avval, 1448

Tavhid bahsi

04.01.2022   2200   4 min.
Tavhid bahsi

Ey, farzand!
Tavhid — Allohni bir deb bilmoqdir. Tavhid kalimasi:
«LA ILAHA ILLALLOHU MUHAMMADUR RASULULLOH».

Shahodat kalimasi:
«AShHADU ANLA ILAHA ILLALLOHU VA AShHADU ANNA MUHAMMADAN ABDUHU VA RASULUH».
Tavhid kalimasining ma'nosi: «Allohdan boshqa iloh yo'q. Muhammad Uning elchisidir».
Shahodat kalimasining ma'nosi: Allohdan boshqa iloh yo'qligiga va Muhammad Uning quli va rasuli ekanligiga iqrorman».
Payg'ambarimiz (s.a.v.) deydilar:
«Bir kishi «LA ILAHA ILLALLOHU MUHAMMADUR RASULULLOH» desa, tavhid kalimasi shunday
deydi:
«Yo, pok Parvardigoro! Meni aytgan qulingni kechirmaguningcha, men tinchlanmayman!»

Alloh fazli bilan shunday deydi:
«Izzatim va Jalolim, Jamolim va Kamolim haqqi Meni zikr etgan bandamni kechirdim».

Ey, farzand!
Tavhid kalimasini aytgan kimsani mahshargohda bir guruh malaklar ziyorat etadilar. Uni mahshar dahshatlaridan qo'riqlaydilar.
Alloh Musoga (a.s.) Tur tog'ida shunday marhamat etdi:
«Yo Muso! Mahshar erida farishtalar seni ziyorat etishlarini istasang, tavhid kalimasini ko'p zikr et!»

Ey, mo'min kishi! Tavhid kalimasini til bilan zikr etib, aslo dilda shubhaga tushma! Shubhaga tushish - jahannamga tushish ko'prigi (sababchisi).
Bunday kishiga shafoatchi yo'q.

Ey, farzand!
Kalimai tavhidni ko'p zikr qilgin.
Tur tog'ida Muso (a.s.) so'radilar:
«Allohim! «La ilaha illalloh» deya zikr etguvchi qulingga qanday haq ato etgaysan?»
«Ey,Muso! O'sha qulimdan rozi bo'lib, jannati A'loda Jamolim bilan sharaflantiraman!»
Kalimai tavhid fazilati va uni zikr etganga beriladigan haq ta'rifga sig'mas darajada. Buning mukofotini Allohning O'zi tayin, taqdir va ehson etadi.

Alloh xitob (murojaat) etadi:
«Ey, farishtalarim! Shohid bo'ling, tavhid kalimasini ishonib hatto bir marta zikr etgan qulimni afv etdim, kechirdim!»
Ishonib tavhid kalimasini bir bor aytganning barcha gunohlari to'kiladi.
Payg'ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadi:
«Kim sidqidildan, ishonch bilan bir bor tavhid kalimasini zikr etsa, Alloh o'sha kishiga jannatda to'rt ming daraja ikrom etadi. To'rt ming gunohini ham kechiradi!»
Ashobi kiromdan savol bo'ldi:
«Yo Rasululloh (s.a.v.)! O'sha kishining to'rt ming gunohi bo'lmasa-chi?»
Payg'ambarimiz (s.a.v.) marhamat etdilarki:
«Oila a'zolarining, qarindosh-urug'larining, qo'ni-qo'shnilarining ham gunohlarini (qo'shib) kechiradi!»

Ey, farzand!
Tavhid kalimasini zikr etishda davomli bo'lib, barokatidan foydalanmoq, gunohlardan forig' bo'lmoq zarur.
Payg'ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Mahshar maydoniga butun hayoti gunohlar bilan o'tgan bir kishini keltirishadi. Faqat nomai a'molida bir marta tavhid kalimasini aytgani ko'rinadi. Barcha gunohlari tarozining bir pallasiga, tavhid kalimasining savobi bir pallasiga qo'yiladi. Tavhid kalimasining savobi og'ir kelgani uchun jahannamdan chiqariladi».

Ey, farzand!
Tavhid kalimasining fazilati cheksiz. Payg'ambarimiz (s.a.v.) bir hadisi shariflarida shunday deydilar:
«Banda «LA ILAHA ILLALLOH!» deya zikr etishi bilan og'zidan bir yashil qush uchib chiqadi. Bu qush ko'tarilib to'g'ri arshning ostiga joylashadi. Umri davomida uni aytgan kishiga Allohdan mag'firat tilaydi. Mahshargohda esa o'sha kishining qo'lidan tutib, to'g'ri jannatga eltadi».

Abu Homid G'azzoliyning "AYYuHAL VALAD" kitobidan

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’limda yangi bosqich: Toshkentda nufuzli anjuman bo‘lib o‘tmoqda

20.08.2026   28269   2 min.
Diniy ta’limda yangi bosqich: Toshkentda nufuzli anjuman bo‘lib o‘tmoqda

Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta majlislar zalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani boshlandi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, shuningdek, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar va OAV vakillari ishtirok etmoqda.  Anjumanga jami 700 nafarga yaqin pedagog va soha vakillari jalb etilgan bo‘lib, ularning 300 nafari bevosita zalda, 400 nafari esa hududlardan videoselektor orqali qatnashmoqda.

So‘zga chiqqan notiqlar so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohani takomillashtirish va zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga to‘xtalib o‘tmoqda. Ta’kidlanganidek, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti va madrasasi hamda 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi ilm ahliga keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Toshkent islom institutida magistratura ochildi, tizimdagi 510 nafar pedagogning 50 nafardan ortig‘i PhD va DSc ilmiy darajalariga ega bo‘ldi. 

Shuningdek, yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalariga Misrning Al-Azhar majmuasi ustozlari jalb etildi. 90 ta fan dasturi va yangi avlod darsliklari yaratildi. Mir Arab, Xadichai Kubro, Hidoya va Ko‘kaldosh madrasalari zamonaviy binolarga ega bo‘lib, Iordaniya, Misr va Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorliklar rivojlanmoqda.

Ushbu nufuzli anjumandan ko‘zlangan maqsad ham professor-o‘qituvchilar uchun ilmiy-amaliy muloqot maydonini yaratish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim jarayoniga raqamli va innovatsion usullarni keng joriy etishdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari