Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2025   |   26 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:08
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:25
Bismillah
21 Iyul, 2025, 26 Muharram, 1447

31.12.2021 y. Ixlos – amallar asosi

28.12.2021   5912   16 min.
31.12.2021 y. Ixlos – amallar asosi

IHLOS – AMALLAR ASOSI

Muhtaram jamoat! Ixlos so'zini kundalik hayotimizda juda ko'p qo'llaymiz. Bugun ana shu atamaning dinimizda nechog'lik ahamiyatli ekani haqida so'z yuritamiz. Ixlos – qalb amallaridandir. Balki u qalb amallarining ham boshida turadi, chunki amallar faqat ixlos bo'lsagina, qabul bo'ladi. Demak, ixlos – amal ila Alloh taoloning roziligini iroda qilishdir! Boshqacha aytganda amalga kirishganda Alloh va oxirat  uchungina kirishish kerak bo'ladi. Shuning uchun ham banda xoh oshkora, xoh maxfiy amalni qilishda nafsiga marg'ub bo'lgan jihatlarni qo'shib yubormasligi kerak bo'ladi.

“Ixlos” kalimasi lug'atda “biron kishiga nisbatan samimiy, xolis, sodiq bo'lish” degan ma'noni ifodalaydi.

Shariat istilohida esa u “Alloh taologa nisbatan xolis, sodiq bo'lish, barcha amallarni xolis Uning O'zi uchun qilish” ma'nosini anglatadi.

Darhaqiqat, ixlos Islom dinining asl mohiyatidirki, har bir yaxshi amal uning ustiga barpo qilinadi.

Odam alayhissalomdan tortib, to Qiyomatgacha keladigan barcha odamlar so'z va amalda ixlos qilishga buyurilgandir. Kim ixlosni mahkam ushlasa – najot topadi. Kim uni zoye qilsa – halokatga yuz tutadi.

Zero, amalning qabul bo'lish yoki bo'lmasligi, unga mukofot yoki jazo berilishi, o'sha amalda ixlosning mavjud yoki mavjud emasligi e'tibori bilan bo'ladi.

Alloh taolo bizdan avval o'tgan qavmlarni ham ixlosga buyurganini eslatib, shunday deydi:

  وَمَا أُمِرُوا إِلَّا لِيَعْبُدُوا اللَّهَ مُخْلِصِينَ لَهُ الدِّينَ حُنَفَاءَ وَيُقِيمُوا الصَّلَاةَ وَيُؤْتُوا الزَّكَاةَ وَذَلِكَ دِينُ الْقَيِّمَةِ

ya'ni: “Holbuki ular faqat yagona Allohga, U zot uchun dinni xolis tutgan va to'g'ri yo'ldan og'magan hollarida ibodat qilishga va namozni barpo qilishga hamda zakotni ado etishga buyurilgan edilar” (Bayyina surasi 5-oyat).

O'zini Allohga ixlos bilan taslim qilgan mo'minning dini eng go'zal din ekanini ta'riflab, mana bunday deydi:

 وَمَنْ أَحْسَنُ دِينًا مِمَّنْ أَسْلَمَ وَجْهَهُ لِلَّهِ وَهُوَ مُحْسِنٌ

ya'ni: “Muhsin (muxlis) bo'lgan holida yuzini Allohga taslim qilgan kishidan ham ko'ra dini go'zalroq kim bor?” (Niso surasi 125-oyat).

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:

 قالَ اللَّهُ تَبارَكَ وتَعالَى: أنَا أغْنَى الشُّرَكاءِ عَنِ الشِّرْكِ، مَن عَمِلَ عَمَلًا أَشْرَكَ فِيه مَعِي غَيرِي، تَرَكْتُهُ وشِرْكَهُ 

ya'ni: “Alloh taboraka va taolo aytdi: Men sheriklarning sheriklikdan eng behojat bo'lganidirman! Kim biron amal qilib, unda Menga boshqani ham sherik qilsa, Men uni ham, sherik qilgan narsasini ham tark qilurman(Imom Muslim rivoyatlari).

Boshqa bir hadisi sharifda ixlossiz o'rganilgan ilmning zarari haqida bunday deyilgan: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg'ambarimiz alayhissalom dedilar:

مَنْ تَعَلَّمَ عِلْمًا مِمَّا يُبْتَغَى بِهِ وَجْهُ اللهِ عَزَّ وَجَلَّ لاَ يَتَعَلَّمُهُ إِلاَّ لِيُصِيْبَ بِهِ عَرَضًا مِنَ الدُّنْيَا،  

لَمْ يَجِدْ عَرْفَ الجَّنَّةِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ

(رواه الإمام أبو داود)

ya'ni: “Kim Allohning roziligini istab o'rganiladigan ilmni faqat biron dunyoviy narsaga etishish maqsadida o'rgansa, Qiyomat kuni jannatning hidini ham topmaydi” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Alloh taolo amallarni xolislik bilan qiladigan bandalariga – garchi ularning amallari chetdan qaraganda arzimas va oz bo'lib ko'rinsa ham – ajr-mukofotni katta qilib beradi. Shuningdek, Alloh ularning – garchi xatolari zohiridan katta va yirik bo'lib ko'rinsa-da – gunohlarini kechiradi.

Muhtaram jamoat! Ixlosning eng katta foydalaridan biri shundan iboratki, agar biror-bir amal Alloh taolo uchun xolis, faqat Uning O'zigagina qullik qilgan holda bajarilsa, Alloh Taolo bandaning katta gunohlarini ham kechib yuborishiga sabab bo'ladi.

Bir hadisi sharifda yo'ldan odamlarga ozor beruvchi narsani xolis Alloh uchun olib tashlagan va shu tufayli gunohi kechirilgan kishi haqida bayon qilinadi. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar:

 بَيْنَمَا رَجُلٌ يَمْشِى بِطَرِيقٍ وَجَدَ غُصْنَ شَوْكٍ فَأَخَذَهُ فَشَكَرَ اللَّهُ لَهُ فَغَفَرَ لَهُ 

(رواه الإمام مسلم)

ya'ni: Bir odam ketayotib, yo'lda yotgan tikanli shox-shabbaga ko'zi tushdi-da, uni chetga olib qo'ydi. Uning bu xayrli ishi Alloh taologa xush kelib, gunohlarini mag'firat etdi” – deya  marhamat qildilar (Imom Muslim rivoyatlari).

Huddi shunga o'xshash boshqa hadisi sharifda chanqoq itni suvga qondirish haqidagi voqea ham mavjud. Bu voqea ham ko'rinishidan kichik, lekin ixlos bilan qilingan amal sababli gunohkor ayolning katta gunohlari kechirilganligi xabar qilingan. Ulamolarimiz aytganlaridek, bu ayol qalbida ixlos bilan, sof imonni saqlagan holda itni suvga qondirdi, shuning uchun uning gunohi kechirildi.

Muhtaram azizlar! Yuqoridagilardan ko'rinib turibdiki, bir amalning boshqa amaldan afzalligi uning katta yoki kichikligiga qarab emas, balki amal sohibining qalbidagi imon va ixlosning qay darajada ekaniga qarab belgilanar ekan. Zero amal – suratdir, ixlos esa – uning ruhidir. Odamzot ruhi bilan tirik sanalganidek, amal ham ixlosi bilan maqbuldir.

Boshqacha aytganda, ixlos bilan qilingan amal – ildizi mustahkam daraxtdir, riyoli amal esa – ildizi kesib tashlangan daraxt kabidir. Agar daraxtning ildizi mustahkam bo'lsa, uning tanasi qanchalik kesilib-qirqilib tashlanmasin, baribir o'sishda, rivojlanishda davom etaveradi va agar uning ildizi qo'porib tashlansa, tezda quriydi.

Shuning uchun ham ixlossiz amal qilishdan saqlanishimiz zarur! Zero ixlossiz qilingan har qanday amal – garchi u Islomda eng yuksak amal hisoblangan bo'lsa ham – biron qiymatga ega bo'lmaydi, u uchun biron mukofot berilmaydi, aksincha, riyo qilgani uchun gunohkor bo'lib qoladi.

Bugungi kunda katta-katta mablag' sarflab qilinadigan ehsonlar, haj va umra safarlari, shunchaki, xo'jako'rsinga yoki odamlar eshitsin uchun, ixlossiz amal bo'lib qolmasligi zarur. Lekin gohida e'tiborimizdan chetda qolayotgan beva-bechoralarga yordam qo'lini cho'zish, yo'llarni ravon etish, mahalla va masjidlarni obod qilishga ozmi-ko'pmi hissa qo'shish kabi amallar ixlos bilan ado qilinsa, katta savoblar berilishi va gunohlari kechirilishiga sabab bo'ladi.

Muhtaram azizlar! Amallar qabul bo'lishi uchun ixlos bilan birga uning sunnatga muvofiq bo'lishligi ham talab qilinadi. Bu borada Fuzayl ibn Iyoz rahimahullohning quyidagi so'zlarini keltirish mumkin: “Agar amal xolis bo'lsa, ammo to'g'ri bo'lmasa, qabul bo'lmaydi. Agar amal to'g'ri bo'lsa, ammo xolis bo'lmasa ham, qabul bo'lmaydi. Amalning xolis bo'lishi Alloh uchun bo'lishidir, amalning to'g'ri bo'lishi sunnatga muvofiq bo'lishidir”, – deb turib ushbu oyatni tilovat qilganlar

 فَمَنْ كَانَ يَرْجُوا لِقَاءَ رَبِّهِ فَلْيَعْمَلْ عَمَلًا صَالِحًا وَلَا يُشْرِكْ بِعِبَادَةِ رَبِّهِ أَحَدًا

 (سورة الكهف، 110)

ya'ni: “Bas, kim Robbiga ro'baro' kelishni umid qilsa, yaxshi amal qilsin va Robbi ibodatiga birontani sherik qilmasin (Kahf surasi 110-oyat).

Ibn Mas'ud raziyallohu anhudan quyidagi nasihat rivoyat qilingan: “So'z amalsiz naf bermaydi, so'z va amal niyatsiz naf bermaydi. So'z, amal va niyat sunnatga muvofiq bo'lsagina, naf beradi”.

Demak, niyatim yaxshi, xolis niyatdaman deb shariatga zid ishlar va gunohlarni qilish joiz bo'lmaydi.

Umar raziyallohu anhu doimo aytardilar: “Allohim! Amalimning barchasini solih qil, uni xolis O'zing uchun qilishni nasib etgin!

Amallarda ixlosli bo'lish o'ta engil ish, hohlagan inson bunga erisha oladi, deb o'ylash xatodir. Alloh oson qilib qo'ymasa, ixlos o'ta qiyin, insonlarga juda ham mashaqqatli ekanligini ko'plab buyuk zotlar ta'kidlaganlar. Sahl ibn Abdulloh Tustariy inson nafsi uchun eng shiddatli narsa nimaligi haqida so'ralganda: “Ixlos, chunki nafsning ixlosda hech qanday nasibasi yo'q”, – deb javob berganlar.

Ulug'lardan yana birlari: “Niyatni xolis qilish amal qiluvchilar uchun barcha amallardan ko'ra qiyinroqdir”, degan ekanlar.

Yusuf ibn Husayn ar Roziy aytganlar: “Dunyodagi eng aziz narsa ixlosdir, qalbimdan riyoni tushirishga qanchalar tirishdimu, ammo u har gal yangi ko'rinishda qayta o'sib chiqayotganday bo'lardi”, deganlar.

Demak, musulmon kishi doim nafsini tarbiyasida hushyor bo'lib, ixlosini tekshirib turishi, riyo va sum'adan saqlanishi – shartdir. Aks holda nafsi havosi kattarib-kattarib, uni ilohlik da'vosigacha olib borishi mumkin. Bunga tarixda misollar etarli.

Muhtaram jamoat! Hammamizga ma'lumki, sovuq kunlar boshlanib, havo harorati pasayib bormoqda. Tabiiyki, aholi o'z xonadonlarini isitish choralarini ko'ra boshlaydilar va elektr isitish asboblari, tabiiy gaz tarmoqlari yoki yoqilg'ining boshqa turlaridan foydalanadilar.

Afsuski, oxirgi paytlarda yurtimizning turli go'shalarida mazkur isitish vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida yong'in hamda tabiiy gaz va ko'mir hididan zaharlanish holatlari bilan bog'liq favqulodda vaziyatlar sodir bo'lmoqda. Achinarlisi, bunday voqealar insonlarning turli xil tan jarohati olishi yoki o'limi bilan yakunlanmoqda.

Soha mutaxassislarining xabar berishlaricha Respublika bo'yicha shu yilning o'zida qoidalarga amal qilmaslik oqibatida 206 ta baxtsiz xodisa sodir bo'lgan. Ular natijasida 139 nafar insonlar vafot etgan va 314 nafar insonlar turli darajada kuygan va og'ir tan jaroxat olgan.

Har bir vafot etgan insonlar xonadonlarida qanchalik musibat, g'am tashvishlarni va kuygan yoki jaroxatlanganlarni axvolini tasavvur qilishning o'zi juda og'ir.

Mana shunday ko'ngilsiz holatlar yuz bermasligi uchun har birimiz isitish moslamalarimizga yana bir bor e'tibor berib, undan oqilona foydalanishimiz zarur. Qo'lbola isitish moslamalaridan foydalanmang!

Soxa mutaxassislarini fikri bilan Sizlarga oddiygina xavfsizlik qoidalarini eslatib qo'yishni joiz deb bildik:

  • Honaga kirilganda xonada gaz xidi yo'qligiga ishonch xosil qilingandan keyingina elektr chirog'ini yoqishga odatlanishimiz kerak!
  • Gaz, o'tin yoki ko'mir bo'ladimi, ular yonib turgan xonalarda yashash, uxlashdan umuman voz kechish kerak!
  • Isitish uskunalarining mo'rilari qush uyalari yoki boshqa xil tiqinlardan tozalanib, soz holatda ishlashi doimiy nazoratda bo'lishi kerak!

Shuni ham alohida ta'kidlash lozimki, ozgina beparvolik sababli nafaqat o'zimiz, balki boshqalarga ham zarar etkazishimiz mumkin. Zero dinimiz o'zgalarga zarar berish emas, balki yaxshilik va ezgu ishlarda ko'makchi bo'lishga buyuradi. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Islomdazarar ko'rish ham, zarar berish ham yo'q”, – dedilar (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Demak, har bir musulmon inson avvalo o'zi va o'z ahli oilasini, qolaversa, qo'ni-qo'shnilari, yoru do'stlarini hayotini xavf ostiga qo'yishdan saqlanishi lozim.

Alloh taolo xonadonlarimizni va oila-a'zolarimizni turli fojealardan, ofatlardan O'zi panohida asrasin va barchamizni muxlis bandalaridan qilsin! Amallarimizga riyo aralashishidan O'zi panohida asrasin! Omin!

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi Oila mustahkamligi – jamiyat farovonligimavzusida bo'ladi, inshaalloh.

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

16.07.2025   10947   5 min.
O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

Saudiya Arabistonining Makka shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov hamda Butunjahon Islom uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad bin Abdulkarim al-Issa  ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv va tashrif Butunjahon Islom uyushmasi taklifiga binoan amalga oshirildi. Unda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turg‘unov ham qatnashdi.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.

– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.

Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi  qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:

– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga   tayyormiz.

Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari  va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi. 

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu  masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi. 

Islom sivilizatsiyasi markazi