O'tgan jamiki ummatlarga Alloh taolo O'zining payg'ambarlarini yubordi. Ular yagona Allohga ibodat qilishga, Unga hech narsani shirk keltirmaslikka da'vat etdilar. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Qaysi bir ummatki bo'lsa, unda ogohlantirguvchi bo'lgan” (Fotir surasi, 24-oyat).
Ammo yuborilgan payg'ambarlarning har biri qavmi tomonidan mazax qilindi, sehrgarlikda ayblandi. Demak, er yuzida insonlar tarqalganidan boshlab sehr mavjud bo'lgan ekan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Huddi shunday, bulardan avvalgilarga ham har bir Payg'ambar kelgan vaqt (uni) sehrgar yoki majnun deganlar” (Zoriyot surasi, 52-oyat).
Alloma Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh aytadilar: "Sehr Nuh alayhissalomning zamonida ham mavjud edi. Chunki Alloh taolo Nuh alayhissalomni yuborgan qavm uni sehrgar deyishgan" (Fathul Boriy. 223/10).
Sehrning ko'rinishlari qavmlar bo'ylab yoyildi. Ayniqsa, Muso alayhissalomning davrlarida sehr va jodu juda keng tarqaldi. Ibn Haldun rahimahulloh yozadi: “Muso alayhissalom payg'ambarlik qilgan vaqtlarida Bobil va Misr o'lkalarida hatto sehrning mashhur bozorlari bor edi” (Tarix Ibn Haldun. 657/1).
Davomi bor...
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
#ayollarga_oid_masala #namoz
Savol: Ayollar qay tarzda ruku qilishlarini tushuntirib bering.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ayollar erkaklardan farqli o‘laroq, rukuda bosh bilan bel tekis bo‘ladigan darajada to‘liq egilmaydilar. Balki, boshlari beldan ko‘ra yuqoriroqda bo‘ladi, oyoq tizzalarini biroz bukadilar, qo‘lni barmoqlar orasini birlashtirgan holda tizza ustiga qo‘yadilar. Ruku holatida o‘zlarini yig‘ishtirgan va qimtingan holatda turadilar. Alloma Ibn Obidin bu haqda bunday deydilar:
وَتَنْحَنِي فِي الرُّكُوعِ قَلِيلًا، ...وَلَا تُفَرِّجُ فِيهِ أَصَابِعَهَا بَلْ تَضُمُّهَا وَتَضَعُ يَدَيْهَا عَلَى رُكْبَتَيْهَا، وَتَحْنِي رُكْبَتَيْهَا، وَتَنْضَمُّ فِي رُكُوعِهَا
“Ayol kishi rukuda biroz egiladi. Qo‘l barmoqlari orasini ochmaydi, balki barmoqlar orasini birlashtirgan holda qo‘lini tizzasiga qo‘yadi. Tizzalarini bukadi, rukuni qimtingan (o‘zini yiqqan) holda bajaradi” (“Raddul muhtor” kitobi).
Chunki mana shunday qilish ayollar uchun yanada satrliroq bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi