«Alloh taoloning nozil qilganiga xilof bo'lgan jaholat, havoyi-nafs va bid'atlar odamlarning nubuvvat va salafi solihlar zamonidan uzoqlashgani sari urchib bormoqda. Bugun biz oldimizda o'zlarini boshqalardan ayro tutuvchi va salafi solihlarga, Ash'ariy va Moturidiylardan iborat Ahli sunna val jamoa imomlariga xilof qiluvchi kishilar paydo bo'ldi. Balki, ular ishni aksiga o'girmoqdalar: o'zlarini «Ahli sunna» ko'rsatib, asl Ahli sunnani «bid'atchi» qilib ko'rsatmoqda. Ularning da'volari salaflarga ergashish, ammo salaflar ulardan behojatdir. Salafi solihlar oralaridan «Mushabbiha» va «Mujassima» kabilarning chiqishidan pokdirlar. Ular Allohning eng yaxshi bandalaridir. Janobi koinot sollallohu alayhi vasallamning ularga «yaxshilar», degan guvohliklari berilgan.
Shuni bilingki, Ahli sunna val jamoa deganda ikki imom: Abul Hasan Ash'ariy va hidoyat imomi Abu Mansur Moturidiy rohimahumallohlarga ergashganlar tushuniladi. Ular salafi solihlar, to'rt mazhab: Hanafiy, Molikiy, Shofe'iy va Hanbaliylarning fazilatlilariga ergashganlardir. Ular bu ummatning «Savodul a'zam»idir, bu mustahkam dinning imomlaridir. Biz ushbu hidoyat ahliga ergashishlik bilan boshimizni Quyoshdan ham ustun tutamiz!».
«Rof'ul g'oshiya 'anil majozi vat ta'vil» asaridan 7-B, Shayx Nizol Ibrohim Ola-Roshiy hafizahulloh
Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari qoldirgan boy ilmiy merosi nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning turli nuqtalarida, xususan, Islom olamining tabarruk maskani bo‘lmish Masjidi Nabaviy kutubxonasida ham saqlanib kelyapti.
2017 yilda shayx hazratlarining bir qator kitoblari ilk bor Masjidi Nabaviy kutubxonasiga taqdim etilgan edi. Shundan buyon ziyoratga borgan hamyurtlarimiz ushbu kutubxonadan hazratning asarlarini o‘z ona tilimizda mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo‘lib kelishyapti.
Masjidi Nabaviy kutubxonasi masjidning 10-eshigi yonida joylashgan. Kutubxonada 170 000 dan ortiq kitob saqlanadi. Asosiy adabiyotlar arab tilida bo‘lsada, 20 dan ortiq xorijiy tillardagi diniy manbalar ham jamlangan. Kutubxonadan bir vaqtning o‘zida 300 dan ortiq kitobxon foydalanishi mumkin.
Kutubxonada xorijiy tillardagi adabiyotlar uchun alohida xona ajratilgan. U yerda ingliz, rus, fransuz kabi jahon tillari qatorida o‘zbek tili bo‘limi ham bor. Ushbu bo‘limda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub 50 dan ortiq asar bor. Jumladan:
– «Hadis va Hayot» silsilasi;
– «Tafsiri Hilol»;
– «Kifoya»;
– «Ruhiy tarbiya»;
– «Zikr ahlidan so‘rang»;
– «Odoblar xazinasi»;
– «Xislatli hikmatlar sharhi»;
– «Baxtiyor oila» va boshqalar.
@islomuz