Ma'lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne'matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro'yobga chiqishining boisi ham tinchlik va osoyishtalikdir. Shuning uchun ham Payg'ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug' ne'mat ekanini ta'kidlab shunday deganlar: “Ikki ne'mat borki, ko'pchilik insonlar uning qadriga etmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hech shubhasiz, yurtimizda turli sohalarda erishilayotgan barcha yutuqlarimizning zamirida jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik hisoblanadi. Tarixiy haqiqat shundan iboratki, ijtimoiy tarqaqqiyotning barcha davrlarida davlat va jamiyatning rivojlanishi barqarorlik va tinch- osoyishta hayot kechirishga uzviy bog'liq bo'lgan.
Ma'lumki, Islom dinida tinchlik Alloh taolo tomonidan butun insoniyatga in'om etilgan ulug' ne'mat sifatida qadrlanadi. Ulamolar Qur'oni karimning 50 dan ziyod surasidagi oyatlar mo'minlik, tinchlik va bag'rikenglik mavzulariga bag'ishlanganini e'tirof etadilar. Jumladan, Qur'oni karimda bayon qilinadiki: “Ey imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz. Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara surasi, 208-oyat).
Tinchlikning ilohiy ne'mat ekani Nabiy alayhissalomning quyidagi hadislarida qayd etilgan: “Allohdan afv va tinchlik-omonlikni so'ranglar. Chunki biror kishiga imondan keyin tinchlik- omonlikdan afzalroq ne'mat berilgani yo'q” (“Sunani Termiziy”, 3558-hadis).
O'zbekiston azaldan turli millatga mansub, turli dinlarga e'tiqod qiluvchi xalqlar tinch-totuv yashagan o'lka bo'lib kelgani tarixiy haqiqatdir. Ajdodlarimiz turli millat va din vakillariga doimo hurmat bilan munosabatda bo'lgani, Vatan taraqqiyoti yo'lida elkadosh bo'lib mehnat qilgani tarixiy manbalarda ko'p qayd etilgan. Bugungi kunda 16 xil konfessiyaga amal qiluvchi 130 dan ziyod millat vakillari yagona ahil oila bo'lib, tinchlik-xotirjamlikda yashab, yurtimiz mustaqilligi va xalqimiz farovonligi yo'lida birgalikda faoliyat olib bormoqdalar.
Taassufki, bugun jahon hamjamiyati, xususan, musulmon olamida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechmoqda. Insoniyat muayyan siyosiy doiralar tomonidan o'z ta'sir doiralarini kengaytirish maqsadida, amalga oshirayotgan g'oyaviy kurashlar va mafkuraviy tahdidlar avj olgan bir vaziyatda yashamoqda. Qator davlatlar, xususan, ko'plab musulmonlar istiqomat qiluvchi yurtlar siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli nizolarni boshidan kechirmoqdalar. Mazkur mamlakatlarda odamlar og'ir iqtisodiy muammolar girdobida, nochorlik, oziq-ovqat tanqisligi, ochiqdan-ochiq zo'ravonliklar va xavfsizlikning yo'qligi sharoitida kun kechirmoqda. Oqibatda bunday hududlardan qochqinlar
hajmi ortib, keng miqyosda gumanitar tangliklar yuzaga kelmoqda.
Darhaqiqat, Payg'abarimiz alayhissalomning “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug' ne'matdurki, bundan ko'p odamlar mahrumdirlar” (Imom Buxoriy, 6412-hadis) degan hadislarini eslagan holda, bugungi kunda yurtimizdagi tinch-osoyishta hayot qator mamlakatlarning xalqlari uchun orzu bo'lib qolayotgani guvohi bo'lmoqdamiz.
Ushbu holat dunyodagi davlatlarning katta yoki kichikligi, dini va millatidan qat'i nazar, tinchlik va barqarorlik naqadar ulug' ne'mat ekanini yana bir bor isbotlab bermoqda. Shu o'rinda Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisni eslash o'rinlidir: “Kim oilasi tinch, tanasi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to'lig'icha berilibdi” (“Sunani Termiziy”, 2346-hadis).
Ta'kidlash joizki, ijtimoiy barqarorlik jamiyat hayotining osoyishtaligi bilan tavsiflanadi. Barqarorlikka tinch-totuvlik va uni mustahkamlash uchun shart-sharoitlar yaratish, turli ijtimoiy qatlamga mansub fuqarolar va siyosiy partiyalar o'rtasidagi hamjihatlikni, davlat, jamoat va diniy tashkilotlar, fuqarolar o'rtasidagi ijtimoiy kelishuv va sherikchilik bardavomligini ta'minlash orqali erishiladi.
Aksincha, xalq orasida buzg'unchilik g'oyalarini tarqatish orqali beqarorlik keltirib chiqarish esa tinchlik va xotirjamlikni izdan chiqaradi. Islom ta'limotida aholi osuda hayot kechirib turgan jamiyatda halovat va tinchlikka raxna soladigan har qanday fitna harakatlari odamlarning qonini to'kishdan ham og'ir gunoh sanaladi: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo'lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo'ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo'yingizki, Alloh jazosi qattiq (Zot)dir” (Anfol surasi, 25-oyat).
Islom ulamolari Qur'oni karimda tinchlikka, odamlarning osoyishtaligi va xavfsizligiga raxna soluvchi amallarni qilmaslikni buyurilganini ta'kidlaydilar: “...Alloh esa, fasodni (buzg'unchilikni) yoqtirmaydi” (Baqara surasi, 205-oyat). Mazkur suraning 60-oyatida: “...Allohning rizqidan eb- ichingiz, Yer yuzida buzg'unchilik qilmangiz!..” deb marhamat qilingan.
Shuningdek, Islom ta'limoti odamlarni millati, dini, jinsi yoki qarashlaridan qat'i nazar, huquq va erkinliklarini himoya qiladi hamda ularga zulm qilishdan qaytaradi. Qur'oni karimda: “...biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni ularga nisbatan adolatsizlik qilishga undamasin!..” (Moida surasi, 8-oyat) deyilgan.
Tinchlikni saqlash hushyorlik va ogohlikni talab qiladi. Bugungi tahlikali zamon tinchlikni ta'minlash faqat davlatning vakolatli idoralari vazifasi degan noto'g'ri tushunchalardan voz kechish, Vatan taqdiri uchun astoydil qayg'urib yashashni taqozo etayotganiga barchamiz guvohmiz.
Alohida qayd etish lozimki, tinchlikning shukronasi amaliy bo'lishi lozim. Ya'ni, insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga etib, shukrini ado etishi, balki unga noshukrlik qilib putur etkazishdan ham saqlanishi, kelib chiqishi mumkin bo'lgan notinchlikning oldini olishda ham faol ishtirok etishlari lozim.
Ayniqsa, axborot manbalari, xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali tariximizni, milliy qadriyatlarimiz va Islom dini mohiyatini soxtalashtirishga, ma'naviyat va ma'rifatdan yiroqlashtirishga qaratilgan g'arazli urinishlarga qat'iy qarshi turishimiz kerak. Mazkur yo'nalishda jamiyatning ziyoli qatlamlari, olim va ulamolar oldingi safda bo'lishlari shart.
Vatanparvarlik ota-bobolardan meros qolgan zaminni sevish, xalq urf-odatlarini, qadriyatlarini asrash va rivojlantirish, o'z ona Vatanini dushmanlardan, yot va begona g'oyalardan himoya qilish, uning ozodligi va mustaqilligi uchun jonini ham ayamaslikni nazarda tutadi. Ulamolarimiz vatanparvarlik oddiy shior yoki his-tuyg'u emasligi, balki uni quyidagi xayrli amal va ibratli ishlarda ifoda etish lozim ekanini ta'kidlaydilar:
– Vatan haqqiga bor yaxshiliklarni tilab duo qilish;
– jamiyatda ahillikni kuchaytirish yo'lida harakat qilish (silai rahm, qo'shnilarga yaxshilik, o'zaro yordam, bir-birlariga yaxshilikni sog'inish, salbiy axloq va ijtimoiy illatlardan saqlanish va h.k.);
– Vatan salohiyatini oshirish va uni muhofazasi uchun jonkuyarlik qilish (Vatan mulkini avaylab- asrash, uning yuksalishi uchun halol mehnat qilish, o'zini bag'ishlash, bu yo'lda tamani yaqinlashtirmaslik va h.k.);
– Vatan erki, hududi yoki obro'siga qarshi g'oyaviy yoki harbiy hujumga qarshi mudofaada turish.
Ta'kidlash joizki, Vatan oiladan boshlanadi. Oilada tinchlik bo'lsa, mahalla, qishloq, shahar, viloyat va nihoyat mamlakatda osoyishtalik bo'ladi, yurt ravnaq topadi. Masalaning e'tiborli jihatlaridan biri shuki, tinchlikni ulug' ne'mat deya e'tirof etgan dinimizda bu yo'lda nafaqat amal bilan, balki so'z bilan ham zarar keltirishdan qaytarilgan.
Shu nuqtai nazardan fuqarolarimiz yurtimizda tinchlik-xotirjamlikni avaylab-asrash yo'lida davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarni nafaqat to'g'ri qabul qilishlari, balki e'tiqodan qo'llab-quvvatlashlari hamda bor imkoniyatlari bilan yordam berishlari lozim. Tahdidlarning oldini olishga qaratilgan aynan mana shunday chora-tadbirlar hisobiga yurtimiz tinch, xalqimiz farovon yashab, dindorlarimiz ibodatlarini xotirjam va emin-erkinlikda ado etmoqdalar.
Qayd etilganlardan bugungi tahlikali zamonning o'zi voqelikka hushyorlik, teran va chuqur mushohada yuritgan holda nazar tashlashni, dunyoda kuchayib borayotgan xatarlarni to'g'ri baholab, ulardan tegishli saboq olib yashashni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan vatandoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning ongi va shuurida murakkab va tahlikali dunyo, mintaqada ro'y berayotgan turli voqea-hodisalar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar haqida biryoqlama va noxolis tasavvurlar shakllanishiga yo'l qo'ymaslik zarur sanaladi.
Hulosa o'rnida shuni ta'kidlash lozimki, dinimizning tinchlikka bo'lgan e'tibori nechog'liq katta hamda bag'rikenglik uning negizidir. Inson o'zidagi ne'matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne'matdan o'zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanligini o'ylab ko'rish bilan biladi. Bu esa yanada ko'proq Allohga shukr qilishga undaydi. Ne'matning bardavom bo'lishi – uning shukri ado etilishiga bog'liqdir. Ne'matning salmog'iga qarab shukr ham har xil bo'ladi. Ba'zi ne'matlarning shukri tilda “alhamdulillah” deyish bilan ado bo'lsa, boshqa xil ne'matlar ham borki, ularning shukrini amaliy tarzdagina ado etish mumkin. Tinchlik ana shunday amaliy shukr talab qiladigan ne'matdir. Bu ne'matning shukrini ado etish barchaning zimmasidagi farzdir. Keksalar tinchlikning mustahkamligini so'rab duo qilishlari, o'rta yoshlilar o'zlarining halol mehnatlari, yoshlar esa uni asrash va qadriga etish borasida astoydil ilm olishga harakat qilmoqliklari bilan bu ne'matning shukrini ado etgan bo'ladilar.
"Diniy-ma'rifiy suhbatlar" kitobidan
Mustaqillik bayrami arafasida Vatan ozodligi yo‘lida kurashgan qahramon ajdodlarimizni minnatdorlik bilan yod etamiz, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ularning jasorati bugungi erkin hayotimiz va milliy istiqlolimizning qadrini yanada teran anglatadi.
28 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, nuroniylar va ziyolilar yig‘ildi.
Qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Vatan fidoyilari haqiga Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Elga osh tortildi.
Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Shu yerda davlatimiz rahbarining ulamolar va ziyolilar bilan tarixiy xotirani asrash, qatag‘on qurbonlari nomini tiklash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan muloqoti bo‘ldi.
– Shu kunlarda el-yurtimiz bilan birgalikda mustaqilligimizning 35 yilligini katta xursandchilik bilan kutib olyapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – O‘ttiz besh yildan buyon hech kimga qaram bo‘lmasdan, mana shunday tinch va tiniq osmon ostida erkin va farovon yashayapmiz. Bu – katta baxt, bebaho boylik. Shunday ulug‘ kunlarda istiqlol va ozodlik yo‘lida halok bo‘lgan qahramon ajdodlarimizni eslash, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirish – muqaddas burchimiz.
Davlatimiz rahbari fidoyi ajdodlarimizning qahramonligi hech qachon unutilmasligi, ularning jasorati xalqimiz uchun hamisha ma’naviy kuch manbai bo‘lib qolishini ta’kidladi.
– Barcha islohotlarimiz markazida turgan “Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oya jasur ota-bobolarimizning ruhlarini shod etish, orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlarimizni yanada kuchaytirishni talab etadi. Bu aziz insonlar xotirasi qancha e’zozlansa, bugungi tinch hayotimiz, milliy istiqlolimiz qadri shuncha oshadi, – dedi Prezident.
Keyingi yillarda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahidlar xotirasi xiyobonidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi to‘liq rekonstruksiya qilinib, ekspozitsiyasi boyitildi, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Raqamli tizimlar va sun’iy intellekt yordamida ko‘rgazmalarning ta’sirchanligi oshirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etilgan qatag‘on qurbonlari muzeylari ham zamon talablari asosida jihozlandi. Ularning fondlari dunyoning turli nuqtalaridan keltirilgan noyob hujjatlar va fotosuratlar bilan boyitilmoqda.
2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qatag‘on qurboni bo‘lgan 1 ming 200 dan ziyod yurtdoshimiz oqlandi. Joriy yilda sobiq mustabid tuzum davrida nohaq ayblanib, turli muddatlarga qamalgan yoki o‘limga hukm etilgan yana 161 nafar vatandoshimizning nomi oqlandi.
So‘nggi besh yilda jadid bobolarimiz merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Mustabid tuzumda nohaq qurbon bo‘lgan vatandoshlarimizning nomlari aniqlanib, ularning faoliyati, ilmiy va ijodiy merosi o‘rganilmoqda. Yuzlab, minglab fidoyi yurtdoshlarimiz haqidagi ma’lumotlar kitoblar, matbuot va ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga yetkazilmoqda.
Muloqotda o‘tgan asrning 80-yillarida ham minglab vatandoshlarimiz “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” degan soxta ayblovlar bilan siyosiy qatag‘onga uchragani qayd etildi. 1983-1990 yillarda 40 ming nafar o‘zbekistonlik tergov qilinib, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bugun bu borada ham tarixiy adolat tiklanmoqda. Bunday ezgu ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari dunyoda qurolli mojarolar va siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayib, ular bizga yaqin mintaqalarga ham kirib kelayotgani tashvishli ekanini ta’kidladi. Bu yurtimizdagi tinchlikni qadrlash, yanada jips va hamjihat bo‘lib yashashni talab etadi.
– Bizning yo‘limiz – tinchlik, do‘stlik va hamkorlik yo‘li. O‘zbekiston ushbu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaydi, – dedi Prezident.
Bugun yurtdoshlarimiz dunyoning istalgan mamlakatiga emin-erkin borib kelmoqda, O‘zbekiston barcha davlatlar bilan tenglik asosida hamkorlik qilmoqda. Bu mustamlakachilik zanjirlari va “paxta qulligi”dan butunlay ozod bo‘lganimizning amaliy ifodasidir.
Hayot va kelajakni bilim hamda ma’rifat asosida qurish, uzoq-yaqin mamlakatlar bilan do‘stona hamkorlik qilish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim sharti ekani ta’kidlandi. Buyuk jadid bobolarimiz bejiz millatni uyg‘oqlikka, bilim va ma’rifatga chaqirmagan. Ularning kurash va ma’rifat maktabi bugun ham g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega.
Shu bois, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishiga katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi o‘n yilda oliygohlar soni 77 tadan 205 taga yetkazildi, qabul kvotalari muntazam oshirib borildi. Jahondagi TOP-100 talikka kiradigan oliygohlarda 3 ming 500 dan ziyod farzandimiz ta’lim olmoqda. Maktab va maktabgacha ta’lim tizimlarida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
– Yoshlarni milliy g‘urur asosida tarbiyalashga alohida ahamiyat berishimiz kerak. Milliy g‘urur – insonning qalbini, yuragini, butun vujudini kuch-g‘ayratga to‘ldiradigan qudratli kuch. Milliy g‘ururi bor odam hech qachon yengilmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi butunlay qaytadan bunyod qilindi, Marg‘ilonda Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi markaz ishga tushirildi. Bular Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li – tinchlik, do‘stlik va bunyodkorlik, bilim hamda ma’rifat yo‘li ekanini tasdiqlaydi.
So‘nggi o‘n yilda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar tufayli 100 mingdan ziyod yurtdoshimiz hojilik maqomiga ega bo‘ldi. Davlatimiz rahbari diniy jamoatchilik jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshlarga to‘g‘ri tarbiya berish jarayonlarida yanada faol ishtirok etishiga ishonch bildirdi.
– Bugun mana shu tabarruk maskanda turib, tinch-osoyishta hayotimiz, erishayotgan yutuqlarimiz uchun Yaratganga behisob shukronalar aytamiz. Mana shunday ozod va farovon kunlarni orzu qilib, armon bilan o‘tgan qahramon ota-bobolarimiz, jasur momolarimizning ruhlari shod bo‘lsin! Yurtimiz tinchlik, taraqqiyot va farovonlik diyori sifatida yanada gullab-yashnasin! Alloh taoloning o‘zi Vatanimizni panohida asrasin! – dedi Prezident.
Ulamolar qatag‘on qurbonlari va Vatan ozodligi yo‘lida jon fido etgan ajdodlarimiz ruhiga duo qilib, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka barqaror bo‘lishini tiladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati