«Shuni bilib olmoq lozimki, Abul Hasan va Abu Mansur - Alloh ulardan rozi bo'lsin va Islom nomidan yaxshilik-la mukofotlasin - o'zlaridan kelib chiqib biror fikr aytmadilar va yangi mazhabni paydo qilmadilar. Albatta, bu zotlar salafi solihlar mazhabini qaror toptirdilar va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalarining yo'liga muvofiq keldilar. U zotlardan biri Shofe'iy mazhabining va xujjatlarining nusratida turgan bo'lsalar, boshqalari Hanafiy mazhabining va xujjatlarining nusratida qoim turdilar. U zotlarning har ikkalalari bid'at va zalolat ahliga qarshi munozara qildilar va ularni er bilan yakson qilib, g'alaba qozondilar. Darhaqiqat, bu haqiqiy jihodning aslidir! Odamlarning o'zlarini u zotlarga nisbat berishiga kelsak, u zotlarning har biri salafi solihlar yo'liga bir arqonni bog'ladilar, uni mahkam tutdilar va unga xujjat va dalillarni keltirdilar. Natijada ushbu yo'lda yurgan va dalillarga ergashgan kishiga «Ash'ariy» va «Moturidiy» nomi ishlatiladigan bo'ldi».
«Ithofu saadatil muttaqiyn bi sharhi ihyoi ulumid din» asaridan
2/6-7 B, Imom Murtazo Zabiydiy rohimahulloh
Bugun, 2 sentyabr chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning murojaat va takliflarini atroflicha tingladi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan qabul jarayonida Toshkent shahri, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish, Umra ziyorati tartibi hamda masjidlar faoliyatiga doir murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida bildirilgan masalalar yuzasidan fuqarolarga shar’iy va huquqiy tushuntirishlar berilib, tegishli mas’ul xodimlarga murojaatlarni qisqa fursatlarda qonuniy hamda ijobiy hal etish bo‘yicha aniq topshiriqlar yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlashga qaratilgan bu kabi fuqarolar qabullari O‘zbekiston musulmonlari idorasi, uning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarida har haftaning chorshanba kuni muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati