Hozirgi kunda Islom diniga nisbatan butun dunyoda qiziqish va intilish kuchayib, uning shuhrati yanada keng yoyilayotganligi hammaga ma'lum. Ammo buni ko'ra olmaydiganlar tomonidan bunga qarshi turli nayranglar o'ylab topilayotganligi hech kimga sir bo'lmay qoldi. Musulmonlar orasida fitna qo'zg'ab, o'zaro kelishmovchiliklarni keltirib chiqarish va jamiyat hayotida barqarorlikni izdan chiqarishda islomni noto'g'ri talqin qilib, uning nomidan turli noto'g'ri g'oya va oqimlarni paydo qilish eng sermahsul qurolga aylanib qoldi. Ayni shu asosda mazhabsizlik muammosi ham paydo bo'lganligi ehtimoldan xoli emas.
Halqimiz bir necha asrlardan beri hanafiylik mazhabiga amal qilib keladi. Hanafiylik o'z tarixiy taraqqiyotining barcha bosqichlarida musulmonlarning hamjihatligi, o'zaro inoqligi va birligini ta'minlash uchun kurashib kelgan. U musulmonlar orasidagi har qanday firqachilikka qarshi bo'lib, qavmning diniy e'tiqod belgilari bo'yicha guruhlarga bo'linish g'oyasini hech qachon tan olmagan. Mazhabsizlik haqida Ramazon Butiy “Mazhabsizlik - Islom shariatiga tahdid solib turgan eng katta bid'at” deb aytganlari bejiz emas edi. Hozirgi kunimizda hali ham yurtdoshlarimiz ichida bilib-bilmay ushbu g'oyaning ta'sirida yurgan kishilarning mavjud bo'lishi bu g'oyani diniy-ma'rifiy asosda chuqur o'rganib, uning asl mohiyatini ochib berish, uni odamlarga, xalqimizga to'g'ri tushuntirib berish va shu yo'l bilan mazhabsizlik salbiy oqibatlarini oldini olish bugungi kundagi muhim va dolzarb vazifalardan bo'lib qolmoqda.
Mazhabsizlik jamiyat hayotida ixtilof va janjallarni keltirib chiqaradi va buning natijasida turli radikal oqimlarga moyil “kadrlar” etishib chiqadi. Birdamlik va barqarorlikka salbiy ta'sir etadi. Bugungi kunda mazhabsizlikning oldini olishning ma'naviy, diniy va ma'rifiy asoslariga alohida ahamiyat berish lozim.
Chortoq tuman bosh imom-xatibi
Abdug'ofur Fozilov
Misr poytaxti Qohira shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro anjumanning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari nufuzli mukofot — Imom Qarofiy nomidagi "Fatvo sohasidagi yuksak xizmatlari uchun" xalqaro mukofoti bilan taqdirlandilar.
Yuksak mukofotni Misr Arab Respublikasi bosh muftiysi, Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati raisi, professor Nazir Muhammad Ayyod, Misr vaqf vaziri doktor Usoma al-Azhariy hamda Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Mustafo Sano kabilar tantanali ravishda topshirdilar.
So‘zga chiqqan notiqlar O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, ushbu e’tirof Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining Islom dini ma’rifatini keng yoyish, ilmiy-tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy fatvo faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishdagi fidokorona mehnatlarining munosib samarasi ekanini alohida ta’kidladi.
Taqdirlash chog‘ida turli mamlakatlardan kelgan 500 nafardan ziyod anjuman ishtirokchilari e’tiboriga O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy soha islohotlari hamda Muftiy hazratlarining ko‘p qirrali faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus videorolik namoyish etildi. Unda yurtimiz qadimdan buyuk sivilizatsiyalar beshigi, ilm-ma’rifat va islom madaniyatining muazzam markazi bo‘lib kelgani e’tirof etildi. Shuningdek, lavhada bugungi kunda Davlatimiz Rahbari boshchiligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, nufuzli xalqaro anjumanlar, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining samarali faoliyati, jumladan, Fatvo markazining ishga tushirilishi va mo‘tadillikni targ‘ib etish borasidagi salmoqli tashabbuslari atroflicha ko‘rsatib berildi.
Ma’lumot o‘rnida, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bunga qadar ham bir qator yuksak mukofotlarga sazovor bo‘lganlar:
- Prezidentimiz farmonlariga muvofiq “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni;
– Rossiya Federatsiyasi markaziy diniy idorasining «Al-I’tisom» («Hamjihatlik») medali;
– Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasining «Ыntimak» («Birdamlik») medali;
– «Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining 30 yilligi» yubiley medali;
– Shimoliy Kavkaz musulmonlarini muvofiqlashtirish markazining «Ummat oldidagi xizmatlari uchun» ordeni;
– Rossiya Federatsiyasi Imom Buxoriy nomidagi diniy tashkilotining «Al-Ilm» ordeni.
«Fatvo sohasidagi yuksak xizmatlari uchun» mukofoti haqida:
Mazkur nufuzli xalqaro mukofot Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, buyuk alloma, faqih Imom Shihobuddin al-Qarofiy (1228–1285) sharafiga nomlangan.
Ushbu mukofot Islom ummatida mo‘tadillik tamoyillarini ilgari surish, bir yoqlama va tor qarashlardan saqlanish, jamoaviy ijtihod hamda fatvo berish amaliyotini takomillashtirish va zamonaviy muammolarga to‘g‘ri shar’iy yechimlar ishlab chiqishga ulkan hissa qo‘shgan yetuk ulamolarga taqdim etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati