وَأَطِيعُوا اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَلَا تَنَازَعُوا
فَتَفْشَلُوا وَتَذْهَبَ رِيحُكُمْ ۖ وَاصْبِرُوا ۚ إِنَّ اللَّهَ مَعَ الصَّابِرِينَ
46. Allohga va Uning Rasuliga itoat qiling. O'zaro nizo qilmang, u holda tushkunlikka uchraysiz va kuch-quvvatingiz ketadi. Va sabr qiling. Albatta, Alloh sabr qilguvchilar bilandir. (G'alaba omillaridan biri–Allohga va uning Rasuliga itoat qilish bo'lib, u nafaqat urush maydonidagi, balki barcha sohalardagi g'alaba va muvaffaqiyatlarning asosiy garovidir. Ma'lumki, urushda qo'mondolikka itoat katta ahamiyatga ega. Bu oddiy bandalarga itoat haqidagai gap. Endi olamlarning yaratguvchisi va tadbirini qilguvchisiga, u zotning tanlab olgan oxirgi Payg'ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bo'ladigan itoat qanchalar ulug' ekanini, qanchalik muvaffaqiyatlar garovi ekanini o'zimiz bilib olaverishimiz kerak.).
Anfol surasi
Adashgan firqalar o'tgan uch asrning to'g'ri yo'lidan birin-ketin chetga chiqa boshlashdi. Har bir firqa haqdan og'ib, o'zlarining g'arazli maqsadlari yo'lida qadam tashladi. Odamlarni ham fikru xayoli, sog'lom e'tiqodidan chalg'itishga urindi. Bu bilan ular, Alloh taoloning An'om surasi, 153-oyatida marhamat qilgan “Albatta, bu Mening to'g'ri yo'limdir. Bas, unga ergashinglar. Va boshqa yo'llarga ergashmanglar. Bas, sizni uning yo'lidan adashtirmasinlar.Mana shu sizga qilgan amrdirki, shoyad taqvoqilsangiz” oyatiga xilof ish tutdi. Shu tariqa nafsu havosiga berilgan, bid'at va zalolatga ko'milganlar toifasi ko'payib bordi. Bu holat asrlardan asrlarga o'tib hozirgi kunimizda ham davom etmoqda. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: “Darhaqiqat, Bani Isroil etmish ikki millat (guruh)ga bo'lindi, ummatim esa etmish uch millatga bo'linadi. Faqatgina bir millatdan tashqari ularning barchasi do'zaxdadir”, dedilar. (Sahobalar): “(Najot topgan) u (millat) kimlardir, yo Rasulalloh?” deb so'radilar. (Bunga javoban) Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Men va ashoblarim uning uzra bo'lgan (millatdir), dedilar” (Imom Termiziy[2] rivoyati).
Ja'farxon Sufiyev
To'raqo'rg'on tumani
"Ishoqxon to'ra" jome masjidi
imom noibi
Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta majlislar zalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani boshlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, shuningdek, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar va OAV vakillari ishtirok etmoqda. Anjumanga jami 700 nafarga yaqin pedagog va soha vakillari jalb etilgan bo‘lib, ularning 300 nafari bevosita zalda, 400 nafari esa hududlardan videoselektor orqali qatnashmoqda.
So‘zga chiqqan notiqlar so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohani takomillashtirish va zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga to‘xtalib o‘tmoqda. Ta’kidlanganidek, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti va madrasasi hamda 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi ilm ahliga keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Toshkent islom institutida magistratura ochildi, tizimdagi 510 nafar pedagogning 50 nafardan ortig‘i PhD va DSc ilmiy darajalariga ega bo‘ldi.
Shuningdek, yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalariga Misrning Al-Azhar majmuasi ustozlari jalb etildi. 90 ta fan dasturi va yangi avlod darsliklari yaratildi. Mir Arab, Xadichai Kubro, Hidoya va Ko‘kaldosh madrasalari zamonaviy binolarga ega bo‘lib, Iordaniya, Misr va Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorliklar rivojlanmoqda.
Ushbu nufuzli anjumandan ko‘zlangan maqsad ham professor-o‘qituvchilar uchun ilmiy-amaliy muloqot maydonini yaratish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim jarayoniga raqamli va innovatsion usullarni keng joriy etishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati