Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448

1-Mavzu: Imon – iqror va tasdiqdan iborat

14.12.2021   1781   8 min.
1-Mavzu: Imon – iqror va tasdiqdan iborat

Imon ishonch”, “e'tiqod”, “tasdiqlash”, “omonlik berish” ma'nolarini anglatib, dinimizning beshta asos, ya'ni ustunlaridan birinchisidir.

Hanafiy mazhabimiz va moturidiya aqidamizga ko'ra, imon Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning Alloh taolodan etkazgan barcha xabarlarini tasdiqlash va iqror qilishdan iborat. Kishining imoniga Kalimai shahodat” (Guvohlik kalimasi”) dalolat qiladi: “Ashhadu allaa ilaaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan 'abduhu va Rosuuluh (Allohdan o'zga iloh yo'qligiga va Muhammad sollallohu alayhi va sallam Allohning bandasi va Rasuli ekaniga guvohlik beraman”)”.

Amal imondan emas. Ya'ni, dinda buyurilgan amallarni ado etish farz bo'lsa-da, ular imondan hisoblanmaydi. Shunga ko'ra amalni tark qilish tufayli kufrga hukm qilinmaydi.

Imon ziyoda ham, nuqson ham bo'lmaydi. Chunki imonning asli tasdiqdan, ya'ni yuz foizlik qat'iy ishonchdan iborat. Bunday tasdiqda esa ziyoda va kam bo'lish tasavvur qilinmaydi. Ya'ni, kamaysa, yuz foizlik ishonch bo'lmagani uchun imon bo'lmay qoladi, ko'payishning esa o'zi to'liq bo'lgani uchun imkoni yo'q. Shuning uchun imon” deb ataladigan bunday tasdiq ziyoda va kam bo'lmaydi deb e'tiqod qilamiz.

Ahli sunna val jamoa e'tiqodida imonning tafsilotlari, ya'ni to'liq shakli (“Imoni mufassal”) quyidagicha ifodalanadi: “Aamantu billaahi va malaaikatihiy va kutubihiy va rusulih, val yavmil
aaxiri, val qodari xoyrihiy va sharrihiy minallohi ta-'aalaa, val ba'si ba'dal mavt”. Ma'nosi: “Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, rasullariga, oxirat kuniga, qadarning yaxshiyu yomonligi Alloh taolodan ekaniga, o'lgandan so'ng qayta tirilishga imon keltirdim”.

Hanafiy mazhabimiz asoschisi Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” asarida imonga quyidagicha ta'rif bergan: “Imon – bu iqror va tasdiqdan iboratdir. Osmon va er ahllarining imoni, imon keltirilgan narsa jihatidan ziyoda ham, kam ham bo'lmaydi, lekin yaqiyn (aniq bilish) va tasdiq jihatidan ziyoda va kam bo'ladi. Mo''minlar imonda, tavhidda o'zaro tengdirlar, ammo amalda bir-birlaridan ortiq-kamdirlar”.

Imon tushunchasi islomda muhim va bahsli masalalardan biri hisoblanib, uni VIII asrdan boshlab turli ilohiyot va diniy-huquqiy maktab vakillari turlicha talqin etgan. Hususan, hanbaliylik mazhabida imon qalb bilan tasdiqlash, til bilan iqror bo'lish va tana a'zolari bilan amal qilish hisoblanadi. Lekin ular ham amal qilmaganni kofir demaydilar.

Afsuski, hozirgi kunda diniy mutaassib va ekstremistik oqimlar go'yoki “amali yo'qlar imonsiz bo'ladi va do'zaxda kuyadi” degan da'vo bilan o'zlariga ergashmagan musulmonlarni imonsizlikda ayblashga va oxirat bilan qo'rqitishga harakat qilmoqdalar.

Mazkur masala bo'yicha hanafiy mazhabining faqih, mufassir, mutakallim va muhaddis olimi Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh quyidagilarni bayon qilgan: “Ba'zi adashgan firqalar Qur'on va sunnatga to'g'ri kelmaydigan qarashlari sababli kishilarni shahodat kalimalarini aytayotgan bo'lsalar-da, islom arkonlarini ado etayotgan bo'lsalar-da, kofirga chiqarishga uringanlar. Boshqa ba'zi firqalar esa yuqoridagilardan mutlaqo teskari yo'l tutishib, shahodat kalimalarini talaffuz qilganlarni biror holatda ham kufrga chiqarib bo'lmaydi deb hisoblashgan. Ahli sunna val jamoadagilar esa kufrga chiqarishni mutlaqo inkor ham qilmaydilar va har bir gunoh tufayli kufrga ham hukm qilmaydilar, balki ahli qibla to'g'risida doimo yaxshi fikrda bo'ladilar”.

“Ahli sunna val jamoa” ushbu masalaga qarashlari haqida “Aqidatut Tahoviy” kitobida quyidagilar ta'kidlangan: “Qibla ahlini gunoh ish qilsalar ham kofir sanamaymiz, basharti uni gunoh ish ekanligini ko'r-ko'rona inkor etmasa. ...Kishi imondan chiqishi uchun imonga kirishiga sabab bo'lgan narsalarni inkor etgan bo'lishi kerak. Imon  bu Rasuli akram alayhissalom Alloh tomonidan keltirgan barcha xabarlarni til bilan iqror qilib, qalb bilan tasdiqlashdir”. Ya'ni, musulmon kishi ikki shahodat kalimasini talaffuz qilib, ma'nolariga e'tiqod qilish bilan Islomga kirsa, ularning ma'nolarini inkor qilish bilan Islomdan chiqadi.

“Ahli sunna val jamoa” e'tiqodiga ko'ra, gunohi kabira qilgan musulmon o'z gunohlariga tavba qilishga ulgurmasdan vafot etib ketgan bo'lsa-da, do'zaxda abadiy qolmaydi. Bunday kishilar qalblarida imoni borligi e'tiboridan qilgan gunohlariga yarasha jazolanib, so'ngra do'zaxdan chiqariladilar. Bu haqda hadisda quyidagicha aytilgan: «Bizlarga Imron ibn Husayn roziyallohu anhumo Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan eshitganini gapirib berdi: “Bir qavm Muhammad sollallohu alayhi va sallamning shafoatlari sababli do'zaxdan chiqib, jannatga kiradilar, “jahannamiylar” deb nomlanadilar”» (Imom Buxoriy, 6566-hadis). Imom Muslim Abu Said roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda: “Ular (ya'ni, jahannamiylar” deb nom olganlar) Allohga duo qiladilar, Alloh ulardan ushbu ismni ketkazadi”, deyilgan (191-hadis).

Shu bilan birga, dinimizda gunohkor banda ba'zi ishlarni qilishi sababli Alloh taolo uni do'zax azobidan saqlaydi, deb e'tiqod qilinadi. Bunday ishlarga quyidagilarni keltirish mumkin: tavba, istig'for, yaxshi ishlar, dunyoviy musibatlar, mo'minlarning tirikligida va vafotidan keyin orqasidan istig'for aytishlari, o'limidan keyin uning nomidan sadaqa yoki haj qilish kabi ishlar, shafoat qiluvchilarning shafoati, Alloh taoloning afv etishi.

Eng achinarlisi shuki, hozirgi oqim tarafdorlari namoz va ro'za kabi amallarni bajarmaganlarni kofirga chiqarib, qonini to'kishni halol sanamoqdalar. Vaholanki, Imom Tahoviy, mazhabboshimiz Imom Abu Hanifa, Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad rahmatullohi alayhlarning e'tiqodlari quyidagichadir:

ولا نُكَفِّرُ أَحَداً مِنْ أَهْلِ القِبْلَةِ بِذَنْبٍ، مَا لَمْ يَسْتَحِلَّهُ

ya'ni: “Qibla ahlidan hech kimni biror gunoh tufayli, modomiki halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.

Shunday ekan, har birimiz yuqoridagi ma'lumotlardan to'g'ri xulosa chiqarib, ahli sunna val jamoa e'tiqodida mustahkam turib, har xil noto'g'ri va botil e'tiqodlardan o'zimiz va yaqinlarimizni ehtiyot qilishimiz lozim.

 

"Diniy-ma'rifiy suhbatlar" kitobidan

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Taniqli ulamolar "Imom Buxoriy" ordeni bilan taqdirlandi

22.08.2026   8626   1 min.
Taniqli ulamolar

Prezidentimizning "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at sohalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoni e’lon qilindi.

Bugungi kunning eng quvonchli xabari shuki, diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning jonkuyar mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!

Ularning haq yo‘ldagi sa’y-harakatlari, ma’rifat tarqatishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak orden bilan munosib taqdirlandi. Bu nafaqat ularning shaxsiy yutuqlari, balki butun diniy-ma’rifiy jamoamiz uchun katta sharaf va cheksiz quvonchdir!!

"Imom Buxoriy" ordeni:

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov;

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur;

Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev;

Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining butun jamoasi, davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan aziz ulamolarimiz va fidoiy xodimlarimizni chin qalbdan, samimiy muborakbod etadi!

Sizlarga Alloh taolodan mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy hayotingizga fayzu baraka, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik tilaymiz. Kelgusi xayrli faoliyatlaringizda yanada ulkan zafarlar, ezgu maqsadlaringizga erishishda doimiy muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilaymiz!

Hamisha elu yurtning duosida bo‘lib, dinimizga, Vatanimizga xizmat qilish sharafi bardavom bo‘lsin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari