Imon “ishonch”, “e'tiqod”, “tasdiqlash”, “omonlik berish” ma'nolarini anglatib, dinimizning beshta asos, ya'ni ustunlaridan birinchisidir.
Hanafiy mazhabimiz va moturidiya aqidamizga ko'ra, imon Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning Alloh taolodan etkazgan barcha xabarlarini tasdiqlash va iqror qilishdan iborat. Kishining imoniga Kalimai shahodat” (Guvohlik kalimasi”) dalolat qiladi: “Ashhadu allaa ilaaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan 'abduhu va Rosuuluh (Allohdan o'zga iloh yo'qligiga va Muhammad sollallohu alayhi va sallam Allohning bandasi va Rasuli ekaniga guvohlik beraman”)”.
Amal imondan emas. Ya'ni, dinda buyurilgan amallarni ado etish farz bo'lsa-da, ular imondan hisoblanmaydi. Shunga ko'ra amalni tark qilish tufayli kufrga hukm qilinmaydi.
Imon ziyoda ham, nuqson ham bo'lmaydi. Chunki imonning asli tasdiqdan, ya'ni yuz foizlik qat'iy ishonchdan iborat. Bunday tasdiqda esa ziyoda va kam bo'lish tasavvur qilinmaydi. Ya'ni, kamaysa, yuz foizlik ishonch bo'lmagani uchun imon bo'lmay qoladi, ko'payishning esa o'zi to'liq bo'lgani uchun imkoni yo'q. Shuning uchun imon” deb ataladigan bunday tasdiq ziyoda va kam bo'lmaydi deb e'tiqod qilamiz.
Ahli sunna val jamoa e'tiqodida imonning tafsilotlari, ya'ni to'liq shakli (“Imoni mufassal”) quyidagicha ifodalanadi: “Aamantu billaahi va malaaikatihiy va kutubihiy va rusulih, val yavmil
aaxiri, val qodari xoyrihiy va sharrihiy minallohi ta-'aalaa, val ba'si ba'dal mavt”. Ma'nosi: “Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, rasullariga, oxirat kuniga, qadarning yaxshiyu yomonligi Alloh taolodan ekaniga, o'lgandan so'ng qayta tirilishga imon keltirdim”.
Hanafiy mazhabimiz asoschisi Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” asarida imonga quyidagicha ta'rif bergan: “Imon – bu iqror va tasdiqdan iboratdir. Osmon va er ahllarining imoni, imon keltirilgan narsa jihatidan ziyoda ham, kam ham bo'lmaydi, lekin yaqiyn (aniq bilish) va tasdiq jihatidan ziyoda va kam bo'ladi. Mo''minlar imonda, tavhidda o'zaro tengdirlar, ammo amalda bir-birlaridan ortiq-kamdirlar”.
Imon tushunchasi islomda muhim va bahsli masalalardan biri hisoblanib, uni VIII asrdan boshlab turli ilohiyot va diniy-huquqiy maktab vakillari turlicha talqin etgan. Hususan, hanbaliylik mazhabida imon qalb bilan tasdiqlash, til bilan iqror bo'lish va tana a'zolari bilan amal qilish hisoblanadi. Lekin ular ham amal qilmaganni kofir demaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda diniy mutaassib va ekstremistik oqimlar go'yoki “amali yo'qlar imonsiz bo'ladi va do'zaxda kuyadi” degan da'vo bilan o'zlariga ergashmagan musulmonlarni imonsizlikda ayblashga va oxirat bilan qo'rqitishga harakat qilmoqdalar.
Mazkur masala bo'yicha hanafiy mazhabining faqih, mufassir, mutakallim va muhaddis olimi Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh quyidagilarni bayon qilgan: “Ba'zi adashgan firqalar Qur'on va sunnatga to'g'ri kelmaydigan qarashlari sababli kishilarni shahodat kalimalarini aytayotgan bo'lsalar-da, islom arkonlarini ado etayotgan bo'lsalar-da, kofirga chiqarishga uringanlar. Boshqa ba'zi firqalar esa yuqoridagilardan mutlaqo teskari yo'l tutishib, shahodat kalimalarini talaffuz qilganlarni biror holatda ham kufrga chiqarib bo'lmaydi deb hisoblashgan. Ahli sunna val jamoadagilar esa kufrga chiqarishni mutlaqo inkor ham qilmaydilar va har bir gunoh tufayli kufrga ham hukm qilmaydilar, balki ahli qibla to'g'risida doimo yaxshi fikrda bo'ladilar”.
“Ahli sunna val jamoa” ushbu masalaga qarashlari haqida “Aqidatut Tahoviy” kitobida quyidagilar ta'kidlangan: “Qibla ahlini gunoh ish qilsalar ham kofir sanamaymiz, basharti uni gunoh ish ekanligini ko'r-ko'rona inkor etmasa. ...Kishi imondan chiqishi uchun imonga kirishiga sabab bo'lgan narsalarni inkor etgan bo'lishi kerak. Imon – bu Rasuli akram alayhissalom Alloh tomonidan keltirgan barcha xabarlarni til bilan iqror qilib, qalb bilan tasdiqlashdir”. Ya'ni, musulmon kishi ikki shahodat kalimasini talaffuz qilib, ma'nolariga e'tiqod qilish bilan Islomga kirsa, ularning ma'nolarini inkor qilish bilan Islomdan chiqadi.
“Ahli sunna val jamoa” e'tiqodiga ko'ra, gunohi kabira qilgan musulmon o'z gunohlariga tavba qilishga ulgurmasdan vafot etib ketgan bo'lsa-da, do'zaxda abadiy qolmaydi. Bunday kishilar qalblarida imoni borligi e'tiboridan qilgan gunohlariga yarasha jazolanib, so'ngra do'zaxdan chiqariladilar. Bu haqda hadisda quyidagicha aytilgan: «Bizlarga Imron ibn Husayn roziyallohu anhumo Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan eshitganini gapirib berdi: “Bir qavm Muhammad sollallohu alayhi va sallamning shafoatlari sababli do'zaxdan chiqib, jannatga kiradilar, “jahannamiylar” deb nomlanadilar”» (Imom Buxoriy, 6566-hadis). Imom Muslim Abu Said roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda: “Ular (ya'ni, “jahannamiylar” deb nom olganlar) Allohga duo qiladilar, Alloh ulardan ushbu ismni ketkazadi”, deyilgan (191-hadis).
Shu bilan birga, dinimizda gunohkor banda ba'zi ishlarni qilishi sababli Alloh taolo uni do'zax azobidan saqlaydi, deb e'tiqod qilinadi. Bunday ishlarga quyidagilarni keltirish mumkin: tavba, istig'for, yaxshi ishlar, dunyoviy musibatlar, mo'minlarning tirikligida va vafotidan keyin orqasidan istig'for aytishlari, o'limidan keyin uning nomidan sadaqa yoki haj qilish kabi ishlar, shafoat qiluvchilarning shafoati, Alloh taoloning afv etishi.
Eng achinarlisi shuki, hozirgi oqim tarafdorlari namoz va ro'za kabi amallarni bajarmaganlarni kofirga chiqarib, qonini to'kishni halol sanamoqdalar. Vaholanki, Imom Tahoviy, mazhabboshimiz Imom Abu Hanifa, Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad rahmatullohi alayhlarning e'tiqodlari quyidagichadir:
ولا نُكَفِّرُ أَحَداً مِنْ أَهْلِ القِبْلَةِ بِذَنْبٍ، مَا لَمْ يَسْتَحِلَّهُ
ya'ni: “Qibla ahlidan hech kimni biror gunoh tufayli, modomiki halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Shunday ekan, har birimiz yuqoridagi ma'lumotlardan to'g'ri xulosa chiqarib, ahli sunna val jamoa e'tiqodida mustahkam turib, har xil noto'g'ri va botil e'tiqodlardan o'zimiz va yaqinlarimizni ehtiyot qilishimiz lozim.
"Diniy-ma'rifiy suhbatlar" kitobidan
Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.
Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.
Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.
Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.
Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.
Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.
Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati