O'MI matbuot xizmati
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon insonni uylangan paytida tabriklasalar, «Alloh senga muborak qilsin, baraka bersin va ikkingizning orangizni xayr ila jam qilsin», der edilar («Sunan» egalari rivoyat qilganlar).
Kelin-kuyovni to‘y bilan tabriklash Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan qolgan sunnatdir. Bu sunnatga binoan, har bir musulmon kelin-kuyovning to‘ylari munosabati ila ularni tabriklash paytida haqlariga Alloh taolodan xayr-baraka va baxtli hayot kechirishlarini so‘rab, duo qilishi kerak.
Hasan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Aqiyl ibn Abu Tolib Banu Jusamlik bir ayolga uylandi. Bas, unga «Murosa va bolalar ila», deyildi. Shunda u:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, «Alloh sizlarga muborak qilsin va baraka bersin», denglar», dedi (Nasaiy rivoyat qilgan).
Kishilar Aqiyl ibn Abu Tolib roziyallohu anhuni uylangani munosabati ila muborakbod qilishda o‘zlariga odat bo‘lib kelayotgan eski tabrik so‘zlarini aytishgan edi, u kishiga yoqmadi. U kishi roziyallohu anhu, Nabiyimiz alayhissalom yangi uylangan odamni qanday so‘zlar bilan tabriklagan bo‘lsalar, meni ham shunday tabrik qilinglar, deb o‘rgatdilar.
Ha, musulmon kishi har bir narsada o‘z Payg‘ambari sollallohu alayhi vasallamga ergashmog‘i lozim. Hatto uylanish munosabati ila aytiladigan tabrik so‘zlarida ham.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga uylanganlarida onam kelib, meni hovliga olib kirdilar. Qarasam, ansoriy ayollar uyning ichida ekanlar. Bas, ular «Xayr va barakali bo‘lsin. Eng baxtli va nasibali bo‘lsin», dedilar (Buxoriy va Abu Dovud rivoyat qilganlar).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan Oisha onamizning to‘ylari Madinai Munavvarada bo‘lgan. Oisha onamizning onalari Ummu Rummon binti Omir ibn Abdushams roziyallohu anhoning o‘zlari u kishini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga olib kirganlar. O‘shanda hovlida Asmo binti Yaziyd roziyallohu anho boshliq bir guruh Madina ayollari ham bo‘lganlar. Ular kelin bo‘lmish Oisha onamizni ko‘rganlari zahoti u kishining haqlariga yaxshi tilaklar bilan duo qilganlar.
Keyin Ummu Rummon roziyallohu anho Oisha onamizni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga olib kirib, o‘tqazganlar va:
«Mana bu – ahlingiz, yo Rasulalloh, Alloh sizga bularni muborak qilsin», – deganlar.
Demak, kelin-kuyovni ko‘rgan kishi darhol tabriklab, yaxshiliklar tilab duo qilishi kerak ekan.
"Baxtiyor oila" kitobidan