Abbosiy xalifaligi va Umar ibn Abdulaziz kabi marvoniylar sulolasining ba'zi vakillarini musulmon ummati xalifa deb kelgan bo'lsa-da, biroq Alloma Taftazoniy fikriga ko'ra, hadisda tilga olingan xalifalikdan maqsad to'liq xalifalik, ya'ni u shunday xalifalikki, unga qarshi hech bir muxolafat bo'lmagan, undan boshqalarga bay'at qilishga odamlarda mayl uyg'onmagan.
Ya'ni, “xulafoi roshidin” (“to'g'ri yo'ldan boruvchi xalifalar”) Abu Bakr Siddiq, Umar ibn al-Hattob, Usmon ibn Affon va Ali ibn Abu Tolib raziyallohu anhum ajma'in bo'lib, ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning xalifalari bo'lganlar.
Demak, Alloma Taftazoniy aytishicha, musulmonlarning noroziligiga sababchi bo'lib, bir to'da odamlar o'zlaricha xalifalik e'lon qilgani bilan ular haqiqiy bo'la olmaydi. Bunday kimsalar o'zining “xalifaligi”ga qanchalik oyat va hadis keltirsa ham, u ishonchli va tom ma'nodagi xalifa emas!
Alloma Taftazoniy ham hozirgi davrda xalifalik tuzishni targ'ib qiluvchilar doim keltiradigan hadisi sharifga e'tibor qaratgan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan quyidagi hadis keltiriladi:
مَنْ مَاتَ مِنْ أَهْلِ الْقِبْلَةِ وَلَمْ يَعْرِفْ إِمَامَ زَمَانِهِ مَاتَ مَيِّةً جَاهِلِيَّةً.
“Ahli qibladan kim o'z zamonasining imomini tanimasdan vafot etsa, johil bo'lib vafot etibdi”.
Alloma Taftazoniy mazkur hadis e'tiboridan ummat Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafotidan keyin eng muhim ishni qildilar. Ya'ni, o'zlariga rahbarni tayinladilar. Hatto, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dafn qilinmasdan oldin bu ishni amalga oshirdilar va bu ishni har bir rahbar vafotidan keyin ham davom ettirdilar, deganlar. Ya'ni, bu erda hech qanday xalifalik haqida gap-so'z yo'q. Mazkur hadisda har bir davrdagi, har bir yurtning o'zlari tinch yo'l bilan saylab qo'ygan rahbarlari nazarda tutilgan.
Hadisda tilga olingan “imom” so'zi diniy rahbar – masjid imomini ham, siyosiy rahbar – davlat rahbarini ham nazarda tutadi. Fiqhiy manbalarda ham “imom” so'zi ana shu ikki ma'noda qo'llanadi. Undan faqat “xalifa”ni e'tiborga olish ma'nosi yo'q.
Ikkinchidan, aytish lozimki, “Sharh al-aqoid an-nasafiya”ning eng mashhur sharh qiluvchilaridan Ramazon afandi fikricha, bu hadisdagi “o'z zamonining imomi” so'zidan murod o'sha davrga yuborilgan Muhammad sollallohu alayhi va sallamdir.
Halifalikni va xalifalik tuzishni targ'ib qiluvchilar yuqoridagi hadisi sharifni keltirib, o'zining g'arazli maqsadlari uchun niqob qilib oladi. Lekin shu ma'nodagi quyidagi sahih hadisi sharifni yashirib keladilar:
من خرج من الطاعة وفارق الجماعة فمات مات ميتة جاهلية ومن خرج على أمتي يضرب برها وفاجرها لا يتحاشى من مؤمنها ولا يفي لذي عهدها فليس مني ومن قاتل تحت راية عمية يدعو إلى عصبية أو يغضب لعصبية فقتل فقتلة جاهلية
“Kimki itoatdan chiqib va jamoatdan ajralib vafot qilsa, johiliyat o'ligi holda o'lib ketadi.
Kimki ummatimga qarshi chiqib, yaxshisini ham, yomonini ham (bo'yiniga qilich va bolta ila) ura boshlasa, ularning mo''minligiga parvo qilmay qo'ysa, ularning ahdlashgan kimsalariga vafo qilmasa, u mendan emas! Kimki asabiylikka chaqiradigan ko'r bayroq ostida urishsa, yoki asabiylik bilan g'azablanaversa, u o'ldirilsa, jaholat holida o'ldirilgan bo'ladi!”.
Mazkur hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hozirgi kunda ahmoqona “xalifalikni qayta qurish” rejasi bilan mo''min-musulmonlarga qarshi chiqayotgan, musulmonlarni o'ldirayotgan, asabiy va g'azabnok nokaslarni ogohlantirmoqdalar, ularning o'zlari jaholatda, harom o'limtik holida o'lib ketishlarini bashorat qilmoqdalar.
Hulosa qilib shuni ta'kidlash kerakki, “xalifalikni qayta qurish” masalasi asrlar davomida turli firqalar tomonidan davriy ravishda ko'tarilib turgan.
Bugungi kunda ham bu masala ba'zi adashgan firqalar tomonidan ko'tarilmoqda. Yuqorida keltirilgan dalillar mazkur oqimlarning qarashlari noto'g'riligini isbotlaydi va ularning qilayotgan bu da'volari faqat o'zlarining g'arazli maqsadlarini niqoblashdan o'zga holat emas ekanini ko'rsatadi.
Yangiqo'rg'on tumani "Eskiobod" masjidi imom xatibi
G'ayratjon Asaboyev.
Iordaniyaning nufuzli “The Jordan Times” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada yozilishicha, tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, yetakchi ekspertlar va media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, ushbu forum dasturidan yalpi majlislar, media ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Uchrashuvlarda hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari va zamonaviy texnologiyalar, xalqaro media loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalar uchun jahon media sanoatining yetakchi vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media ishlab chiqarish va xalqaro axborot makonida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha tajriba almashadi.
Nashrda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga sayohat qilishadi. Safar doirasida mehmonlar Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, shaharning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkentda xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanadi. Mehmonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati