Bismillahir rohmanir rohiym
Alloh taolo Islom dini asosida insoniyatga doimo shaxs va jamiyatni tarbiyalash va isloh qilishda nafaqat jismoniy balki ruhiy jihatlariga ham katta ahamiyat qaratishni ta'limini beradi. Hayotimizda poraxo'rlik, firibgarlik, o'zgalar molini nohaq eyish kabi illatlar mavjud ekan, ulardan shaxs va jamiyatni xalos etish uchun harakat qilish har bir musulmonning kundalik burchi ekani ma'lum bo'ladi. Bu borada dinimiz ko'rsatmalarini o'rganib, unga amal qilishlik shubhasiz, yurtimizdan bunday illatlarni tag-tomori bilan yulib tashlashga, taraqqiyotning yangi bosqichiga tezroq etishishga katta hissa qo'shadi.
Kishining o'z vazifasini suiste'mol qilib, shaxsiy manfaatlarini birinchi o'ringa qo'yishi, davlat mulkidan noqonuniy foydalanishi qonun oldida javobgar bo'lishi bilan birga Yaratganning huzurida ham og'ir gunohkor bo'lishiga assos bo'ladi. Chunki poraxo'rlik, jamiyatning turli jabhalarida o'sish va rivojlanishning to'xtab qolishiga, oddiy xalqning islohotlarga bo'lgan ishonchining yo'qolishiga, davlat va jamiyat o'rtasidagi muvozanatning bo'zilishiga olib boruvchi salbiy oqibatlarning ildizidir.
Ayniqsa, aholisining 94 foizdan ziyodi musulmonlardan iborat bo'lgan yurtimizda, o'zgalar molini nohaq yo'l bilan eyish – poraxo'rlik kabi ota-bobolarimiz qattiq hazar qilgan gunohlarning sodir bo'layotganini afsus bilan qayt etishimiz lozim. Holbuki, dinimizda birovning molini bu kabi yo'llar bilan o'zlashtirish qattiq qoralangan va harom deb e'lon qilingan.
Alloh taolo Qur'oni karimning Baqara surasi, 188-oyatida bu haqda marhamat qilib:
وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ وَتُدْلُوا بِهَا إِلَى الْحُكَّامِ لِتَأْكُلُوا فَرِيقًا مِنْ أَمْوَالِ النَّاسِ بِالْإِثْمِ وَأَنْتُمْ تَعْلَمُونَ
Ya'ni: “O'rtalaringizdagi mol – boyliklaringizni botil yo'llar bilan emang. Shuningdek, bila turib, odamlarning boyliklaridan bir qismini gunoh yo'l bilan eyish maqsadida uni hukm chiqaruvchilarga havola etmang”, deydi.
Albatta, hayot turli hil ehtiyoj va zaruratlardan iborat bo'lib, inson o'zaro munosabatlarda hamkor bo'lishga muhtojdir. Mana shunday munosabatlarda halollik va to'g'rilik, birovning haqqining rioyasi har kimning bosh mezoni bo'lishi lozimdir. Aks holda boshlangan ishlarning oqibati kasod bo'lishga, engi achinarlisi esa, uning kasofatidan inson afsus va nadomatda qolishidir.
Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
عن أبي هريرة رضي الله عنه: أن النبي صلى الله عليه وسلم قال: "مَن أخذ أموال الناس يريد أداءها أدَّى الله عنه، ومن أخذها يريد إتلافها أتلفه الله" (رواه البخاري)
Ya'ni: “Kim odamlarning molini qaytarib berish maqsadida olsa, Alloh taolo unga yordamchi bo'ladi. Kim odamlarning moliga talofat etkazish(chuv tushirish) uchun olsa, Alloh taolo uning o'ziga talofat etkazadi”.
Poraxo'rlik yuqorida ta'kidlanganidek, o'zgalar molini nohaq eyishning bir ko'rinishidir. Poraning arabcha ma'nosi “rishva” bo'lib, Islom ulamolari unga: “Pora – kishi o'zi haqli bo'lmagan narsasiga erishishi yoki zimmasida lozim bo'lgan narsadan qutilishi uchun taqdim etgan mol yoki manfaatdir”, deb tarif beradilar.
Ta'rifga e'tibor qaratsak quyidagi foydalarga ega bo'lamiz.
Avvalo bizga, pora pul shaklidagina bo'lmasligini, balki biror ishni qilib berish yoki qilmaslik orqali ham manfaatni hosil qilish ekanini anglatadi.
Ikkinchidan, pora beruvchining niyati hech qachon yaxshi va to'g'ri bo'lmasligini, shu bilan birga u o'zi haqli bo'lmagan narsaga erishishga, etarli ilm va malakaga ega bo'lmay turib mas'uliyatni zimmasiga olishga intilishidir.
Zero, Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا ضُيِّعَتْ الْأَمَانَةُ فَانْتَظِرْ السَّاعَةَ قَالَ كَيْفَ إِضَاعَتُهَا يَا رَسُولَ اللَّهِ قَالَ إِذَا أُسْنِدَ الْأَمْرُ إِلَى غَيْرِ أَهْلِهِ فَانْتَظِرِ السَّاعَةَ). رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ(
Ya'ni, “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon omonat zoye qilinsa, qiyomatni kutaver”, dedilar. (bir a'robiy kishi): “Omonatni zoye qilish qanday bo'ladi, ey Allohning Rasuli”, dedi. U zot: “Qachonki ish o'z egasidan boshqaga topshirilsa, qiyomatni kutaver”, dedilar”.
Uchinchidan, pora oluvchining buzg'unchiligidir. Chunki u shar'an halol bo'lmagan yo'llar bilan mo'may pul topish ilinjida, munosib bo'lmagan kishilarni jamiyat taraqqiyotining muhim bo'g'imlariga joylashishiga, oqibatda esa, mamlakat rivojlanishining sustlashishiga, eng achinarlisi rivojlanishning orqaga ketishida zamin yaratadi. Bu esa, xalqning davlat va uning muassasalariga bo'lgan ishonchining oyoqosti bo'lishiga, o'zaro ishonchning bo'zilishiga oqibatda esa bundan norozi kayfiyatdagi qatlamning vujudga kelishiga olib keladi.
Poraxo'rlar porani “hadya”, “sovg'a” sifatida berdi, deb, o'zini oqlashga, “yo'l” topib olishga odatlangan bo'ladi.
Beruvchilar ham doimo “ko'ngildan chiqdi”, “atadik” kabi “chiroyli” so'zlar bilan o'zining qabih amallarini “bo'yab”, uni ro'yobga chiqarishga odatlangan bo'ladi.
E'tibor qaratadigan bo'lsak, Islomda “hadya” so'zi ham aniq ta'rifga ega bo'lib, u – biror insonga foydalanish maqsadida nimanidir savobdan boshqa hech qanday manfaatni ko'zlamay berishdir.
Hadyaning zamirida odatda, Allohning roziligi uchun berilayotgan odamning mehrini, muhabbatini qozonish, unga bo'lgan hurmatni ifodalash va uning qadrini joyiga qo'yish, unga yaxshilik qilish yoki qilgan beg'araz yaxshiligiga munosib javob qaytarish kabi ezgu maqsadlar o'rin olgan bo'ladi. Shu bilan birga, oluvchidan biror narsani nohaq undirishni niyat qilmaydi. Bir so'z bilan aytganda unda g'araz va tama' bo'lmaydi!
Aynan shu asosiy omillar bizga hadyaning poradan farqini ajratib beradi.
Poraxo'r inson mazkur qilmishi bilan diniga, iymoniga, vijdoniga, ishonib topshirilgan vazifasiga, davlatiga, xalqiga, eng asosiysi “yaxshilik qilyapman”, deb, oila-farzandlariga xiyonat qilayotganini yaxshibilishi va anglashi lozim bo'ladi.
Imom Muslim Abu Humayd So'idiy raziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
اسْتَعْمَلَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ رَجُلًا مِنَ الْأَسْدِ، يُقَالُ لَهُ: ابْنُ اللُّتْبِيَّةِ - قَالَ عَمْرٌو : وَابْنُ أَبِي عُمَرَ - عَلَى الصَّدَقَةِ، فَلَمَّا قَدِمَ قَالَ: هَذَا لَكُمْ، وَهَذَا لِي، أُهْدِيَ لِي، قَالَ: فَقَامَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَلَى الْمِنْبَرِ، فَحَمِدَ اللَّهَ، وَأَثْنَى عَلَيْهِ، وَقَالَ: مَا بَالُ عَامِلٍ أَبْعَثُهُ، فَيَقُولُ: هَذَا لَكُمْ، وَهَذَا أُهْدِيَ لِي، أَفَلَا قَعَدَ فِي بَيْتِ أَبِيهِ، أَوْ فِي بَيْتِ أُمِّهِ، حَتَّى يَنْظُرَ أَيُهْدَى إِلَيْهِ أَمْ لَا؟ وَالَّذِي نَفْسُ مُحَمَّدٍ بِيَدِهِ، لَا يَنَالُ أَحَدٌ مِنْكُمْ مِنْهَا شَيْئًا إِلَّا جَاءَ بِهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ يَحْمِلُهُ عَلَى عُنُقِهِ بَعِيرٌ لَهُ رُغَاءٌ، أَوْ بَقَرَةٌ لَهَا خُوَارٌ، أَوْ شَاةٌ تَيْعِرُ (رواه الإمام مسلم.(
ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Baniy Sulaym qabilasining sadaqasini (zakot) yig'ishda Ibn Lutbiya ismli kishining xizmatidan foydalandilar. U zakot yig'ib kelib hisob-kitob berayotganda: “Bu (zakot) sizniki, bunisini esa menga hadya qilishdi”, dedi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam minbarga ko'tarilib: “Nega men yuborgan xizmatchi: “Bu sizga, bunisi esa menga”, – deb aytadi? Otasi yoki onasining uyida qolganda, unga hadya olib kelisharmidi? Mening jonim Uning qo'lida bo'lgan Zotga qasamki, kimki o'ziga tegishli bo'lmagan narsani olsa, Qiyomat kuni elkasida o'kirayotgan tuyani yoki marayotgan sigirni yoki barayotgan qo'yni olib keladi”, dedilar”.
Demak, musulmon inson qanday vazifada faoliyat olib borishidan qat'iy nazar, mazkur “hadya” deb nomlangan porani olayotganida, agar hozir vazifada emas, balki uyda o'tirganimda shuni menga berisharmidi, degan savolga vijdonan javob berishi, aksincha bo'lsa, yuqoridagi hadisga muvofiq, dunyo va oxiratdagi javobi ham og'ir va alamli kechishini anglashi va o'zini isloh qilishi lozim bo'ladi.
Imom Muslim Adiy ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kimni biror ishga boshliq qilsak va u ignadek narsani yashirsa, Qiyomat kuni omonatga xiyonat qilgani uchun javobgarlikka tortiladi”, dedilar. Shunda al-Ansor qabilasiga mansub qora tanli bir kishi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning yonlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli! Menga topshirgan ishingizni (zakot va sadaqa yig'ish vazifasini) qaytarib oling”, deb aytdi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Senga nima bo'ldi?” – deb so'raganlarida haligi odam: “Siz shunday-shunday deganingizni eshitdim”, deb javob berdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Hozir yana qaytarib aytaman, kimni biror ishga boshliq qilsak, oziniyam, ko'piniyam yashirmay olib kelsin. Nimani bersak, uni olsin. Nimadan qaytarsak, uni olishdan o'zini tiysin”, dedilar.
Joylardagi aholining kam ta'minlangan, boquvchisini yo'qotgan, nogiron va boshqa shu kabi nafaqaga muhtoj qatlamiga davlat tomonidan beriladigan mablag'larini ajratishda ham ayrim vazifadorlarning shunday “hadya”lar olishga ko'z tikib turgani haqidagi holatlarni eshitib qolamiz.
Bu boradagi harakatlar asosida dinimiz ta'limotlarida poraning xarom ekanini bilmaslik, unga amal qilmaslik, musulmonlik mas'uliyatini his etmaslik, natijada esa, o'zining qanchalik ulkan gunohga ega bo'layotganini anglamaslik yotadi, deb xulosa qilsak to'g'ri bo'ladi.
Imom Buxoriy Havla binti Amr raziyallohu anhodan rivoyat qilgan hadisda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Ba'zi bir odamlar Allohning mulki (jamoat pullari)ga xiyonat qiladi. Qiyomat kuni ular jahannamga ravona bo'lishadi”, dedilar.
Dinimiz ko'rsatmalarida, poraxo'rlar va ularning razil maqsadli hamtovoqlari, agar qilmishidan qaytib, chin dildan tavba qilmasa, ularni dunyo va oxiratda nihoyatda og'ir jazolar kutib turgani, oyat va hadislar orqali jiddiy ogohlantirilgan.
Jumladan, Imom Ibn Moja Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:
لعنَ رسولُ اللَّهِ صلَّى اللَّهُ عليهِ وسلَّمَ الرَّاشيَ والمُرتشيَ
ya'ni: “Rasulullohsallallohu alayhi vasallam pora berganni ham, pora olganni ham la'natladilar”
Korruptsiya, ya'ni tanish-bilishchilik borasida ham dinimiz ko'rsatmalari qattiq. Bu haqida Imom Muslim, Imom Ahmad va Imom Nasoiylar rivoyat qilgan hadisda Oisha onamiz raziyallohu anho aytadilar: “Mahzum qabilasidan bo'lgan bir ayol qarzga narsa olib, uni qaytarmas va tan olmas edi. Jinoyati isbotlangach, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam unga jazo berishni buyurdilar. Ayolning qarindosh-urug'lari Usoma ibn Zaydning oldiga kelib, jazoni yumshatishni iltimos qilishdi. Usoma Payg'ambarmiz sallallohu alayhi vasallamga ayol haqida gapirgan edi, u zot sallallohu alayhi vasallam:“Ey Usoma, Alloh azza va jallaning had(jazo)laridan biri borasida ham o'rtaga tushasanmi?”, dedilar. So'ng, odamlarga o'tgan qavmlar agar oralarida sharafli, obro'li kishilar jinoyat qilsa, avf etib, zaif kishi jinoyat qilsa, jazolaganlari sababli halok bo'lganlarini aytdilar. Yana qasam ichib, agar qizlari Fotima jinoyat qilsa ham, jazosiz qolmaydi, dedilar.Keyin jinoyatchiga jazo berildi”
So'zimiz so'ngida aytishimiz lozimki, dinimizda pora beruvchining ham oluvchining ham azobga duchor bo'lishdagi darajasi baravar ekan. Keltirilgan oyat-hadislar va ularning mazmun-mohiyatidan ma'lum bo'ladiki, har birimiz yuqoridagilardan o'zimizga kerakli xulosani chiqarib olishimiz, poraxo'rlik kabi ijtimoiy-salbiy illatlardan halos bo'lishimiz va ularga qarshi kurashishimiz va barham berilishida hamjihatlik bilan harakat qilishimiz lozimdir.
O'zbekiston musulmonlari idorasi mutuxassisi Akmalxon Axmedov manbalar asosida tayyorladi
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi taraqqiyoti va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda amalga oshirilgan o‘zgarishlarga yuqori baho berdi.
U Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbarligiga kelgan davrdagi vaziyat bilan bugungi holat o‘rtasida katta farq borligini ta’kidladi.
"Shavkat Miromonovich O‘zbekistonga rahbarlik qilishni boshlaganida vaziyat butunlay boshqacha edi. Buni O‘zbekiston fuqarolari ham, biz ham juda yaxshi bilamiz. Shu sababli u mamlakatni rivojlanish yo‘liga qo‘yish hamda davlatning iqtisodiy jihatlarini noldan shakllantirish uchun katta kuch bilan ishlashiga to‘g‘ri keldi", — dedi Ilhom Aliyev.
Ozarbayjon rahbari sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasidagi ishlarga ham to‘xtaldi.
"Bugun biz butunlay boshqacha O‘zbekistonni ko‘rib turibmiz — jahon hamjamiyatining juda hurmatga sazovor a’zosiga aylangan O‘zbekistonni. Sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar juda tezkor va samarali hal etilmoqda", — dedi u.
Ilhom Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlar va islohotlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik loyihalari uchun ham muhim zamin yaratgan.
"Shavkat Mirziyoyev va uning jamoasi tomonidan O‘zbekiston uchun qilingan ishlar va bu islohotlar bo‘lmaganida, birorta ham hamkorlik loyihasini amalga oshirishning imkoni bo‘lmasdi", — dedi Ozarbayjon Prezidenti.
Shuningdek, u Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbarligiga kelguniga qadar ikki mamlakat o‘rtasida birorta ham qo‘shma loyiha bo‘lmaganini ta’kidladi.
Ayni paytda tomonlar o‘zaro tovar aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Ilhom Aliyev bu ko‘rsatkichni uzoq muddatli orzu emas, balki yaqin ikki yilda amalga oshadigan natija sifatida baholadi.
"Bugun biz 1 milliardlik tovar aylanmasi haqida gaplashyapmiz. Bu qandaydir uzoq muddatli orzu emas, yaqin ikki yilda amalga oshadigan ishdir", — dedi u.
Ozarbayjon rahbari ikki tomon iqtisodiyoti ehtiyoj sezayotgan sohalardagi investitsiya loyihalari va o‘zaro sarmoyalar ham muhokama qilinganini qayd etib, bunday hamkorlik ikki davlatning parallel ravishda rivojlanishi natijasida yuzaga kelganini qayd etdi.