Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Sentabr, 2026   |   2 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:41
Quyosh
06:01
Peshin
12:19
Asr
16:45
Shom
18:40
Xufton
19:56
Bismillah
13 Sentabr, 2026, 2 Rabi`us soni, 1448

Islom dinining asl mohiyati

08.12.2021   8988   49 min.
Islom dinining asl mohiyati

Islom va boshqa samoviy dinlar:

Alloh taolo insoniyat olamiga hidoyat yo'lini bayon etish, haq bilan botilni farqlatish maqsadida har bir davrda o'sha davr ahli uchun o'z payg'ambarlarini yuborib turgan.

Payg'ambarlar Alloh taoloning elchisi bo'lib, ular ham o'z ummatlari kabi oddiy inson bo'lganlar.

Ular o'z ummatlarini risolatlari asosida yaxshilik va yomonlikning mohiyati, yaxshilikning mukofotlari-yu, yomonlikning oqibatlari, Alloh taoloni rozi qiluvchi va Uning g'azabini keltiruvchi ishlar bilan tanishtirib, hidoyatga chorlaganlar.

Shuningdek, har bir payg'ambar o'z davrida o'sha davr qavmi holati uchun xos va munosib bo'lgan, ularning toqati bardosh bera oladigan darajadagi ko'rsatmalar bilan yuborilgan.

Bu borada Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا وُسْعَهَا ۚ،

Ya'ni, “Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmas. …”.

Baqara” surasi, 286-oyat.

Hamma narsani daqiq-daqiqlarigacha biluvchi Alloh taolo har bir jon nimaga yaraydiyu, nimaga yaramaydi yaxshi biladi. Bandalariga mehribonligidan, imkoni va haqqi bo'lsa ham, hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaydi.

Yer yuziga Alloh taoloning hidoyatini olib kelgan ilk payg'ambar butun bashariyat        otasi – Odam alayhis salom bo'lganlar.

Umuman olganda hadisi shariflarda jami bir yuz yigirma to'rt ming nafar payg'ambar yuborilgani haqida ma'lumotlar mavjud. Musulmon inson barcha payg'ambarni (ularning har bir nomma-nom bilmasa ham) payg'ambar, deb e'tirof etmog'i lozim hisoblanadi.

O'z davrlarida Muso alayhis salom (u kishining ismlari Qur'oni karimda jami bir yuz o'ttiz olti marotaba sarohatan zikr qilingan) Bani Isroil qavmi uchun payg'ambar bo'lib yuborilgan bo'lsalar, u kishiga tushirilgan kitob Tavrot bo'lgan.

Iso alayhis salom esa (u kishining ismlari Qur'oni karimda “Iso”, “Al Masih” va “Ibn Maryam”, deya jami ellik besh marotaba sarohatan zikr qilingan) Nasorolar uchun payg'ambar bo'lib yuborilgan bo'lsalar, u kishiga tushirilgan kitob Injil bo'lgan.

Eng so'nggi payg'ambar – payg'ambarimiz Muhammad alayhis salom boshqa payg'ambarlardan farqli tarzda ma'lum bir qavmga xos emas, balki o'z davrlaridan to dunyo oxiriga qadar keluvchi barcha insoniyat olami uchun payg'ambar bo'lib yuborilganlar. U kishiga tushirilgan muqaddas kitob Qur'oni karimdir.

Qur'oni karim to Qiyomat kuni qadar o'zgarmaydigan, o'zgartirish va zo'e bo'lishdan himoyalanishi Alloh taolo tomonidan kafolatlangan muqaddas kitob hisoblanadi.

Bu borada Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا الذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُ لَحَافِظُونَ،

Ya'ni, “Albatta, zikr (Qur'on)ni Biz nozil qildik va albatta uni Biz muhofaza qilurmiz”.

Hijr” surasi, 9-oyat.

 

Islom va boshqa samoviy dinlar o'rtasidagi farq:

Islom va undan oldingi barcha samoviy dinlar Alloh taoloning mavjudligi va yagona ilohligiga iymon keltirish, ya'ni ishonish, faqat ungagina ibodat qilib, uning ibodatida unga hek kim va hech narsani shirk keltirmaslik sari chorlagan.

Aynan ushbu iymon masalasida ilk Odam alayhis salomdan to so'nggi           payg'ambar – payg'ambarimiz Muhammad alayhis salomga qadar yuborilgan barcha payg'ambarlarning da'vati, ya'ni chorlovi bir bo'lgan.

Alloh taolo butun insoniyat olami uchun ixtiyor etgan din aslida islom, deb ataladi.

Bu borada Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

 

إِنَّ الدِّيْنَ عِنْدَ اللهِ الْإِسْلَامُ،

Ya'ni, “Albatta, din Allohning nazdida islom (dini)dir”.

Oli Imron” surasi, 19-oyat.

Demak, barcha payg'ambarlarning dini ham aslida islom, deya atalar ekan. Ular o'z ummatlarini yuqorida qayd etilganidek, Alloh taoloning mavjudligi va yagona ilohligiga iymon keltirish, ya'ni ishonish, faqat ungagina ibodat qilib, uning ibodatida unga hek kim va hech narsani shirk keltirmaslik sari chorlagan. Ya'ni, asosiy chorlovlari bitta bo'lgan.

Ular o'rtasidagi farq birgina ibodatlarda, ya'ni iymonlari taqozasiga ko'ra bajariladigan amallar turi va kayfiyati, ijtimomiy, iqtisodiy aloqa va munosabatlar, amalga oshirilishi joiz yoki joiz bo'lmagan ishlar, iste'moli mumkin yoki mumkin bo'lmagan narsalarda bo'lgan xalos.

Ya'ni, yuqorida ta'kidlab o'tilganidek, har bir payg'ambar o'z qavmiga ularning toqati darajasidagi vazifalar bilan kelgan.

Namoz, zakot, ro'za va haj, shuningdek, ularni ado etish bilan bog'liq ma'lum jihatlar hamda Qur'oni karim va hadisi shariflarda bayoni kelgan barcha bayonotlar biz, ya'ni Muhammad alayhis salom ummatlariga vazifa qilingan ibodatlar hisoblanadi.

To'g'ri, avvalgi ummatlarning ayrimlariga namoz, ro'za misol ibodatlar ham joriy etilgan. Biroq, ularning mazkur ibodatlarni ado etish vaqti va kayfiyati bilan biz so'nggi ummatga farz qilingan mazkur ibodatlarni ado etish kayfiyati borasida ma'lum farqli jihatlar mavjud bo'lgan.

Islom dini bilan boshqa samoviy dinlar o'rtasidagi farq aynan mazkur jihatda xalos.

Islom so'zining lug'aviy ma'nosi:

“Islom” so'zi (arabcha) lug'atda “O'zidanda qudrat, ulug'lik va hikmat borasida quvvatliroq bo'lgan tomonga taslim bo'lish, itoat qilish va bo'ysinish”, ma'nolarini ifoda etadi.

Islom so'zining shar'iy ma'nosi:

“Islom” so'zi shar'iy istelohda “Alloh taoloni yagona iloh, deb bilgan holda unga itoat qilish, u buyurgan ibodatlarni ado etish, borliq bilan chiroyli munosabat va muomalada bo'lish va go'zal xulqlar bilan sifatlanish”, demakdir.

Bu misol ishlar sohibi musulmon yoki mo'min, deb ataladi.

Islom (yoki musulmon) va iymon (yoki mo'min) so'zlarining farqi:

Ulamolarimiz islom bilan iymon so'zlari orasidagi farq borasida uzundan-uzoq munosabatlar bildirganlar. Hatto, bu mavzuda alohida kitob yozganlari ham bo'lgan.

Lekin, gapning xulosasi shulki, islom (yoki musulmon) bilan iymon (yoki mo'min) so'zlari tushunchalari umumiy tarzda bir-biriga qovushib ketgan va biri ikkinchisini ifoda etaveradigan tushunchalardir. Ushbu so'zlar o'rtasida faqatgina lug'aviy jihatda farq mavjud.

Ammo, ikkisini alohida olib qaraydigan bo'lsak, iymon – ishonish, e'tiqod misol nazariy masalalarga, islom esa – bo'ysunish misol amaliy masalalarga xosdir.

Unga ko'ra islom asoslari – shahodatni ifoda etish (ya'ni, tilda aytish),           namoz, zakot, ro'za va haj ibodatlarini bajarishdan iborat bo'lsa, iymonning       asoslari – Allohga, uning farishtalariga, samoviy kitoblariga, payg'ambarlariga, oxirgi kunga (Qiyomat kuniga), taqdirga, o'limdan so'ng (Qiyomat kuni hisob uchun) qayta tirilishga qalb bilan ishonish va tasdiqlashdan iboratdir.

Islom dini kengqamrovli mukammal dindir:

Islom dini inson hayotiga oid barcha masasalar bayonoti va ularning echimini o'zida mujassam etgan kengqamrovli mukammal din hisoblanadi.

U nafaqat ibodat, balki iqtisodiy, ijtimoiy, axloqiy, ota-ona, er-xotin, qo'shnichilik haq-huquqlari misol barcha masasalalarni ilohiy ko'rsatmalar asosida adolatli tarzda bayon etib bergan.

 

Islom ilm va ma'rifat dinidir:

Islom dini ilmlari asosan beshta mavzuga bo'linadi. Ular:

  1. E'tiqod (ya'ni, bandalar Alloh taolo uchun amalga oshiradigan e'tiqodiy – imon masalalari).
  2. Ibodat (ya'ni, bandalar Alloh taolo uchun amalga oshiradigan amaliy – tahorat, g'usl, namoz, ro'za, zakot, haj va umra hamda ushbularga taalluqli qator masalalar).
  3. Muomalot (ya'ni, bandalar o'rtasidagi o'zaro munosabatlar – amalga oshiradigan bandalar Alloh taolo uchun amalga oshiradigan nikoh, taloq, idda, savdo, ijara, qarz, omonat, oriyat, garov, hadya, yo'qolgan va topib olingan buyumlar, qasam, nazr, kafforotlar, iste'moli mumkin bo'lgan va bo'lmagan mahsulotlar, qurbonlik va so'yishlar, ov, jinoyat va jazo, erlarga oid hukmlar, konlar, tibbiyot, ekinlar, meros, qo'yingki, jamiyatning o'zaro, shuningdek, boshqa mavjudot olami bilan bo'lgan har bir kattayu kichik ijtimoiy va iqtisodiy masalalar majmuasi).
  4. Tarix (ya'ni, Qur'oni karim va hadisi shariflar asosida sobit bo'lgan o'tmish hodisotlari).
  5. Odob va axloq (ya'ni, Qur'oni karim, hadisi shariflar hamda solihlarning ko'rsatmalari asosida sobit bo'lgan barcha masalalarga oid odob va axloq masalalari).

Yuqoridagi mazkur beshta mavzularda qator jildlab kitoblar yozilgan va hamon yozilmoqda. Shuningdek, ular o'rganilgan va o'rganilmoqda.

Hulosa qilish mumkinki, islom dini nafaqat insoniyat, balki butun bir borliq saodatiga oid ilmlarni Qur'oni karim va hadisi shariflar asosida mukammal va mufassal tarzda bayon etib bergan. Yana shuni ham ta'kidlash joizki, islom dini ilmlari faqatgina iymon, namoz, ro'za, zakot va haj hamda ularga daxldor masalalarga oid ilmlar mujmuasi emas. Shuningdek, ushbu din faqatgina ushbu ibodatlarga oid ilmlarni o'rganishga chorlovchi din ham emas.

Qur'oni karim oyatlarida “tafakkur qilish”, “tadabbur aylash”, “aqlni ishga solish”, “anglab ko'rish” kabi fikr va aqlga doir buyruqlarni takror va takror keltirilishi bugungi kun tili bilan aytganda – zamonaviy ilmlarni nechog'lik ahamiyatli ekanligini uqtirsa, ajab emas.

Bu misol ilohiy buyruq va ko'rsatmalardan Abu Ali ibn Sino, Ahmad Farg'oniy, Mirzo Ulug'bek kabi ulug' ajdodlarimiz aniq xulosalar chiqara olganlar va buning isbotini o'z ijodlari namunalarida ifoda etib ketganlar.

Ko'rinib turibdiki, islom dini faqat va faqat ilmga targ'ib etuvchi, ma'rifatga chorlovchi muqaddas ilm dinidir.

Zero, insoniyat, qo'yingki, butun bir borliq saodati yo'lida xizmat qiluvchi iml va ma'rifat borki, ularning barchasi ilmdir.

Qator oyati karimalar va hadisi shariflarda ilm o'rganish lozimligiga doir ko'rstamalar keltirilgan.

Bu borada Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

 قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ ۗ إِنَّمَا يَتَذَكَّرُ أُولُو الْأَلْبَابِ، 

Ya'ni, “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo'larmidi?!”, deb aytgin. Albatta, aql egalarigina eslarlar”.

Zumar” surasi, 9-oyat.

Bu inkoriy savol, ya'ni bu ikki toifa hargiz teng bo'lmaslar. Ilm ahlining darajasi har doim yuksak bo'lgan va bo'ladi. Ulargina dunyoda rislik qilgan va bu rayosatlari yana davom etaveradi.

Payg'ambarimiz alayhis salomning hadisi shariflarida jumladan shunday marhamatlar keltirilgan:

 

عن أبي الدرداء رضي الله عنه قال سمعت رسول الله صلي الله عليه و سلم يقول: من سلك طريقا يلتمس فيه علما سهل الله له طريقا إلى الجنة، و إن الملائكة لتضع أجنحتها رضا لطالب العلم، و إن طالب العلم يستغفر له من في السماء و الأرض حتى الحيتان في الماء، و إن فضل العالم على العابد كفضل القمر على سائر الكواكب، و إن العلماء هم ورثة الأنبياء، و إن الأنبياء لم يورثوا دينارا و لا درهما، إنما ورثوا العلم، فمن أخذه أخذ بحظ وافر،

Ya'ni: Abu Dardo roziyallohu anhu:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Kim ilm talab qilish yo'liga yursa, Alloh unga jannat yo'lini oson qilib qo'yadi. Albatta, farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini yozadi. Albatta, olimga osmondagi zotlar, erdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istig'for aytadi. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga o'xshaydi. Albatta, olimlar payg'ambarlarning merosxo'rlaridir. Payg'ambarlar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Albatta, ular ilmni meros qoldirganlar. Kim o'shani olsa, ulug' nasibani olibdi”,  deganlarini eshitdim”, dedilar.

Imom Buxoriy rivoyati.

Nozik nukta:

Musulmon inson shuni yaxshi bilmog'i darkorki, inson o'z Rabbisiga iymon keltirsa, shuning barobarida solih amallarni bajarsa Rabbisining ulug'lik darajasini oshirgan bo'lib qolmaydi.

Bordiyu, Rabbisiga iymon keltirmasa, shuning barobarida isyonchilardan bo'lsa Rabbisining ulug'ligiga putur ham etkaza olmaydi.

Zotan, Alloh taoloning ulug'ligi cheksizdir. Uni hech bir kuch zavol toptira olmas. Benihoyatdirki, uni kimdir yanada yuksaltira olsa…

Aksincha, har ikki holat ham o'z sohibi uchundir. Ya'ni, iymon keltirib, solih amallar ahlidan bo'lish o'z sohibiga ikki dunyo saodati uchun sabab bo'lsa, iymon keltirmaslik va isyonchilar ahlidan bo'lish o'z sohibiga ikki dunyo xorligi uchun zamin yaratadi.

Bu borada Alloh taolo hadisi qudsiyda shunday marhamat qiladi:

عن أبي ذر رضي الله عنه عن النبي صلى الله عليه وسلم فيما روى عن الله تبارك وتعالى أنه قال: يا عبادي! إنكم لن تبلغوا ضري فتضروني، و لن تبلغوا نفعي فتنفعوني، يا عبادي! لو أن أولكم و آخركم و إنسكم و جنكم كانوا على أتقى قلب رجل واحد منكم ما زاد ذلك في ملكي شيئًا، يا عبادي! لو أن أولكم و آخركم و إنسكم و جنكم كانوا على أفجر قلب رجل واحد ما نقص ذلك من ملكي شيئًا، يا عبادي! لو أن أولكم و آخركم و إنسكم و جنكم قاموا في صعيد واحد فسألوني فأعطيت كل إنسان مسألته ما نقص ذلك مما عندي إلا كما ينقص المخيط إذا أدخل البحر، يا عبادي! إنما هي أعمالكم أحصيها لكم، ثم أوفيكم إياها، فمن وجد خيرًا فليحمد الله، و من وجد غير ذلك فلا يلومن إلا نفسه،

Ya'ni: Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh alayhis salom aziz va jalil Parvardigordan naql qilgan hadislarida Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

“Ey bandalarim! Menga zarar etkaza oladigan darajaga etolmaysizki, zarar etkazsangiz. Menga foyda keltira oladigan mavqega erisholmaysizki, foydangiz tegsa.

Ey bandalarim! Sizlardan avvalgilar va keyingilar, insonlar va jinlar orangizdagi eng taqvodor odamdek bo'lsangiz ham, mulkim ko'payib qolmaydi.

Ey bandalarim! Sizlardan avvalgilar va keyingilar, insonlar va jinlar orangizdagi eng fojir odamdek bo'lsangiz ham, mulkim kamayib qolmaydi.

Ey bandalarim! Sizlardan avvalgilar va keyingilar, insonlar va jinlar hammangiz bir maydonga to'planib, mendan biror narsa so'rasangiz ham, har biringizning so'raganini beraman. Bu bilan xuddi igna dengizga botirib olinganda uning suvi qanchalik kamaysa, mulkimdan ham o'shancha kamayadi (ya'ni, hech narsa kamayib qolmaydi).

Ey bandalarim! Amallaringizga kelsak, ularni sizlar uchun hisoblab qo'yaman. So'ng ularning evazini (mukofoti yoki jazosini) to'liq qilib beraman.

Shunday ekan, kim yaxshilikka uchrasa, Alloh taologa hamd aytsin. Kim undan boshqa narsaga yo'liqsa, o'zidan boshqani ayblamasin!”.

Imom Muslim va Termiziylar rivoyati.

Quyida islom arkonlari hamda ularning asl mohiyati va inson hayotida tutgan o'rni haqida so'z yuritamiz.

 

Islom dinining arkonlari:

Islom dinining beshta arkoni (asoslari) mavjud. Ya'ni, banda Alloh taologa ibodat qilishi uchun mazkur beshta amallar joriy qilingan. Insonning islomi ushbular bilan shakllanadi, ya'ni mukammal bo'ladi.

Ular:

  1. Iymon.
  2. Namoz.
  3. Ro'za.
  4. Zakot.
  5. Haj.

Bu borada Payg'ambarimiz alayhis salomning hadisi shariflarida jumladan shunday marhamatlar keltirilgan:

عن عبد الله بن عمر بن الخطاب رضي الله عنهما قال: سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول: بني الإسلام على خمس: شهادة أن لا إله إلا الله، و أن محمدا رسول الله، و إقام الصلاة ، و إيتاء الزكاة، و حج البيت، و صوم رمضان،

Ya'ni: Abdulloh ibn Umar ibn Hattob roziyallohu anhumo:

“Islom besh narsaga bino qilingan: “Laa ilaha illallohu, Muhammadur rosululloh”, deb shahodat keltirish, namozni to'kis ado etish, zakot berish, haj qilish va ramazon ro'zasini tutish”, deganlarini eshitdim” dedilar.

Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy va Nasoiy rivoyatlari.

 

Iymon:

“Iymon” so'zi (arabcha) lug'atda “Ma'lum bir haqiqatni qalb taskin topgan va shubhadan xoli holda tasdiqlamaq”, ma'nolarini ifoda etadi.

Shar'iy istelohda esa “Shubhasiz, Allohdan o'zga iloh yo'qligiga va Muhammad uning rasuli ekanligiga guvohlik beraman” kalimalarini til bilan ifoda etib, qalb bilan tasdiqlash!”, demakdir. O'z navbatida ushbu shahodat sohibi Alloh taolo va uning rasuli Muhammad alayhis salom aytgan har bir xabarni ham ularga iymon keltirganidek tasdiqlamog'i darkordir.

Batafsilroq bayon etganda, inson Allohga, uning farishtalariga, samoviy kitoblariga, payg'ambarlariga, oxirgi kunga (Qiyomat kuniga), taqdirga, o'limdan so'ng (Qiyomat kuni hisob uchun) qayta tirilishga qalbi bilan ishonmog'i va ushbu ishonchini tili bilan ifoda etib, tasdiqlamog'i kerakdir.

Iymon islomning birinchi ruknidir. Iymonsiz islomning qolgan amallari qabul bo'lmaydi.

Iymon e'tiqodiy amal hisoblanadi.

Iymonning mohiyati va uning inson hayotida tutgan o'rni:

Tasavvur qilib ko'ring. Bir kishi hovli, tomorqa va ko'chasini supirib, sidirdi. O'z navbatida yig'ilgan chiqindilarni maxsus elim xaltalarga soldi va ularni orqalab uyining tashqarisiga olib chiqa boshladi.

Tabiiyki, u mazkur xaltalarini qo'shnisining qarovsiz va kimsasiz hovlisiga yoki oqib turgan anhor suvi yoxud yo'lning chetiga uloqtiradigan bo'lsa ko'rganlar uni koyishadi yo uning haqida salbiy munosabatlar bildirishadi. Bordiyu, ularni maxsus joyga olib borib joylasa barcha unga iliq so'zlar aytadi.

Mana shu holatda mazkur inson iymonli bo'lsa, atrofida uni tanqid qiluvchi yoki unga maqtov aytuvchilarning bor-yo'qligi ahamiyatga molik emas.

Chunki, u Alloh taoloning borligi, har bir ishni kuzatib turishi, yaxshi ish uchun ajr bitib, ushbu ish sohibini ikki dunyoda aziz va mukarram qilishini, ikki tomonida uning savob va gunohlarini qayd etib boruvchi farishtalar mavjudligini his etib ish ko'radi. Bu borada nomaqbul ish tutishdan Rabbisininggina g'azabidan qo'rqadi. Aksincha, maqbul ish tutib, Rabbisininggina roziligiga erishish payida bo'ladi.

Zotan Alloh taolo Qur'oni karimda bu borada shunday marhamat qiladi:

 وَلَا تُفْسِدُوا فِي الْأَرْضِ بَعْدَ إِصْلَاحِهَا، 

Ya'ni, “Va (er kurrasi) isloh qilinganidan so'ng erda fasod (buzg'unchilik ishlarini) qilmang! …”.

“A'rof” surasi, 56-oyat.

Payg'ambarimiz alayhis salomning hadisi shariflarida jumladan shunday marhamatlar keltirilgan:

قال رسول الله صلي الله عليه و سلم: إماطة الأذى عن الطريق صدقة،

Ya'ni: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:

“Yo'ldan ozorli narsani olib tashlash sadaqadir (yaxshi amaldir), dedilar.

Imom Muslim va Abu Dovud rivoyatlari.

Ushbu misol ko'rsatmalarga muvofiq qo'lidagi xaltalarni maxsus joyga olib boradi. Eng muhimi, u bu ishini kamsitib emas, aksincha savob ish sifatida mamnuniyat ila bajaradi.

Tasavvur qilib ko'ring… Iymon bo'lmasachi…

Unda ish chatoq…

U holda mazkur kimsa qo'lidagi xaltalarni ko'tarib ko'chaga chiqar ekan dastavval u yoq, bu yoq tomonga qaraydi. Atrofda uni nomaqbul ishi yuzasidan tergovchilar bo'lmasa chiqindini to'g'ri kelgan qulay joyga uloqtiradi, “qutiladi”: qo'shnisining qarovsiz va kimsasiz hovlisiga, oqib turgan anhor suviga, yo'lning u yoki bu chetiga vahakazo…

Bordiyu, uni mahalla kattalari, ustozlar misol kimdir kuzatib turganini bilib qolsa mazkur xaltalarni o'z joyiga olib boradi. E'tiborlisi, u bu ishini ichi siqilib, ming bir orinishlar bilan ortiqcha ishdek bajaradi.

Soddaroq qilib bayon etsak, iymoni bor inson uchun maxsus murabbiy, posbon yoki qo'riqchining keragi yo'q. Chunki, u yuqorida ta'kidlaganimizdek, Alloh taoloning borligi, har bir ishni kuzatib turishi, yaxshi amal uchun ajr bitib, ushbu amal sohibini ikki dunyoda aziz va mukarram qilishini, ikki tomonida uning savob va gunohlarini qayd etib boruvchi farishtalar mavjudligini his etib ish ko'radi.

Zotan, unda iymon, deya atalmish bebaho tarbiyachi bor.

Agarda, insonning iymoni bo'lmasa bu misol har bir insonlar uchun har bir ishda maxsus murabbiy, posbon yoki qo'riqchi kerak bo'ladi.

Buning esa aslo imkoni yo'q…

Mana sizga iymonning mohiyati, uning inson hayoti va jamiyatda tutgan o'rni!

Islom dinida mujburlash, ya'ni iymonga majburiy kiritish mumkin emasligi, majburlangan kishining iymoni inobatga olinmasligi ham shu nuqtai nazardan. Chunki majburiy iymon keltirgan inson iymonini qalbi bilan tasdiqlamaydi. Shu sababli u xoli qolgan vaqtida xohlaganidek ish tutaveradi.

Iymonli inson hatto qalbida ham yamon ishlar borasida ahd qilmaydi. Chunki, u iymon keltirgan Alloh taolo oshkor va maxfiy ishlarni ham birdek biluvchi, eshituvchi, ko'ruvchi va idrok etuvchi zotdir.

Alloh taolo bandalarini o'zining barcha samoviy kitoblariga, payg'ambarlariga, oxirgi kunga (Qiyomat kuniga), taqdirga, o'limdan so'ng (Qiyomat kuni hisob uchun) qayta tiriltirishiga, hisob-kitobga, jannat va jahannamga iymon keltirishga amr etishining ham ahamiyati juda katta.

Ko'rinib turibdiki, iymon o'z sohibini tartib va intizomli, ezgu niyatli, xayrli amallar sohibi, beozor, xushmuomala, shijoatli, ziyoli va ilmu ma'rifatli bo'lishida mana shunday ko'mak beradi.

 

Namoz:

“Namoz” so'zi arab tilida “solat”, deb atalib, lug'atda “Duo, iltijo qilish”, ma'nolarini ifoda etadi.

Shar'iy istelohda esa “Alloh taologa yaqinlashish, ungagiga ibodat qilish maqsadida amalga oshiriladigan takbir bilan boshlanib, salom bilan yakunlanuvchi so'zlar, harakat va sakanotlar majmui”, demakdir.

Namoz badaniy, ya'ni jismoniy ibodat hisoblanadi.

U Payg'ambarimiz alayhis salom Makkadan Madinaga hijrat qilishlaridan biroz oldin sodir bo'lgan “Isro” va “Me'roj” kechasida farz qilingan.

Namoz islomning iymondan keyingi navbatdagi ikkinchi rukni hisoblanadi. U jannatning kaliti, deya ta'riflanadi. Uning kaliti esa tahoratdir.

Alloh taolo har bir balog'at yoshiga etgan, oqil insonga bir kecha kunduz davomida besh vaqt namozni ado etishni farz qilgan. Ular:

  1. Bomdod.
  2. Peshin.
  3. Asr.
  4. Shom.
  5. Hufton.

Ushbu namozlarning har biri uchun maxsus vaqt va shartlar mavjud.

 

Namozning mohiyati va uning inson hayotida tutgan o'rni:

Inson namoz asnosida o'zining buyuk Rabbisi bilan muloqot qiladi: unga iltijo aylaydi, marhamatini so'raydi, uni ulug'lash barobarida o'zining bandaligini e'tirof etadi.

Bandaning o'z Rabbisi bilan muloqoti ortib borar ekan u chuqur xotirjamlik topadi. Qalbiga vaxima soluvchi xatarlar bo'lmaydi. Borini ham osongina enga oladi.

Tasavvur qilib ko'ring. Har kuni besh vaqt Rabbisining muloqotida bo'lib, uni ulug'lagan, o'zining bandaligini e'tirof etgan inson tunu kun davomida qarshisidan biror bir nomaqbul amal chiqsa unga mubtalo bo'ladimi… Biror bir xayrli amal uning oldida paydo bo'lsa, uni tark eta oladimi… Yo'q, albatta!

Uning Rabbisi bilan bo'layotgan muloqoti, ya'ni namozlari samimiy va xolis ekan bu muloqotlar ham uni tunu kun davomida tarbiya qilib boradi.

Har bir bajarishi kerak bo'lgan (yoki mumkin bo'lmagan) amalni bajarishda (yoki tark etishda) Rabbisini ko'rib turgandek yoki Rabbisining o'zi uni ko'rib turgandek yo'l tutadi. Rabbisini unutib qo'ymaydi.

Ko'rinib turibdiki, namoz ham iymon kabi o'z sohibiga har dam Rabbisini eslatib turuvchi murabbiylik vazifasini o'taydi.

Bu borada Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

إِنَّ الصَّلَاةَ تَنْهَىٰ عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنكَرِ ۗ،

Ya'ni, “Albatta namoz (o'z sohibini) fahsh va munkardan qaytarur”.

“Ankabut” surasi, 45-oyat.

Bundan tashqari namoz o'z sohibining badaniy, ya'ni jismoniy quvvati va salomatligi uchun o'ta muhimdir.

Kun davomida besh vaqt namoz uchun tahorat olishi yoki lozim hollarda g'usl qilishi (yuvinishi), namozdagi tik turish, qo'l harakatlari, ruku, sajda, qa'da (o'tirish) holatlari, qadamlari bilan masjidga qatnashi, piyoda yurib borib-kelishi va bu amallarni har kuni ma'lum va munosib bir vaqtlar davomida muntazam va tartibli davom ettirib borishi, yana bir muhim jihat namoz asnosida fikri bir nuktada jamlash inson salomatligi uchun naqadar ahamiyatli ekanligi bugungi zamonaviy ilmiy fan asosida tasdiqlangan asl haqiqatdir.

Mana sizga namozning mohiyati, uning inson hayoti va jamiyatda tutgan o'rni!

 

Ro'za:

“Ro'za” so'zi arab tilida “sovm”, “siyam”, deb atalib, lug'atda “Bir narsadan o'zni tiymoq, saqlanmoq”, ma'nolarini ifoda etadi.

Shar'iy istelohda “Ramazon oyi kunlari davomida tong otgandan to quyosh botguncha niyat bilan ro'zani ochuvchi narsalardan o'zni tiymoq, saqlamoq”, demakdir.

Ro'za ham badaniy, ya'ni jismoniy ibodat hisoblanadi.

U hijratning ikkinchi sanasida farz qilingan.

 

Ro'zaning mohiyati va uning inson hayotida tutgan o'rni:

Ramazon oyi ro'zasini nafaqat ro'zador, balki butun bir jamiyat uchun foydalari juda ham ko'p. U bir jihatdan o'z sohibining taqvodorligini oshirsa, yana bir jihatdan uning salomatligini mustahkamlaydi. Bu haqiqatni bugungi ilmiy fan tadqiqotlari tasdiqlamoqda va ochlik tariqasida salomatlikni tiklashga targ'ib etmoqda. Zamonamiz shifokorlari shunday debdilar:

Bir yilda to'liq bir oy ro'za tutish yil davomida inson tana a'zolarida yig'ilgan keraksiz moddalarni tozalashga kafildir”.

Shuningdek, u inson tanasidagi ortiqcha namliklar bartaraf etib, yurakdagi yog'larni parchalaydi. Qon boisimini normallashtiradi. Oshqozon uchun yoqimli va lozim bo'lgan yilning navbatdagi ta'tilini e'lon qiladi.

Taqvoning eng yuksak ko'rinishi inson o'z nafsini jilovlab, uni aqli va iymoni taqozasiga monan boshqara olishi, badnafslikdan voz kechib, o'zi uchun ravo ko'rgan narsani boshqarlar uchun ham ravo ko'rishi, faqir va miskin misol muhtojlarning holini qalban anglab, ularga ko'mak qo'llarini cho'zishidir.

Inson aynan mazkur fazilatlarni ro'za holatidagina yorqinroq his eta oladi.

Alloh taolo insonlarni ro'za tutishga amr etar ekan, oyatning yakunida: “Shoyadki, taqvodor bo'lsalaringiz”, deya marhamat qilgan. Demak, haqiqiy ro'zadorlar albatta va shubhasiz taqvoga erishadi.

Bu borada Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِن قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ،

Ya'ni, “Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga (avvalgi ummatlarga ham) farz qilinganidek, sizlarga ham ro'za farz qilindi. Shoyadki taqvodor bo'lsalaringiz”.

“Baqara” surasi, 183-oyat.

Mana sizga ro'zaning mohiyati, uning inson hayoti va jamiyatda tutgan o'rni!

 

Zakot:

“Zakot” so'zi (arabcha) lug'atda “poklik”, “baraka” va “o'sish”, ma'nolarini bildiradi. Zotan, zakoti berilgan mol poklanadi, unga baraka ato etiladi va u ko'payib, o'sadi.

Zakot bermagan kishining moli esa uning ichida zakotga haqdorlarning moli ham aralashgan mol sifatida nopok bo'lib turadi, barakasi qochadi va kasodga uchraydi. Qachon zakotini bersagina poklanadi. Aksincha, yo'q.

Shar'iy istelohda “Maxsus moldan (ya'ni, nisobga etgan moldan) maxsus qismini (ya'ni, shariat tayin qilgan qismini) maxsus insonlar (ya'ni, haqdorlar) uchun Alloh taoloning roziligi yo'lida hech qanday manfaat evazisiz zakot niyatida mulk qilib berish”, demakdir.

Zakot moliyaviy ibodat hisoblanadi.

U hijratning ikkinchi sanasida ro'zadan keyin farz qilingan.

Bu borada Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

وَ أَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَ آتُوا الزَّكَاةَ ۚ وَ مَا تُقَدِّمُوا لِأَنفُسِكُم مِّنْ خَيْرٍ تَجِدُوهُ عِندَ اللَّهِ ۗ إِنَّ اللَّهَ بِمَا تَعْمَلُونَ بَصِيرَ،

Ya'ni, “Namozni qoim qiling, zakot bering, o'zingiz uchun qilgan yaxshiliklarni Allohning huzurida topasiz. Albatta, Alloh qilayotganlaringizni ko'ruvchidir”.

“Baqara” surasi, 110-oyat.

 

Zakotning mohiyati va uning inson hayotida tutgan o'rni:

Zakot insonning Alloh taologa bo'lgan muhabbatini nechog'lik yuksakligini bildiruvchi ibodatdir. Ushbu amal sohibi Alloh taoloning amriga muvofiq molidan faqir va muhtojlarning haqlarini berishi, natijada ularning oilasiga kengchilik va quvonch olib kirishi natijasida Alloh taoloning roziligiga erishadi. Havoi nafsini jilovlashni o'rganadi. Rabbisining roziligini havoi nafsi va quruq dunyo matosidan ustun, deb biladi.

Shuningdek, zakot jamiyat o'rtasida ijtimoy aloqalarni mustahkamlaydi. Insonni badnafslikdan asraydi. Natijada muhtoj va faqir kimsalar bilan badavlat kimsalar o'rtasida adovat, hasad, tuhmat, bosqinchilik, tajovuz, o'g'irlik misol salbiy munosabatlar avj olishining oldini oladi.

Mana sizga zakotning mohiyati, uning inson hayoti va jamiyatda tutgan o'rni!

Haj:

“Haj” so'zi (arabcha) lug'atda “Ulug'langan, muqaddas joyni niyat qilmoq, va o'sha tomon yo'nalmoq”, ma'nolarini anglatadi.

Shar'iy istilohda esa “Maxsus joyni, muayyan vaqtda maxsus amal bilan ziyorat qilish”, demakdir.

Maxsus joy”dan murod Ka'bai muazzama bilan Arafot tog'idir. “Muayyan vaqt”dan murod zulhijja oyining to'qqizinchi kuni Arafotda turish hamda nahr kunining tongidan boshlab tavof kunlari ichida Ka'bani tavof qilish nazarda tutilgan. “Maxsus amal”dan murod esa haj niyatida ehromga kirish va hajga oid boshqa ibodatlarni bajarish iroda qilingan.

Haj safariga borib kelish uchun eng zarur ehtiyojlaridan tashqari etarli mablag'ga ega, sog'lom va xotirjam odam hayoti davomida bir marotaba haj qilishi farzdir.

Haj ham badaniy, ya'ni jismoniy, ham moliyaviy ibodat hisoblanadi.

U hijratning to'qqizinchi sanasida zakotdan keyin farz qilingan.

Bu borada Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

وَلِلَّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلًا ۚ،

Ya'ni, “Insonlardan yo'lga qodir bo'lganlariga Alloh uchun Baytni (Ka'bani) tavof qilmoq burchdir. …”.

“Oli Imron” surasi, 97-oyat.

Payg'ambarimiz alayhis salomning hadisi shariflarida jumladan shunday marhamatlar keltirilgan:

عن أبي هريرة رضي الله عنه، عن النّبيِّ صلى الله عليه وسلم،أنه قال: الحج المبرور ليس له جزاء إلا الجنّة،

Ya'ni: Rasululloh alayhis salom:

“… Mabrur hajning mukofoti faqatgina jannatdir”, dedilar.

Imom Buxoriy va Muslimlar rivoyatlari.

Rasululloh alayhis salom ma'lum sabablarga o'ninchi sanada birinchi va so'ngi vidolashuv hajlarini ado etganlar. Unda payg'ambarimizning atroflarida yuz ming nafardan ortiq sahobalar ishtirok etgan. Ushbu son bugun qaysidir ma'noda o'z tuyilishi mumkin, biroq o'sha davr shart sharoiti hamda odamlar soni nuqtai nazardan juda ham katta va ulkan ko'rsatgich bo'lgan.

 

Hajning mohiyati va uning inson hayotida tutgan o'rni:

Yuqorida zikr qilib o'tilganidek, har bir ibodatning o'z hikmati bor. Masalan, iymon, namoz va ro'za o'z sohibini nomaqbul ishlardan qaytib, ezgu ishlarga odatlanishida, taqvosining yuksalishi, salomatligining mutahkamlanishida, zakot esa molni poklanashi, barakali bo'lishi va turli shikastlardan salomat bo'lishi hamda jamiyatda tenglik ahillikni barqarorlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Haj ibodatining ham hikmatlari juda ham ko'p. Jumladan, hajda Alloh taoloning roziligini qozonish uchun hamma narsadan ma'lum muddat bo'lsada voz kechib, hatto doimiy kiyib yurgan liboslaridan ham forig' bo'lib ibodatga kirishiladi. Allohning ibodatiga astoydil bel bog'lanadi. “Labbaykallohuma labbayk…”, deya Parvardigorga iltijo uchun yuzlaniladi.

Bularning barchasi nafsdan ustun kelishning, ruhiy tarbiya, Allloh taolo roziligi uchun dunyo tashvishlaridan biroz bo'lsa ham chetlanishning bir ko'rinishidir.

Nega desangiz, banda hajga faqat ibodat qilish uchun boradi. Odatda, uning qalbida moddiy foyda olish misol dunyoviy maqsadlar bo'lmaydi.

Ehromdagi inson nafsini tergashni o'rganadi. Shuningdek, beixtiyor qalbini ham yomonlikdan pok saqlashni odat qiladi.

Haj musulmonlarning birdamligi, bir tanu bir jon ekanining yorqin misolidir. Haj asnosida barcha musulmonlarning ibodatlari, niyatlari, hatto kiyimlari ham bir xil bo'ladi. Irqi, millati, ijtimoiy kelib chiqishidan qat'iy nazar hamma bir xil ko'rinishda bo'ladi. Ular yagona Alloh taologa yolvoradilar, duolar qiladilar, gunohlari uchun tinimsiz istig'for aytadilar.

Demak, haj arkonlarini risoladagidek bajargan odam taqvodorlar safidan joy oladi. Hatolari uchun istig'for aytadi. Marhamatli Alloh taoloning mag'firati ila gunohlardan to'liq forig' bo'ladi. Navbatdagi hayonitini ezgu va xayrli ishlarga sarflashga talpinib yashaydi.

Haj ibodati inson irodasini toblaydi. Unga mashaqqatlarni mardonavor engib o'tishni o'rgatadi. Ahli oilasi, vatani va yaqinlari bag'ridan uzoq joylarda yurib haj amallarini bajarishi bilan sabr-toqati ziyoda bo'ladi. Unda qiyinchiliklarni engish malakasi shakllanadi.

Mana sizga hajning mohiyati, uning inson hayoti va jamiyatda tutgan o'rni!

 

Eslatma!

Shuni unitmaslik kerakki, yuqoridagi amallarni faqatgina Alloh taoloning amrini bajarish, uning amrlariga itoat etish va shu orqali ajr, ya'ni savob olish maqsadida amalga oshirmoq kerak! Boshqa bir manfa'atlar (jumladan, quruq salomatligini asrash yoki tiklash, molining himoyasi, barakali va ziyoda bo'lishi kabilar) uchungina emas. Aks holda bu ibodatlar uchun ajr berilmaydi.

 

Hulosa:

Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, muqaddas islom dinimiz ezgulik, tinchlik, sadoqat, saxovat, muruvvat, beozor, marhamatli va ilmu ma'rifatga chorlovchi muqaddas va mukammal dindir. U har qanday zo'rovonlik, bosqinchilik, xasislik, vahshiyliklarni qat'iy qoralaydi.

 

Yakuniy xulosa:

Yana bir bor xulosa qilish mumkinki, islom dini uning nomidan o'z kirdikorlarini amalga oshirmoqchi bo'lganlarni keskin la'natlaydi.

Islom dini niqobi ostida qator vahshiyliklarni sodir etayotganlarning ishlari ham, o'zlari ham zalolatda ekanliklari shubhasizdir.

Ularning asl maqsadlari bitta. U ham bo'lsa – muqaddas islom dini nomi niqobi ortida yashirinib olib, qator muqaddas so'zlar va yolg'on rangli shiorlar sadosi ostida insonlarning ishonchini qozonish va tuzoqlariga munosib o'ljalarni tushirish. Shu tariqa dunyo bo'ylab fitna urug'larini sochib, nohaq qon to'kish yo'li bilan mo'may nopok daromad ko'rish, erlar, “qul” va “cho'ri”larga osongina ega chiqish.

Shuning barobarida Islom nomini qora qilib, uning mohiyatini tushunmagan insonlarni Islomdan bezdirish, nafratlantirish va qo'rqitishdir.

Zotan, ularda muqaddas Islom dinidan zarracha ham nishona yo'q.

Holbuki biz Siz bilan yuqorida Islom dinimiz va uning arkonlari hamda ularning mohiyati, inson va jamiyat hayotida tutgan o'rni haqida qaysidir ma'noda batafsil fikrlashib o'tdik.

 

 Zangiota tumani bosh imom-xatibi,
MAVLANOV Nurali Rayimovich

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

28.08.2026   157764   18 min.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

(2026 yil 28 avgust, Toshkent sh.)

 

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Hurmatli mehmonlar!

Bugun muqaddas Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ o‘ttiz besh yillik bayramini katta iftixor va tantana bilan nishonlayapmiz.

Aziz xalqimiz, jumladan, muhtaram nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, mo‘tabar ayollarimizni, yurtimizdagi barcha millat va elat vakillarini, xorijdagi vatandoshlarimizni ushbu ayyom bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.

Eng ulug‘ bayramimiz Yangi Toshkentda o‘tkazilayotgani tantana shukuhini yanada oshirmoqda.

Kelgusida ilm-fan, ta’lim va madaniyat markazi bo‘ladigan ushbu hududda kuni kecha Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, O‘zbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolarini ishga tushirdik.

Bugun sizlarning ishtirokingizda ochiladigan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgani ham bayram kayfiyatiga yanada baland ruh bag‘ishlaydi.

Bir necha yuz yillik orzular ro‘yobga chiqayotgan bu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz.

Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi!

 

Qadrli do‘stlar!

Biz 1991 yilda xalqimizning xohish-irodasi va qat’iyati bilan o‘z davlat mustaqilligimizni qo‘lga kiritdik. Aslida buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.

Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan.

Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat esa adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib o‘rin olgan.

Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi O‘zbekistonda to‘liq ro‘yobga chiqmoqda.

Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.

Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.

Ushbu hayajonli daqiqalarda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltiramiz.

Mana shu tarixiy sanada o‘tgan 35 yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha marhum yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va jasoratini yana bir bor e’tirof etishni joiz, deb bilamiz.

Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘ladi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik. “Inson qadri uchun!” degan g‘oyani davlat siyosatining markaziga olib chiqdik. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik.

Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik.

Katta siyosiy iroda ko‘rsatib, O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik. Xususan, chegara muammolari hal qilindi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Natijada “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimizni 80 pog‘ona yaxshilab, “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik.

Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan bo‘lsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda. Yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelmoqda.

Biz uch yil oldin 2030 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz.

E’tiborli jihati – biz bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy o‘zgarishlarni har bir inson, har bir oila o‘z hayotida chuqur his etyapti, desam, fikrimga qo‘shilasiz, albatta.

Yangi davrda zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan 650 mingdan ziyod oilaning quvonchini so‘z bilan ta’riflab bo‘ladimi?

Minglab mahallalarimizga Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib bormoqda.

Kambag‘allik masalasini ochiq tan olib, uni keskin qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’lim olishi va yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘ydik.

Izchil sa’y-harakatlarimiz tufayli bugungi kunda kambag‘allik darajasini 2017 yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. Ushbu raqamlar zamirida ro‘zg‘origa baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuyg‘ulari mujassam.

 

Muhtaram yurtdoshlar!

Dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashimiz uchun bizga bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, mustaqil fikriga ega bo‘lgan yangi avlod mutaxassislari kerak. Shu bois, ta’limga sifat va mazmun olib kiryapmiz. Muallimning obro‘-e’tiborini tiklab, daromadini oshirib boryapmiz.

O‘tgan o‘n yilda, aholimiz 8 millionga ko‘paygan sharoitda ham bog‘cha qamrovini 78 foizga yetkazdik. Maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim egallash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.

Yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rganishlari uchun munosib sharoitlar yaratdik.

Oliygohlarda o‘qish uchun qulay sharoitlarni kengaytirganimiz hisobiga hozirgi kunda talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Quvonarlisi, yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylandi.

Ayniqsa, talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning o‘ziga xos qiyofasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat deganidir.

Biz ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili, deb bilamiz.

Shu bilan birga, IT, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar rivojiga yangi ruh berib, juda katta harakatni boshlab yubordik. Bu orqali 10 million yoshlarimizni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kiramiz.

Istiqlol bayramimiz arafasida xitoylik hamkorlarimiz bilan “Samarqand – 2028” sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchirganimiz bizga alohida g‘urur bag‘ishlaydi.

Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.

O‘zbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim.

 

Aziz vatandoshlar!

Inson qadri haqida so‘z yuritganda, aholimizning sog‘lig‘i masalasiga alohida e’tibor qaratishimiz tabiiy. So‘nggi yillarda ushbu sohaga ajratilayotgan mablag‘ni 8 karradan ziyod oshirdik. Eng muhimi, sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati nafaqat markazda, balki hududlarda ham yaratildi.

O‘tgan davrda yurtimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etilgani, xususiy sektorga keng imkoniyat berilgani tufayli tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi. Yuqori malakali shifokorlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yib, ularga sharoit yaratganimiz

o‘z natijasini beryapti. Ilgari xorijda amalga oshirilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari bugun yurtimizda ham mukammal bajarilmoqda.

Umuman, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991 yildagi 66,4 yoshdan 2025 yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.

 

Qadrli do‘stlar!

Jonajon Vatanimiz azaldan ulug‘ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti bo‘lib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-ma’rifiy dargohlarni barpo etdik.

Bu muhtasham va tabarruk maskanlar bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Bizning eng katta boyligimiz – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlaridir. Intiluvchan va tirishqoq o‘g‘il-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar ochish uchun har yili 20-25 trillion so‘m ajratilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi biznes vakillarining 35 foizini yosh tadbirkorlar tashkil etyapti.

Tokio va Parij Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlarida, dunyo maydonlarida yosh sportchilarimiz erishgan tarixiy yutuqlar xalqimizga cheksiz iftixor bag‘ishladi.

Futbolchilarimiz ilk bor jahon chempionatida ishtirok etib, o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Ular boshlagan yo‘l albatta davomli va zafarli bo‘ladi, deb ishonamiz.

Yaqin kunlarda Samarqandda katta sport anjumani – Jahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi. Noyabr oyida esa mashhur grossmeysterimiz Javohir Sindorov jahon shaxmat toji uchun kurashga kirishadi.

Ushbu musobaqalarda shaxmatchi o‘g‘il-qizlarimga ulkan zafarlar tilayman!

Xalqaro fan olimpiadalarida, tanlov va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallayotgan yoshlarimizni – Yangi O‘zbekiston yulduzlari, kelajak bunyodkorlari, deb bilaman!

Oldinga qarab intilishdan va doimiy izlanishdan hech qachon to‘xtamang, aziz farzandlarim!

 

Muhtaram yurtdoshlar!

Bugun biz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik – biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi.

Buni faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali o‘zimiz bunyod etamiz. Shu maqsadda kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz.

Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.

Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovini qisqa muddatda 100 foizga olib chiqamiz. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.

Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.

Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etamiz. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkazamiz. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.

Biz kelgusi yillarda kamida 10 ta universitetimizni TOP mingtalikka kiritishni katta marra sifatida belgilaymiz.

Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazamiz.

Biz tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tamiz. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi.

Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasini olib kelamiz.

Yurtimizni zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy ta’lim taraqqiy etgan maskanga aylantiramiz.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.

Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilamiz. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.

Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.

Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.

 

Aziz do‘stlar!

Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.

Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.

Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqamiz. Bu – umummilliy marraga aylanadi.

Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir. Shuning uchun mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazamiz.

 

Qadrli yurtdoshlar!

Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.

Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.

Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.

“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.

Aziz vatandoshlar!

Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.

Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.

Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.

Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda.

Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir.

Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.

Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishildi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari ochildi.

Mamlakatimiz bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi.

O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘pqirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz. Iqtisodiy diplomatiya tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Mamlakatimiz 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi. Dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari suramiz.

Yon qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlariga, AQSH, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarimizga samarali hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildiraman.

 

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Bir fikrni ishonch bilan aytmoqchiman.

Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz.

O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q.

Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q.

Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!

Ishonchim komil, matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.

Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!

Bizga mustaqillik ne’matini bergan Parvardigorimizga cheksiz shukronalar bo‘lsin!

Istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori bo‘lgan xalqimizga shon-sharaflar bo‘lsin!

Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bilan yana bir bor tabriklayman.

Yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon bo‘lsin!

Yashasin O‘zbekiston Respublikasi!

Yashasin O‘zbekiston xalqi!

O'zbekiston yangiliklari