Islom va boshqa samoviy dinlar:
Alloh taolo insoniyat olamiga hidoyat yo'lini bayon etish, haq bilan botilni farqlatish maqsadida har bir davrda o'sha davr ahli uchun o'z payg'ambarlarini yuborib turgan.
Payg'ambarlar Alloh taoloning elchisi bo'lib, ular ham o'z ummatlari kabi oddiy inson bo'lganlar.
Ular o'z ummatlarini risolatlari asosida yaxshilik va yomonlikning mohiyati, yaxshilikning mukofotlari-yu, yomonlikning oqibatlari, Alloh taoloni rozi qiluvchi va Uning g'azabini keltiruvchi ishlar bilan tanishtirib, hidoyatga chorlaganlar.
Shuningdek, har bir payg'ambar o'z davrida o'sha davr qavmi holati uchun xos va munosib bo'lgan, ularning toqati bardosh bera oladigan darajadagi ko'rsatmalar bilan yuborilgan.
Bu borada Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:
لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا وُسْعَهَا ۚ،
Ya'ni, “Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmas. …”.
“Baqara” surasi, 286-oyat.
Hamma narsani daqiq-daqiqlarigacha biluvchi Alloh taolo har bir jon nimaga yaraydiyu, nimaga yaramaydi yaxshi biladi. Bandalariga mehribonligidan, imkoni va haqqi bo'lsa ham, hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaydi.
Yer yuziga Alloh taoloning hidoyatini olib kelgan ilk payg'ambar butun bashariyat otasi – Odam alayhis salom bo'lganlar.
Umuman olganda hadisi shariflarda jami bir yuz yigirma to'rt ming nafar payg'ambar yuborilgani haqida ma'lumotlar mavjud. Musulmon inson barcha payg'ambarni (ularning har bir nomma-nom bilmasa ham) payg'ambar, deb e'tirof etmog'i lozim hisoblanadi.
O'z davrlarida Muso alayhis salom (u kishining ismlari Qur'oni karimda jami bir yuz o'ttiz olti marotaba sarohatan zikr qilingan) Bani Isroil qavmi uchun payg'ambar bo'lib yuborilgan bo'lsalar, u kishiga tushirilgan kitob Tavrot bo'lgan.
Iso alayhis salom esa (u kishining ismlari Qur'oni karimda “Iso”, “Al Masih” va “Ibn Maryam”, deya jami ellik besh marotaba sarohatan zikr qilingan) Nasorolar uchun payg'ambar bo'lib yuborilgan bo'lsalar, u kishiga tushirilgan kitob Injil bo'lgan.
Eng so'nggi payg'ambar – payg'ambarimiz Muhammad alayhis salom boshqa payg'ambarlardan farqli tarzda ma'lum bir qavmga xos emas, balki o'z davrlaridan to dunyo oxiriga qadar keluvchi barcha insoniyat olami uchun payg'ambar bo'lib yuborilganlar. U kishiga tushirilgan muqaddas kitob Qur'oni karimdir.
Qur'oni karim to Qiyomat kuni qadar o'zgarmaydigan, o'zgartirish va zo'e bo'lishdan himoyalanishi Alloh taolo tomonidan kafolatlangan muqaddas kitob hisoblanadi.
Bu borada Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:
إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا الذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُ لَحَافِظُونَ،
Ya'ni, “Albatta, zikr (Qur'on)ni Biz nozil qildik va albatta uni Biz muhofaza qilurmiz”.
“Hijr” surasi, 9-oyat.
Islom va boshqa samoviy dinlar o'rtasidagi farq:
Islom va undan oldingi barcha samoviy dinlar Alloh taoloning mavjudligi va yagona ilohligiga iymon keltirish, ya'ni ishonish, faqat ungagina ibodat qilib, uning ibodatida unga hek kim va hech narsani shirk keltirmaslik sari chorlagan.
Aynan ushbu iymon masalasida ilk Odam alayhis salomdan to so'nggi payg'ambar – payg'ambarimiz Muhammad alayhis salomga qadar yuborilgan barcha payg'ambarlarning da'vati, ya'ni chorlovi bir bo'lgan.
Alloh taolo butun insoniyat olami uchun ixtiyor etgan din aslida islom, deb ataladi.
Bu borada Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:
إِنَّ الدِّيْنَ عِنْدَ اللهِ الْإِسْلَامُ،
Ya'ni, “Albatta, din Allohning nazdida islom (dini)dir”.
“Oli Imron” surasi, 19-oyat.
Demak, barcha payg'ambarlarning dini ham aslida islom, deya atalar ekan. Ular o'z ummatlarini yuqorida qayd etilganidek, Alloh taoloning mavjudligi va yagona ilohligiga iymon keltirish, ya'ni ishonish, faqat ungagina ibodat qilib, uning ibodatida unga hek kim va hech narsani shirk keltirmaslik sari chorlagan. Ya'ni, asosiy chorlovlari bitta bo'lgan.
Ular o'rtasidagi farq birgina ibodatlarda, ya'ni iymonlari taqozasiga ko'ra bajariladigan amallar turi va kayfiyati, ijtimomiy, iqtisodiy aloqa va munosabatlar, amalga oshirilishi joiz yoki joiz bo'lmagan ishlar, iste'moli mumkin yoki mumkin bo'lmagan narsalarda bo'lgan xalos.
Ya'ni, yuqorida ta'kidlab o'tilganidek, har bir payg'ambar o'z qavmiga ularning toqati darajasidagi vazifalar bilan kelgan.
Namoz, zakot, ro'za va haj, shuningdek, ularni ado etish bilan bog'liq ma'lum jihatlar hamda Qur'oni karim va hadisi shariflarda bayoni kelgan barcha bayonotlar biz, ya'ni Muhammad alayhis salom ummatlariga vazifa qilingan ibodatlar hisoblanadi.
To'g'ri, avvalgi ummatlarning ayrimlariga namoz, ro'za misol ibodatlar ham joriy etilgan. Biroq, ularning mazkur ibodatlarni ado etish vaqti va kayfiyati bilan biz so'nggi ummatga farz qilingan mazkur ibodatlarni ado etish kayfiyati borasida ma'lum farqli jihatlar mavjud bo'lgan.
Islom dini bilan boshqa samoviy dinlar o'rtasidagi farq aynan mazkur jihatda xalos.
Islom so'zining lug'aviy ma'nosi:
“Islom” so'zi (arabcha) lug'atda “O'zidanda qudrat, ulug'lik va hikmat borasida quvvatliroq bo'lgan tomonga taslim bo'lish, itoat qilish va bo'ysinish”, ma'nolarini ifoda etadi.
Islom so'zining shar'iy ma'nosi:
“Islom” so'zi shar'iy istelohda “Alloh taoloni yagona iloh, deb bilgan holda unga itoat qilish, u buyurgan ibodatlarni ado etish, borliq bilan chiroyli munosabat va muomalada bo'lish va go'zal xulqlar bilan sifatlanish”, demakdir.
Bu misol ishlar sohibi musulmon yoki mo'min, deb ataladi.
Islom (yoki musulmon) va iymon (yoki mo'min) so'zlarining farqi:
Ulamolarimiz islom bilan iymon so'zlari orasidagi farq borasida uzundan-uzoq munosabatlar bildirganlar. Hatto, bu mavzuda alohida kitob yozganlari ham bo'lgan.
Lekin, gapning xulosasi shulki, islom (yoki musulmon) bilan iymon (yoki mo'min) so'zlari tushunchalari umumiy tarzda bir-biriga qovushib ketgan va biri ikkinchisini ifoda etaveradigan tushunchalardir. Ushbu so'zlar o'rtasida faqatgina lug'aviy jihatda farq mavjud.
Ammo, ikkisini alohida olib qaraydigan bo'lsak, iymon – ishonish, e'tiqod misol nazariy masalalarga, islom esa – bo'ysunish misol amaliy masalalarga xosdir.
Unga ko'ra islom asoslari – shahodatni ifoda etish (ya'ni, tilda aytish), namoz, zakot, ro'za va haj ibodatlarini bajarishdan iborat bo'lsa, iymonning asoslari – Allohga, uning farishtalariga, samoviy kitoblariga, payg'ambarlariga, oxirgi kunga (Qiyomat kuniga), taqdirga, o'limdan so'ng (Qiyomat kuni hisob uchun) qayta tirilishga qalb bilan ishonish va tasdiqlashdan iboratdir.
Islom dini kengqamrovli mukammal dindir:
Islom dini inson hayotiga oid barcha masasalar bayonoti va ularning echimini o'zida mujassam etgan kengqamrovli mukammal din hisoblanadi.
U nafaqat ibodat, balki iqtisodiy, ijtimoiy, axloqiy, ota-ona, er-xotin, qo'shnichilik haq-huquqlari misol barcha masasalalarni ilohiy ko'rsatmalar asosida adolatli tarzda bayon etib bergan.
Islom ilm va ma'rifat dinidir:
Islom dini ilmlari asosan beshta mavzuga bo'linadi. Ular:
Yuqoridagi mazkur beshta mavzularda qator jildlab kitoblar yozilgan va hamon yozilmoqda. Shuningdek, ular o'rganilgan va o'rganilmoqda.
Hulosa qilish mumkinki, islom dini nafaqat insoniyat, balki butun bir borliq saodatiga oid ilmlarni Qur'oni karim va hadisi shariflar asosida mukammal va mufassal tarzda bayon etib bergan. Yana shuni ham ta'kidlash joizki, islom dini ilmlari faqatgina iymon, namoz, ro'za, zakot va haj hamda ularga daxldor masalalarga oid ilmlar mujmuasi emas. Shuningdek, ushbu din faqatgina ushbu ibodatlarga oid ilmlarni o'rganishga chorlovchi din ham emas.
Qur'oni karim oyatlarida “tafakkur qilish”, “tadabbur aylash”, “aqlni ishga solish”, “anglab ko'rish” kabi fikr va aqlga doir buyruqlarni takror va takror keltirilishi bugungi kun tili bilan aytganda – zamonaviy ilmlarni nechog'lik ahamiyatli ekanligini uqtirsa, ajab emas.
Bu misol ilohiy buyruq va ko'rsatmalardan Abu Ali ibn Sino, Ahmad Farg'oniy, Mirzo Ulug'bek kabi ulug' ajdodlarimiz aniq xulosalar chiqara olganlar va buning isbotini o'z ijodlari namunalarida ifoda etib ketganlar.
Ko'rinib turibdiki, islom dini faqat va faqat ilmga targ'ib etuvchi, ma'rifatga chorlovchi muqaddas ilm dinidir.
Zero, insoniyat, qo'yingki, butun bir borliq saodati yo'lida xizmat qiluvchi iml va ma'rifat borki, ularning barchasi ilmdir.
Qator oyati karimalar va hadisi shariflarda ilm o'rganish lozimligiga doir ko'rstamalar keltirilgan.
Bu borada Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:
قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ ۗ إِنَّمَا يَتَذَكَّرُ أُولُو الْأَلْبَابِ،
Ya'ni, “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo'larmidi?!”, deb aytgin. Albatta, aql egalarigina eslarlar”.
“Zumar” surasi, 9-oyat.
Bu inkoriy savol, ya'ni bu ikki toifa hargiz teng bo'lmaslar. Ilm ahlining darajasi har doim yuksak bo'lgan va bo'ladi. Ulargina dunyoda rislik qilgan va bu rayosatlari yana davom etaveradi.
Payg'ambarimiz alayhis salomning hadisi shariflarida jumladan shunday marhamatlar keltirilgan:
عن أبي الدرداء رضي الله عنه قال سمعت رسول الله صلي الله عليه و سلم يقول: من سلك طريقا يلتمس فيه علما سهل الله له طريقا إلى الجنة، و إن الملائكة لتضع أجنحتها رضا لطالب العلم، و إن طالب العلم يستغفر له من في السماء و الأرض حتى الحيتان في الماء، و إن فضل العالم على العابد كفضل القمر على سائر الكواكب، و إن العلماء هم ورثة الأنبياء، و إن الأنبياء لم يورثوا دينارا و لا درهما، إنما ورثوا العلم، فمن أخذه أخذ بحظ وافر،
Ya'ni: Abu Dardo roziyallohu anhu:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Kim ilm talab qilish yo'liga yursa, Alloh unga jannat yo'lini oson qilib qo'yadi. Albatta, farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini yozadi. Albatta, olimga osmondagi zotlar, erdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istig'for aytadi. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga o'xshaydi. Albatta, olimlar payg'ambarlarning merosxo'rlaridir. Payg'ambarlar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Albatta, ular ilmni meros qoldirganlar. Kim o'shani olsa, ulug' nasibani olibdi”, deganlarini eshitdim”, dedilar.
Imom Buxoriy rivoyati.
Nozik nukta:
Musulmon inson shuni yaxshi bilmog'i darkorki, inson o'z Rabbisiga iymon keltirsa, shuning barobarida solih amallarni bajarsa Rabbisining ulug'lik darajasini oshirgan bo'lib qolmaydi.
Bordiyu, Rabbisiga iymon keltirmasa, shuning barobarida isyonchilardan bo'lsa Rabbisining ulug'ligiga putur ham etkaza olmaydi.
Zotan, Alloh taoloning ulug'ligi cheksizdir. Uni hech bir kuch zavol toptira olmas. Benihoyatdirki, uni kimdir yanada yuksaltira olsa…
Aksincha, har ikki holat ham o'z sohibi uchundir. Ya'ni, iymon keltirib, solih amallar ahlidan bo'lish o'z sohibiga ikki dunyo saodati uchun sabab bo'lsa, iymon keltirmaslik va isyonchilar ahlidan bo'lish o'z sohibiga ikki dunyo xorligi uchun zamin yaratadi.
Bu borada Alloh taolo hadisi qudsiyda shunday marhamat qiladi:
عن أبي ذر رضي الله عنه عن النبي صلى الله عليه وسلم فيما روى عن الله تبارك وتعالى أنه قال: يا عبادي! إنكم لن تبلغوا ضري فتضروني، و لن تبلغوا نفعي فتنفعوني، يا عبادي! لو أن أولكم و آخركم و إنسكم و جنكم كانوا على أتقى قلب رجل واحد منكم ما زاد ذلك في ملكي شيئًا، يا عبادي! لو أن أولكم و آخركم و إنسكم و جنكم كانوا على أفجر قلب رجل واحد ما نقص ذلك من ملكي شيئًا، يا عبادي! لو أن أولكم و آخركم و إنسكم و جنكم قاموا في صعيد واحد فسألوني فأعطيت كل إنسان مسألته ما نقص ذلك مما عندي إلا كما ينقص المخيط إذا أدخل البحر، يا عبادي! إنما هي أعمالكم أحصيها لكم، ثم أوفيكم إياها، فمن وجد خيرًا فليحمد الله، و من وجد غير ذلك فلا يلومن إلا نفسه،
Ya'ni: Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh alayhis salom aziz va jalil Parvardigordan naql qilgan hadislarida Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Ey bandalarim! Menga zarar etkaza oladigan darajaga etolmaysizki, zarar etkazsangiz. Menga foyda keltira oladigan mavqega erisholmaysizki, foydangiz tegsa.
Ey bandalarim! Sizlardan avvalgilar va keyingilar, insonlar va jinlar orangizdagi eng taqvodor odamdek bo'lsangiz ham, mulkim ko'payib qolmaydi.
Ey bandalarim! Sizlardan avvalgilar va keyingilar, insonlar va jinlar orangizdagi eng fojir odamdek bo'lsangiz ham, mulkim kamayib qolmaydi.
Ey bandalarim! Sizlardan avvalgilar va keyingilar, insonlar va jinlar hammangiz bir maydonga to'planib, mendan biror narsa so'rasangiz ham, har biringizning so'raganini beraman. Bu bilan xuddi igna dengizga botirib olinganda uning suvi qanchalik kamaysa, mulkimdan ham o'shancha kamayadi (ya'ni, hech narsa kamayib qolmaydi).
Ey bandalarim! Amallaringizga kelsak, ularni sizlar uchun hisoblab qo'yaman. So'ng ularning evazini (mukofoti yoki jazosini) to'liq qilib beraman.
Shunday ekan, kim yaxshilikka uchrasa, Alloh taologa hamd aytsin. Kim undan boshqa narsaga yo'liqsa, o'zidan boshqani ayblamasin!”.
Imom Muslim va Termiziylar rivoyati.
Quyida islom arkonlari hamda ularning asl mohiyati va inson hayotida tutgan o'rni haqida so'z yuritamiz.
Islom dinining arkonlari:
Islom dinining beshta arkoni (asoslari) mavjud. Ya'ni, banda Alloh taologa ibodat qilishi uchun mazkur beshta amallar joriy qilingan. Insonning islomi ushbular bilan shakllanadi, ya'ni mukammal bo'ladi.
Ular:
Bu borada Payg'ambarimiz alayhis salomning hadisi shariflarida jumladan shunday marhamatlar keltirilgan:
عن عبد الله بن عمر بن الخطاب رضي الله عنهما قال: سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول: بني الإسلام على خمس: شهادة أن لا إله إلا الله، و أن محمدا رسول الله، و إقام الصلاة ، و إيتاء الزكاة، و حج البيت، و صوم رمضان،
Ya'ni: Abdulloh ibn Umar ibn Hattob roziyallohu anhumo:
“Islom besh narsaga bino qilingan: “Laa ilaha illallohu, Muhammadur rosululloh”, deb shahodat keltirish, namozni to'kis ado etish, zakot berish, haj qilish va ramazon ro'zasini tutish”, deganlarini eshitdim” dedilar.
Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy va Nasoiy rivoyatlari.
Iymon:
“Iymon” so'zi (arabcha) lug'atda “Ma'lum bir haqiqatni qalb taskin topgan va shubhadan xoli holda tasdiqlamaq”, ma'nolarini ifoda etadi.
Shar'iy istelohda esa “Shubhasiz, Allohdan o'zga iloh yo'qligiga va Muhammad uning rasuli ekanligiga guvohlik beraman” kalimalarini til bilan ifoda etib, qalb bilan tasdiqlash!”, demakdir. O'z navbatida ushbu shahodat sohibi Alloh taolo va uning rasuli Muhammad alayhis salom aytgan har bir xabarni ham ularga iymon keltirganidek tasdiqlamog'i darkordir.
Batafsilroq bayon etganda, inson Allohga, uning farishtalariga, samoviy kitoblariga, payg'ambarlariga, oxirgi kunga (Qiyomat kuniga), taqdirga, o'limdan so'ng (Qiyomat kuni hisob uchun) qayta tirilishga qalbi bilan ishonmog'i va ushbu ishonchini tili bilan ifoda etib, tasdiqlamog'i kerakdir.
Iymon islomning birinchi ruknidir. Iymonsiz islomning qolgan amallari qabul bo'lmaydi.
Iymon e'tiqodiy amal hisoblanadi.
Iymonning mohiyati va uning inson hayotida tutgan o'rni:
Tasavvur qilib ko'ring. Bir kishi hovli, tomorqa va ko'chasini supirib, sidirdi. O'z navbatida yig'ilgan chiqindilarni maxsus elim xaltalarga soldi va ularni orqalab uyining tashqarisiga olib chiqa boshladi.
Tabiiyki, u mazkur xaltalarini qo'shnisining qarovsiz va kimsasiz hovlisiga yoki oqib turgan anhor suvi yoxud yo'lning chetiga uloqtiradigan bo'lsa ko'rganlar uni koyishadi yo uning haqida salbiy munosabatlar bildirishadi. Bordiyu, ularni maxsus joyga olib borib joylasa barcha unga iliq so'zlar aytadi.
Mana shu holatda mazkur inson iymonli bo'lsa, atrofida uni tanqid qiluvchi yoki unga maqtov aytuvchilarning bor-yo'qligi ahamiyatga molik emas.
Chunki, u Alloh taoloning borligi, har bir ishni kuzatib turishi, yaxshi ish uchun ajr bitib, ushbu ish sohibini ikki dunyoda aziz va mukarram qilishini, ikki tomonida uning savob va gunohlarini qayd etib boruvchi farishtalar mavjudligini his etib ish ko'radi. Bu borada nomaqbul ish tutishdan Rabbisininggina g'azabidan qo'rqadi. Aksincha, maqbul ish tutib, Rabbisininggina roziligiga erishish payida bo'ladi.
Zotan Alloh taolo Qur'oni karimda bu borada shunday marhamat qiladi:
وَلَا تُفْسِدُوا فِي الْأَرْضِ بَعْدَ إِصْلَاحِهَا،
Ya'ni, “Va (er kurrasi) isloh qilinganidan so'ng erda fasod (buzg'unchilik ishlarini) qilmang! …”.
“A'rof” surasi, 56-oyat.
Payg'ambarimiz alayhis salomning hadisi shariflarida jumladan shunday marhamatlar keltirilgan:
قال رسول الله صلي الله عليه و سلم: إماطة الأذى عن الطريق صدقة،
Ya'ni: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
“Yo'ldan ozorli narsani olib tashlash sadaqadir (yaxshi amaldir)”, dedilar.
Imom Muslim va Abu Dovud rivoyatlari.
Ushbu misol ko'rsatmalarga muvofiq qo'lidagi xaltalarni maxsus joyga olib boradi. Eng muhimi, u bu ishini kamsitib emas, aksincha savob ish sifatida mamnuniyat ila bajaradi.
Tasavvur qilib ko'ring… Iymon bo'lmasachi…
Unda ish chatoq…
U holda mazkur kimsa qo'lidagi xaltalarni ko'tarib ko'chaga chiqar ekan dastavval u yoq, bu yoq tomonga qaraydi. Atrofda uni nomaqbul ishi yuzasidan tergovchilar bo'lmasa chiqindini to'g'ri kelgan qulay joyga uloqtiradi, “qutiladi”: qo'shnisining qarovsiz va kimsasiz hovlisiga, oqib turgan anhor suviga, yo'lning u yoki bu chetiga vahakazo…
Bordiyu, uni mahalla kattalari, ustozlar misol kimdir kuzatib turganini bilib qolsa mazkur xaltalarni o'z joyiga olib boradi. E'tiborlisi, u bu ishini ichi siqilib, ming bir orinishlar bilan ortiqcha ishdek bajaradi.
Soddaroq qilib bayon etsak, iymoni bor inson uchun maxsus murabbiy, posbon yoki qo'riqchining keragi yo'q. Chunki, u yuqorida ta'kidlaganimizdek, Alloh taoloning borligi, har bir ishni kuzatib turishi, yaxshi amal uchun ajr bitib, ushbu amal sohibini ikki dunyoda aziz va mukarram qilishini, ikki tomonida uning savob va gunohlarini qayd etib boruvchi farishtalar mavjudligini his etib ish ko'radi.
Zotan, unda iymon, deya atalmish bebaho tarbiyachi bor.
Agarda, insonning iymoni bo'lmasa bu misol har bir insonlar uchun har bir ishda maxsus murabbiy, posbon yoki qo'riqchi kerak bo'ladi.
Buning esa aslo imkoni yo'q…
Mana sizga iymonning mohiyati, uning inson hayoti va jamiyatda tutgan o'rni!
Islom dinida mujburlash, ya'ni iymonga majburiy kiritish mumkin emasligi, majburlangan kishining iymoni inobatga olinmasligi ham shu nuqtai nazardan. Chunki majburiy iymon keltirgan inson iymonini qalbi bilan tasdiqlamaydi. Shu sababli u xoli qolgan vaqtida xohlaganidek ish tutaveradi.
Iymonli inson hatto qalbida ham yamon ishlar borasida ahd qilmaydi. Chunki, u iymon keltirgan Alloh taolo oshkor va maxfiy ishlarni ham birdek biluvchi, eshituvchi, ko'ruvchi va idrok etuvchi zotdir.
Alloh taolo bandalarini o'zining barcha samoviy kitoblariga, payg'ambarlariga, oxirgi kunga (Qiyomat kuniga), taqdirga, o'limdan so'ng (Qiyomat kuni hisob uchun) qayta tiriltirishiga, hisob-kitobga, jannat va jahannamga iymon keltirishga amr etishining ham ahamiyati juda katta.
Ko'rinib turibdiki, iymon o'z sohibini tartib va intizomli, ezgu niyatli, xayrli amallar sohibi, beozor, xushmuomala, shijoatli, ziyoli va ilmu ma'rifatli bo'lishida mana shunday ko'mak beradi.
Namoz:
“Namoz” so'zi arab tilida “solat”, deb atalib, lug'atda “Duo, iltijo qilish”, ma'nolarini ifoda etadi.
Shar'iy istelohda esa “Alloh taologa yaqinlashish, ungagiga ibodat qilish maqsadida amalga oshiriladigan takbir bilan boshlanib, salom bilan yakunlanuvchi so'zlar, harakat va sakanotlar majmui”, demakdir.
Namoz badaniy, ya'ni jismoniy ibodat hisoblanadi.
U Payg'ambarimiz alayhis salom Makkadan Madinaga hijrat qilishlaridan biroz oldin sodir bo'lgan “Isro” va “Me'roj” kechasida farz qilingan.
Namoz islomning iymondan keyingi navbatdagi ikkinchi rukni hisoblanadi. U jannatning kaliti, deya ta'riflanadi. Uning kaliti esa tahoratdir.
Alloh taolo har bir balog'at yoshiga etgan, oqil insonga bir kecha kunduz davomida besh vaqt namozni ado etishni farz qilgan. Ular:
Ushbu namozlarning har biri uchun maxsus vaqt va shartlar mavjud.
Namozning mohiyati va uning inson hayotida tutgan o'rni:
Inson namoz asnosida o'zining buyuk Rabbisi bilan muloqot qiladi: unga iltijo aylaydi, marhamatini so'raydi, uni ulug'lash barobarida o'zining bandaligini e'tirof etadi.
Bandaning o'z Rabbisi bilan muloqoti ortib borar ekan u chuqur xotirjamlik topadi. Qalbiga vaxima soluvchi xatarlar bo'lmaydi. Borini ham osongina enga oladi.
Tasavvur qilib ko'ring. Har kuni besh vaqt Rabbisining muloqotida bo'lib, uni ulug'lagan, o'zining bandaligini e'tirof etgan inson tunu kun davomida qarshisidan biror bir nomaqbul amal chiqsa unga mubtalo bo'ladimi… Biror bir xayrli amal uning oldida paydo bo'lsa, uni tark eta oladimi… Yo'q, albatta!
Uning Rabbisi bilan bo'layotgan muloqoti, ya'ni namozlari samimiy va xolis ekan bu muloqotlar ham uni tunu kun davomida tarbiya qilib boradi.
Har bir bajarishi kerak bo'lgan (yoki mumkin bo'lmagan) amalni bajarishda (yoki tark etishda) Rabbisini ko'rib turgandek yoki Rabbisining o'zi uni ko'rib turgandek yo'l tutadi. Rabbisini unutib qo'ymaydi.
Ko'rinib turibdiki, namoz ham iymon kabi o'z sohibiga har dam Rabbisini eslatib turuvchi murabbiylik vazifasini o'taydi.
Bu borada Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:
إِنَّ الصَّلَاةَ تَنْهَىٰ عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنكَرِ ۗ،
Ya'ni, “Albatta namoz (o'z sohibini) fahsh va munkardan qaytarur”.
“Ankabut” surasi, 45-oyat.
Bundan tashqari namoz o'z sohibining badaniy, ya'ni jismoniy quvvati va salomatligi uchun o'ta muhimdir.
Kun davomida besh vaqt namoz uchun tahorat olishi yoki lozim hollarda g'usl qilishi (yuvinishi), namozdagi tik turish, qo'l harakatlari, ruku, sajda, qa'da (o'tirish) holatlari, qadamlari bilan masjidga qatnashi, piyoda yurib borib-kelishi va bu amallarni har kuni ma'lum va munosib bir vaqtlar davomida muntazam va tartibli davom ettirib borishi, yana bir muhim jihat namoz asnosida fikri bir nuktada jamlash inson salomatligi uchun naqadar ahamiyatli ekanligi bugungi zamonaviy ilmiy fan asosida tasdiqlangan asl haqiqatdir.
Mana sizga namozning mohiyati, uning inson hayoti va jamiyatda tutgan o'rni!
Ro'za:
“Ro'za” so'zi arab tilida “sovm”, “siyam”, deb atalib, lug'atda “Bir narsadan o'zni tiymoq, saqlanmoq”, ma'nolarini ifoda etadi.
Shar'iy istelohda “Ramazon oyi kunlari davomida tong otgandan to quyosh botguncha niyat bilan ro'zani ochuvchi narsalardan o'zni tiymoq, saqlamoq”, demakdir.
Ro'za ham badaniy, ya'ni jismoniy ibodat hisoblanadi.
U hijratning ikkinchi sanasida farz qilingan.
Ro'zaning mohiyati va uning inson hayotida tutgan o'rni:
Ramazon oyi ro'zasini nafaqat ro'zador, balki butun bir jamiyat uchun foydalari juda ham ko'p. U bir jihatdan o'z sohibining taqvodorligini oshirsa, yana bir jihatdan uning salomatligini mustahkamlaydi. Bu haqiqatni bugungi ilmiy fan tadqiqotlari tasdiqlamoqda va ochlik tariqasida salomatlikni tiklashga targ'ib etmoqda. Zamonamiz shifokorlari shunday debdilar:
“Bir yilda to'liq bir oy ro'za tutish yil davomida inson tana a'zolarida yig'ilgan keraksiz moddalarni tozalashga kafildir”.
Shuningdek, u inson tanasidagi ortiqcha namliklar bartaraf etib, yurakdagi yog'larni parchalaydi. Qon boisimini normallashtiradi. Oshqozon uchun yoqimli va lozim bo'lgan yilning navbatdagi ta'tilini e'lon qiladi.
Taqvoning eng yuksak ko'rinishi inson o'z nafsini jilovlab, uni aqli va iymoni taqozasiga monan boshqara olishi, badnafslikdan voz kechib, o'zi uchun ravo ko'rgan narsani boshqarlar uchun ham ravo ko'rishi, faqir va miskin misol muhtojlarning holini qalban anglab, ularga ko'mak qo'llarini cho'zishidir.
Inson aynan mazkur fazilatlarni ro'za holatidagina yorqinroq his eta oladi.
Alloh taolo insonlarni ro'za tutishga amr etar ekan, oyatning yakunida: “Shoyadki, taqvodor bo'lsalaringiz”, deya marhamat qilgan. Demak, haqiqiy ro'zadorlar albatta va shubhasiz taqvoga erishadi.
Bu borada Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِن قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ،
Ya'ni, “Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga (avvalgi ummatlarga ham) farz qilinganidek, sizlarga ham ro'za farz qilindi. Shoyadki taqvodor bo'lsalaringiz”.
“Baqara” surasi, 183-oyat.
Mana sizga ro'zaning mohiyati, uning inson hayoti va jamiyatda tutgan o'rni!
Zakot:
“Zakot” so'zi (arabcha) lug'atda “poklik”, “baraka” va “o'sish”, ma'nolarini bildiradi. Zotan, zakoti berilgan mol poklanadi, unga baraka ato etiladi va u ko'payib, o'sadi.
Zakot bermagan kishining moli esa uning ichida zakotga haqdorlarning moli ham aralashgan mol sifatida nopok bo'lib turadi, barakasi qochadi va kasodga uchraydi. Qachon zakotini bersagina poklanadi. Aksincha, yo'q.
Shar'iy istelohda “Maxsus moldan (ya'ni, nisobga etgan moldan) maxsus qismini (ya'ni, shariat tayin qilgan qismini) maxsus insonlar (ya'ni, haqdorlar) uchun Alloh taoloning roziligi yo'lida hech qanday manfaat evazisiz zakot niyatida mulk qilib berish”, demakdir.
Zakot moliyaviy ibodat hisoblanadi.
U hijratning ikkinchi sanasida ro'zadan keyin farz qilingan.
Bu borada Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:
وَ أَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَ آتُوا الزَّكَاةَ ۚ وَ مَا تُقَدِّمُوا لِأَنفُسِكُم مِّنْ خَيْرٍ تَجِدُوهُ عِندَ اللَّهِ ۗ إِنَّ اللَّهَ بِمَا تَعْمَلُونَ بَصِيرَ،
Ya'ni, “Namozni qoim qiling, zakot bering, o'zingiz uchun qilgan yaxshiliklarni Allohning huzurida topasiz. Albatta, Alloh qilayotganlaringizni ko'ruvchidir”.
“Baqara” surasi, 110-oyat.
Zakotning mohiyati va uning inson hayotida tutgan o'rni:
Zakot insonning Alloh taologa bo'lgan muhabbatini nechog'lik yuksakligini bildiruvchi ibodatdir. Ushbu amal sohibi Alloh taoloning amriga muvofiq molidan faqir va muhtojlarning haqlarini berishi, natijada ularning oilasiga kengchilik va quvonch olib kirishi natijasida Alloh taoloning roziligiga erishadi. Havoi nafsini jilovlashni o'rganadi. Rabbisining roziligini havoi nafsi va quruq dunyo matosidan ustun, deb biladi.
Shuningdek, zakot jamiyat o'rtasida ijtimoy aloqalarni mustahkamlaydi. Insonni badnafslikdan asraydi. Natijada muhtoj va faqir kimsalar bilan badavlat kimsalar o'rtasida adovat, hasad, tuhmat, bosqinchilik, tajovuz, o'g'irlik misol salbiy munosabatlar avj olishining oldini oladi.
Mana sizga zakotning mohiyati, uning inson hayoti va jamiyatda tutgan o'rni!
Haj:
“Haj” so'zi (arabcha) lug'atda “Ulug'langan, muqaddas joyni niyat qilmoq, va o'sha tomon yo'nalmoq”, ma'nolarini anglatadi.
Shar'iy istilohda esa “Maxsus joyni, muayyan vaqtda maxsus amal bilan ziyorat qilish”, demakdir.
“Maxsus joy”dan murod Ka'bai muazzama bilan Arafot tog'idir. “Muayyan vaqt”dan murod zulhijja oyining to'qqizinchi kuni Arafotda turish hamda nahr kunining tongidan boshlab tavof kunlari ichida Ka'bani tavof qilish nazarda tutilgan. “Maxsus amal”dan murod esa haj niyatida ehromga kirish va hajga oid boshqa ibodatlarni bajarish iroda qilingan.
Haj safariga borib kelish uchun eng zarur ehtiyojlaridan tashqari etarli mablag'ga ega, sog'lom va xotirjam odam hayoti davomida bir marotaba haj qilishi farzdir.
Haj ham badaniy, ya'ni jismoniy, ham moliyaviy ibodat hisoblanadi.
U hijratning to'qqizinchi sanasida zakotdan keyin farz qilingan.
Bu borada Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:
وَلِلَّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلًا ۚ،
Ya'ni, “Insonlardan yo'lga qodir bo'lganlariga Alloh uchun Baytni (Ka'bani) tavof qilmoq burchdir. …”.
“Oli Imron” surasi, 97-oyat.
Payg'ambarimiz alayhis salomning hadisi shariflarida jumladan shunday marhamatlar keltirilgan:
عن أبي هريرة رضي الله عنه، عن النّبيِّ صلى الله عليه وسلم،أنه قال: الحج المبرور ليس له جزاء إلا الجنّة،
Ya'ni: Rasululloh alayhis salom:
“… Mabrur hajning mukofoti faqatgina jannatdir”, dedilar.
Imom Buxoriy va Muslimlar rivoyatlari.
Rasululloh alayhis salom ma'lum sabablarga o'ninchi sanada birinchi va so'ngi vidolashuv hajlarini ado etganlar. Unda payg'ambarimizning atroflarida yuz ming nafardan ortiq sahobalar ishtirok etgan. Ushbu son bugun qaysidir ma'noda o'z tuyilishi mumkin, biroq o'sha davr shart sharoiti hamda odamlar soni nuqtai nazardan juda ham katta va ulkan ko'rsatgich bo'lgan.
Hajning mohiyati va uning inson hayotida tutgan o'rni:
Yuqorida zikr qilib o'tilganidek, har bir ibodatning o'z hikmati bor. Masalan, iymon, namoz va ro'za o'z sohibini nomaqbul ishlardan qaytib, ezgu ishlarga odatlanishida, taqvosining yuksalishi, salomatligining mutahkamlanishida, zakot esa molni poklanashi, barakali bo'lishi va turli shikastlardan salomat bo'lishi hamda jamiyatda tenglik ahillikni barqarorlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Haj ibodatining ham hikmatlari juda ham ko'p. Jumladan, hajda Alloh taoloning roziligini qozonish uchun hamma narsadan ma'lum muddat bo'lsada voz kechib, hatto doimiy kiyib yurgan liboslaridan ham forig' bo'lib ibodatga kirishiladi. Allohning ibodatiga astoydil bel bog'lanadi. “Labbaykallohuma labbayk…”, deya Parvardigorga iltijo uchun yuzlaniladi.
Bularning barchasi nafsdan ustun kelishning, ruhiy tarbiya, Allloh taolo roziligi uchun dunyo tashvishlaridan biroz bo'lsa ham chetlanishning bir ko'rinishidir.
Nega desangiz, banda hajga faqat ibodat qilish uchun boradi. Odatda, uning qalbida moddiy foyda olish misol dunyoviy maqsadlar bo'lmaydi.
Ehromdagi inson nafsini tergashni o'rganadi. Shuningdek, beixtiyor qalbini ham yomonlikdan pok saqlashni odat qiladi.
Haj musulmonlarning birdamligi, bir tanu bir jon ekanining yorqin misolidir. Haj asnosida barcha musulmonlarning ibodatlari, niyatlari, hatto kiyimlari ham bir xil bo'ladi. Irqi, millati, ijtimoiy kelib chiqishidan qat'iy nazar hamma bir xil ko'rinishda bo'ladi. Ular yagona Alloh taologa yolvoradilar, duolar qiladilar, gunohlari uchun tinimsiz istig'for aytadilar.
Demak, haj arkonlarini risoladagidek bajargan odam taqvodorlar safidan joy oladi. Hatolari uchun istig'for aytadi. Marhamatli Alloh taoloning mag'firati ila gunohlardan to'liq forig' bo'ladi. Navbatdagi hayonitini ezgu va xayrli ishlarga sarflashga talpinib yashaydi.
Haj ibodati inson irodasini toblaydi. Unga mashaqqatlarni mardonavor engib o'tishni o'rgatadi. Ahli oilasi, vatani va yaqinlari bag'ridan uzoq joylarda yurib haj amallarini bajarishi bilan sabr-toqati ziyoda bo'ladi. Unda qiyinchiliklarni engish malakasi shakllanadi.
Mana sizga hajning mohiyati, uning inson hayoti va jamiyatda tutgan o'rni!
Eslatma!
Shuni unitmaslik kerakki, yuqoridagi amallarni faqatgina Alloh taoloning amrini bajarish, uning amrlariga itoat etish va shu orqali ajr, ya'ni savob olish maqsadida amalga oshirmoq kerak! Boshqa bir manfa'atlar (jumladan, quruq salomatligini asrash yoki tiklash, molining himoyasi, barakali va ziyoda bo'lishi kabilar) uchungina emas. Aks holda bu ibodatlar uchun ajr berilmaydi.
Hulosa:
Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, muqaddas islom dinimiz ezgulik, tinchlik, sadoqat, saxovat, muruvvat, beozor, marhamatli va ilmu ma'rifatga chorlovchi muqaddas va mukammal dindir. U har qanday zo'rovonlik, bosqinchilik, xasislik, vahshiyliklarni qat'iy qoralaydi.
Yakuniy xulosa:
Yana bir bor xulosa qilish mumkinki, islom dini uning nomidan o'z kirdikorlarini amalga oshirmoqchi bo'lganlarni keskin la'natlaydi.
Islom dini niqobi ostida qator vahshiyliklarni sodir etayotganlarning ishlari ham, o'zlari ham zalolatda ekanliklari shubhasizdir.
Ularning asl maqsadlari bitta. U ham bo'lsa – muqaddas islom dini nomi niqobi ortida yashirinib olib, qator muqaddas so'zlar va yolg'on rangli shiorlar sadosi ostida insonlarning ishonchini qozonish va tuzoqlariga munosib o'ljalarni tushirish. Shu tariqa dunyo bo'ylab fitna urug'larini sochib, nohaq qon to'kish yo'li bilan mo'may nopok daromad ko'rish, erlar, “qul” va “cho'ri”larga osongina ega chiqish.
Shuning barobarida Islom nomini qora qilib, uning mohiyatini tushunmagan insonlarni Islomdan bezdirish, nafratlantirish va qo'rqitishdir.
Zotan, ularda muqaddas Islom dinidan zarracha ham nishona yo'q.
Holbuki biz Siz bilan yuqorida Islom dinimiz va uning arkonlari hamda ularning mohiyati, inson va jamiyat hayotida tutgan o'rni haqida qaysidir ma'noda batafsil fikrlashib o'tdik.
Zangiota tumani bosh imom-xatibi,
MAVLANOV Nurali Rayimovich
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
“Botil da’volarga asosli raddiyalar” kitobi asosida tayyorlandi.