Namozxon nigohini sajda qilinadigan joyga qaratadi, qo'llar kindikdan pastga, o'ng qo'lning bosh va chinachoq (jimjiloq) barmoqlari chap qo'lning bo'g'inini ushlaydi. Qolgan o'rtadagi uchala barmoq erkin qo'yiladi.
Voil ibn Hujr roziyallohu anhu aytadilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni namozda o'ng qo'llarini chap qo'llari ustiga kindik ostiga qo'yganlarini ko'rdim” (Imom Ibn Abu Shayba rivoyati).
Yana bir rivoyatda bunday keladi: Abu Voil roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Abu Hurayra roziyallohu anhu aytdilar: “Namozda kaftning ustiga kaftni qo'yib, kindik ostida ushlanadi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Alloma Zafar Ahmad Usmoniy mana shu rivoyatni keltirib, bunday deganlar: “Muhammad ibn Sirin Abu Hurayra roziyallohu anhudan hadis rivoyat qilganlarida, u zotdan “Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdanmi?” deb so'rashgan. Shunda Ibn Sirin rahmatullohi alayh: “Abu Hurayra roziyallohu anhuning har bir hadisi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdandir”, deb javob berganlar.
Demak, bundan Abu Hurayra roziyallohu anhuning har bir hadisi marfu' (Rasulullohdan kelgan) ekanligi kelib chiqadi. Shunday qilib, namozda qo'llarni kindik ostiga qo'yish sunnat ekanligi sobit bo'lgan”.
Abu Juhayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Ali roziyallohu anhu aytdilar: “Namozda qo'lni qo'lning ustiga qo'yib, kindik ostiga tushirish – sunnatdir” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Bu hadis Imom Ahmadning «Musnad»ida ham keltirilgan. Hofiz ibn Hajar o'zining «Tajridu zavoidi musnad al-Bazzor» asarida: “Agar hadis «Musnadi Ahmad»da kelsa, boshqa Musnadlarga hojat yo'q”, degan. Shunday qilib, ushbu hadis hasan darajasidan tushmaydi (“E'lous sunan” kitobi).
Namozda qo'lni kindik ostiga qo'yish haqida “Muxtasaru-l-Viqoya” kitobida bunday deyilgan: “(Namoz o'quvchi) o'ng qo'lini chap qo'lining ustiga qilib, kindik ostiga qo'yadi”.
Namozda qo'lni kindik ostida tutishning ba'zi afzalliklari haqida “Muzmarot” kitobidan bunday deyilgan: “Qo'lni kindik ostida tutish – kamtarlikka yaqinroqdir, xushu' va avrat a'zolarini yopilishiga olib boruvchiroqdir, izorni tushib ketishdan saqlaguvchiroqdir”.
Demak, namozda qo'lni qayerda tutish holati haqidagi hadislarni muvofiqlashtirish kerak bo'ladi. Uni esa faqat ijtihod qilishga qodir ulamolarimiz aniqlab beradilar.
Hanafiy mazhabimiz mujtahidlari yuqoridagi hadislarga asoslanib, erkaklar qo'llarini kindik ostida tutadilar deyishgan. Qolaversa ushbu holat erkaklarda ta'zim va xushu'ga yaqinroqdir.
“Sunnatga muvofiq namoz o'qing” kitobidan olindi.
Bugun, 2 sentyabr kuni Buxoro shahridagi Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish, oldinda turgan ustuvor vazifalarni belgilash hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga bag‘ishlangan kengaytirilgan mudarrislar kengashi bo‘lib o‘tdi.
An’anaga ko‘ra, tadbir Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. Tinchlik-osoyishtalik, ilm dargohi faoliyati rivoji hamda talabalarning ilm yo‘lidagi sa’y-harakatlariga muvaffaqiyat va baraka tilab xayrli duolar qilindi.
Shundan so‘ng ta’lim muassasasi direktori Jaloliddin domla Saburov, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Narzillo domla Ahmedov hamda ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Asadulloh domla Najmiddinovlar kun tartibidagi asosiy masalalar yuzasidan ma’ruza qildilar.
Kengash davomida yangi o‘quv yilida amalga oshiriladigan tashkiliy va o‘quv-uslubiy ishlar atroflicha muhokama qilindi. Jumladan:
Ta’lim sifatini oshirish: Dars mashg‘ulotlarini yuqori ilmiy saviyada, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va interfaol usullar asosida tashkil etish;
Ma’naviy-ma’rifiy tarbiya: Talaba-yoshlarni asriy milliy va diniy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida kamol toptirish, ularda kitobxonlik va ilmga bo‘lgan rag‘batni yanada kuchaytirish;
Ijro intizomi va mas’uliyat: Ustoz-mudarrislarning yillik rejalari, yangi o‘quv dasturlari talablari va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash.
Yig‘ilish yakunida yangi o‘quv yilida mas’uliyat va fidoyilik bilan mehnat qilish lozimligi qayd etilib, ustoz-murabbiylarning mashaqqatli va sharafli faoliyatiga ulkan zafarlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati