Nazar solsangiz, dunyo yaralishida aksar zalvarli yaratilmish mavjudotlar ettilik borasida so'z ketadi. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi ham aynan etti yo'nalishdan iborat etib belgilangani bejiz emas.
Yetti ustuvor vazifani amalga oshirishga ulug' niyatlar bilan qadam qo'yilmoqda. Albatta, bu o'ziga yarasha katta xayriyat va barakotni tilak-istak qilib, hujjatlarga jo etilganidir. Muhtaram Prezidentimizning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag'ishlangan Oliy Majlis palatalari qo'shma majlisidagi nutqida Taraqqiyot strategiyasining ettita eng ustuvor yo'nalishlari haqida qisqacha to'xtalib o'tgan edi.
Mazkur ustuvor vazifalarning beshinchisida «Muqaddas islom dinimizning insonparvarlik g'oyalarini targ'ib etish, «Jaholatga qarshi – ma'rifat» tamoyili asosida unib-o'sib kelayotgan yoshlarimizni sog'lom e'tiqod ruhida tarbiyalashga alohida ahamiyat beramiz. Sizlarga ma'lumki, O'zbekiston – ulkan imkoniyat va boyliklarga ega mamlakat. Lekin bizning eng katta boyligimiz – turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari o'rtasidagi tinchlik va barqarorlik, o'zaro hurmat va hamjihatlikdir, desam, o'ylaymanki, barchangiz bu fikrga qo'shilasiz».
Haqiqatda, o'tgan qisqa davr ichida jamiyatimizning bosh mezoni ma'naviyat hamda muqaddas dinimizning insonparvarlik g'oyalarini targ'ib etish, «jaholatga qarshi – ma'rifat» tamoyili asosida beqiyos o'zgarishlar bo'ldiki, bu o'zgarish barcha jabhalarda, jumladan, dinimiz sohasida ham imkoniyatlarning tojiga aylandi. E'tibor qilsangiz, Davlatimiz rahbarining tegishli qarorlari bilan islom dini rivoji yo'lida beqiyos xizmat qilgan buyuk muhaddis bobolarimizning diniy va ilmiy-ma'naviy merosini o'rganish va targ'ib etish maqsadida Samarqandda – Imom Buxoriy, Surxondaryoda – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Toshkentda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda.
Toshkent shahrida barpo etilayotgan O'zbekistondagi islom tsivilizatsiyasi markazi xalqimizning boy diniy-ma'naviy merosini chuqur o'rganish va dunyoga targ'ib etish, yosh avlodimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos o'rin tutadigan ilm-ma'rifat markaziga aylanadi. Tashkil etilgan xalqaro markazlar oldiga sakkiz banddan o'n bir bandgacha bo'lgan muhim vazifalar belgilab berildi. Bu bilan markazlar ma'naviy-ma'rifiy ishlarni kuchaytirishga, hozirgi va kelgusi rivojlanishimiz uchun xizmat qilishga mustahkam poydevor bo'la oladi.
Birgina Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatiga to'xtaladigan bo'lsak, markaz oz fursatda Misr, Turkiya, Malayziya, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Germaniyadagi xalqaro islom markazlari bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatib, birgalikda yirik ilmiy loyihalarni yo'lga qo'ymoqda. Uch yil davomida Markaz tomonidan buyuk allomalarimizning 30 ga yaqin asari tarjima qilindi. Yaqinda Markaz olimlari tomonidan Imom Moturidiyning dunyoga mashhur «Ta'vilot al-Qur'on» kitobi ilk marta o'zbek tiliga o'girildi. Hech mubolag'asiz, ayni noyob asar Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 1100 yildan so'ng xalqimizga o'z ona tilida qaytarib berildi.
O'zining bebaho asarlari bilan islom dini rivojiga ulkan hissa qo'shgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Burhoniddin Marg'inoniy kabi allomalarimiz asarlarini o'rganish, tadqiq etish, o'zbek tilida ularning tarjima va sharhlarini, tanqidiy matnlarini tayyorlash – oson ish emas va hammaning ham qo'lidan kelmaydi. Buning uchun qancha bilim va tajriba, qancha sabr-toqat kerak. Eng muhimi, Alloh bergan iste'dod, nozik did va farosat darkor.
Bir so'z bilan aytganda ushbu markazlar xalqimizga islom dinining asl ta'limotlarini etkazishga xizmat qilmoqda. Yoshlarimizning yot oqimlar ta'siriga tushishining oldini olish, ularni ilm-fanga rag'batlantirish, yuksak axloqiy qadriyatlar asosida tarbiyalashda «Jaholatga qarshi ma'rifat» ezgu g'oyasi asosida faoliyat yurituvchi ushbu muassasalar o'ta muhim ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiydek ulug' ajdodlarimiz asos solgan hadis maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, ular qoldirgan boy ilmiy merosni o'rganish maqsadida Samarqandda Hadis ilmi maktabi ochildi. Eng zamonaviy jihozlar, pedagogik texnologiyalar bilan ta'minlangan ushbu ta'lim muassasasiga dunyoning mashhur Al-Azhar universitetidan professor-o'qituvchilar jalb etildi.
Buxoro viloyatidagi mashhur diniy ta'lim muassasasining musulmon dunyosidagi o'rni va nufuzi, diniy xodimlar tayyorlashdagi ahamiyatini e'tiborga olib, Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi. Qayd etish joizki, Mir Arab madrasasi o'z faoliyati davrida nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham diniy va dunyoviy bilimlarni puxta o'zlashtirgan kadrlarni etishtirib chiqargan. Bugun Rossiya, Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston kabi davlatlardagi nufuzli ulamolar aynan Mir Arab madrasasining bitiruvchilari hisoblanadi.
Qolaversa, Yurtboshimiz 2017 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etib, xalqaro maydonda islom diniga nisbatan kuzatilayotgan bir yoqlama salbiy munosabatga nisbatan o'zining qat'iy pozitsiyasini muxtasar ifoda qilib, jumladan, shunday degandi: «Biz muqaddas dinimizni zo'ravonlik va qon to'kish bilan bir qatorga qo'yadiganlarni qat'iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da'vat etadi».
Birlashgan Millatlar Tashkilotida O'zbekiston rahbari jahon hamjamiyatiga O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazini tashkil etish loyihasi haqida ham so'zladi. Islom tsivilizatsiyasi markazi o'z g'oyasi va ahamiyatiga ko'ra betakror loyiha bo'lib, islom dinining ilmiy-ma'naviy boyligi, bunyodkorlik salohiyatini namoyish etishga qaratilgan.
O'tgan yillar davomida Prezidentimiz Islom tsivilizatsiyasi markazi binosining qurilish maydoniga bir necha bor tashrif buyurib, uning ahamiyati, xalqimiz, xususan, yoshlarimizni ezgu umuminsoniy g'oyalar ruhida tarbiyalashdagi o'rni to'g'risida muhim taklif va tashabbuslarni bildirdi.
Shuningdek, O'zbekiston rahbari tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi yalpi majlisida «Ma'rifat va diniy bag'rikenglik to'g'risida»gi maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Rezolyutsiya Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a'zo 100 dan oshiq davlatlar tomonidan qo'llab-quvvatlandi. Ushbu rezolyutsiya bag'rikenglik va o'zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta'minlash, e'tiqod qiluvchilarning huquqlarini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo'l qo'ymaslik bo'yicha sa'y-harakatlarni qo'llab-quvvatlaydi.
Shu ma'noda, mamlakatimizdagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan dunyoning etakchi islomshunoslik markazlari bilan hamkorlikda buyuk allomalarimizning ilmiy merosiga bag'ishlangan xalqaro konferentsiyalar o'tkazilmoqda. Hususan, 2020 yilning 3-4 mart kunlari Samarqand shahrida «Imom Moturidiy va moturidiya ta'limoti: o'tmish va bugun» mavzusidagi xalqaro konferentsiya yuqori saviyada tashkil etildi. Konferentsiyada dunyoning 15 mamlakatidan 55 nafar taniqli ulamolar, muftiylar, moturidiyshunos ekspertlar, 100 nafar mahalliy olim va tadqiqotchilar qatnashdi. Jumladan, Misr Bosh imomi, Al-Azhar majmuasi shayxi Ahmad Tayyib boshchiligidagi 19 nafar misrlik martabali diniy arboblarning ishtiroki konferentsiyaning xalqaro maqomini yanada oshirdi. Ahmad Tayyib o'sha konferentsiyaning yuqori saviyada tashkil qilingani, yuksak darajada e'tibor ko'rsatilgani hamda «Samarqand shahrining faxriy fuqarosi» maqomiga munosib ko'rilgani uchun O'zbekiston Prezidentiga chuqur minnatdorligini aytgandi.
Shukurki, so'nggi 5 yilda mamlakatimizda diniy-ma'rifiy yo'nalishdagi izchil islohotlar ko'lami va ahamiyati jihatidan g'oyat muhim hisoblanib, O'zbekistonning musulmon dunyosida islom tsivilizatsiyasi markazi sifatida e'tirof etilishiga sabab bo'lmoqda.
Abdulhay Tursunov,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyatidagi vakili,
viloyat bosh imomi
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.
Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.
Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.
Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati